Ilyos Zeytullaev: “Keyingi mavsum muxlislarga yanada yaxshi g'alabalar taqdim etishga harakat qilamiz”

admin
9 noya 2026, 17:31
Proliganing so'nggi 26-turidan o'rin olgan “Paxtakor farm” – “Kattaqo'rg'on” (0:2) uchrashuvidan so'ng mehmonlar ustozi Ilyos Zeytullaev matbuot anjumanida jurnalistlar savollariga javob berdi.

- Ilyos aka, uchrashuv haqidagi fikrlaringiz... 

- O'yin haqida nima ham derdim, vazifani bajardik. Psixologik jihatdan nozik bo'lgan o'yinda g'alaba qozondik. Boshqa natijalar ham bizning foydamizga hal bo'lishiga umid qilgandik, biroq bunday bo'lmadi. Yigitlar o'z ishini bajarishdi. Hozir yakun yasab, rahbariyatga “Kattaqo'rg'on”dek klubda ishlash imkoniyatini taqdim etgani uchun minnatdorchilik bildiraman. Bunday yaxshi chempionatni o'tkazish oson emas, rahbariyatga, shuningdek, yaxshi mavsum o'tkazgan yigitlarga va atrofda mehnat qilgan barchaga katta rahmat. Ayniqsa, uyda ham, safarda ham qo'llab-quvvatlab kelgan “Kattaqo'rg'on” muxlislariga alohida minnatdorchilik bildiraman, chunki rosti, hayratda qoldim.

- Ilyos Zeytullaevga Superliga jamoalaridan qiziqishlar bo'layotgani aytilmoqda. Zeytullaev keyingi mavsumda ham jamoada qoladimi yoki…

 - Nasib qilsa, qolamiz. Faqat rahbariyatning o'zi buni xohlasa, albatta. Men bu erga klubga yordam berish, biron-bir mazmunli poydevor qurish uchun kelgandim. To'g'ri, mendan ham avval jamoada juda yaxshi ishlar qilingandi. Shartnomamiz 2027-yil oxirigacha mo'ljallangan. Hozir natijalarni tahlil qilib, yigitlar va rahbariyat bilan keyingi yo'nalishni muhokama qilamiz. Futbol juda nozik soha, shuning uchun barchasini o'ylab, keyingi mavsumda muxlislarga yanada yaxshi g'alabalar tuhfa etishga harakat qilamiz.

- Ildar Mamatkazin, Davron Hoshimov kabi tajribali o'yinchilarning jismoniy holati qanday? Ularning jamoada yana bir yil qolish imkoni bormi? 

- Ular ajoyib mavsum o'tkazishdi. Ham Ildar, ham sardor Davron... Ularning jamoa birligidagi xizmati katta, bu ularning ulkan mehnati. Keyingi mavsum masalasiga kelsak, buni albatta rahbariyat va murabbiylar shtabi bilan o'tirib, shartnomalar yakuniga etgach muhokama qilamiz va bir qarorga kelamiz.

O'xshash yangiliklar


adminMuallif
Manba: Championat.asia