

Londonning "Arsenal" jamoasi markaziy himoyachilari Vilyam Saliba va Gabriel Angliya Premer-ligasidagi "quruq" o'yinlar soni bo'yicha ikkinchi o'ringa chiqdi. APLning 22-turi doirasida "Nottingem Forest" bilan o'tkazilgan uchrashuvda (0:0) himoyachilar juftligi darvozasini daxlsiz saqlagan 47-o'yinini qayd etdi.
Shu tariqa, Saliba va Gabriel bu ko'rsatkich bo'yicha "Chelsi"ning sobiq himoyachilari Jon Terri va Rikardo Karvalyu juftligini (46 ta) ortda qoldirdi. Birinchi o'rinda hamon "Manchester Yunayted"ning sobiq himoyachilari Rio Ferdinand va Nemanya Vidich juftligi turibdi, ular birgalikda 70 ta o'yinda darvozalarini daxlsiz saqlagan.
Endi Saliba va Gabriel "qizil iblislar"ning sobiq himoyachilari erishgan natijani takrorlash uchun birgalikda yana 23 ta "quruq" o'yin o'tkazishlari lozim.



