Ryudiger "Real" murabbiylari haqida: "Anchelotti - jentlmen, biz uchun otadek edi. Alonso juda talabchan, ammo..."

Aslanov Jasurbek
18 noya 2026, 21:24
"Real" himoyachisi Antonio Ryudiger klubning sobiq murabbiylari Karlo Anchelotti, Xabi Alonso va Alvaro Arbeloa haqida fikr bildirdi.

"Karlo - futboldagi haqiqiy jentlmen, u barchamiz uchun xuddi otadek edi. Biz uni juda hurmat qilardik va u bilan birgalikda katta muvaffaqiyatlarga erishdik.

Xabi Alonso iste'foga chiqarilgan kuni unga eng yaxshi tilaklar bitilgan xabar yubordim, o'shandan beri gaplashmadik. U futbolga nisbatan aniq qarashga ega yosh murabbiy, juda talabchan - va bu yaxshi. Axir noyabrgacha biz shunchaki uchardik, aql bovar qilmas o'yin ko'rsatayotgandik! Afsuski, muhim bahslarda ehtimol o'zimiz munosib bo'lgan natijalarga erisha olmadik.

Uning nimalarga qodirligini barcha Germaniyada 'Bayer'dagi faoliyati orqali ko'rdi - ular o'yinini tomosha qilish eng maroqli bo'lgan jamoa edi. Hozir u ajoyib loyihaga ega zo'r klub - 'Chelsi'da ishlamoqda va unga eng yaxshi tilaklarimni bildiraman.

Arbeloa murakkab vaziyatga tushib qolgandi, lekin biz aprelgacha kurashishda davom etdik. “Malorka” va “Bavariya”dan uchralgan mag'lubiyatlar og'ir zarba bo'ldi - mavsum biz uchun amalda yakunlangandi. Ammo mart oyida “Atletiko” va “Manchester Siti”ga qarshi o'ynaganimizda xira bo'lsa-da umid uchquni paydo bo'lgandi.

Arbeloa bilan ajoyib munosabatlar o'rnatgandim. O'tgan yil jarohatlar tufayli men uchun og'ir kechdi, biroq u menga ishondi. Yuzma-yuz gaplashib oldik va men fevralgacha tayyor bo'lishga vada berdim - shu sababli ham u menga tayandi. U menga o'sha paytda juda zarur bo'lgan ishonchni bag'ishladi.

Keyinchalik u “Fulxem”ga o'tgani ajoyib bo'ldi. Boshlanishi oson kechmadi, ammo bu Premer-liga - ayniqsa, “Real”dan o'tgandan so'ng bunday holat kutilishi tabiiy. Hozir jamoa ochkolar jamg'armoqda, ishlar yurishib ketdi, chunki 'Fulxem' ancha sifatli futbol namoyish eta boshladi. Unga omad tilayman - umid qilamanki, tez orada turnir jadvalida yuqoriroqqa ko'tarila oladi", - dedi Ryudiger.

O'xshash yangiliklar

Aslanov JasurbekMuallif
Manba: The Athletic