"Neftchi" sobiq ustozining mundial xotiralari: Gusev sharhlaridan tortib, Chilavert va Taffarel seyvlarigacha

Iskandarov Abdulaziz
13 iyun 2026, 13:58
O'zbekistonlik muxlislar qatori qo'shnilarimiz ham terma jamoamizga befarq emas.

2022-2025 yillarda "Neftchi"da Vitaliy Levchenkoga ko'maklashgan, bugungi kunda Dushanbening "Istiqlol" jamoasida faoliyatini davom ettirayotgan darvozabonlar murabbiyi Farruh Berdiev Jahon chempionati oldidan fikrlarini bildirdi.

Ilk bor ko'rilgan va muhrlanib qolgan turnir - Fransiya-1998

- Mening xotiramda birinchi bo'lib muhrlanib qolgan musobaqa - 1998-yilda Fransiyada o'tgan Jahon chempionatidir. O'shanda biz hali yosh bola edik. O'sha paytlari har bir o'yinni to'liq tomosha qilishga imkon topa olmasdik, chunki turnir jami 64 ta o'yindan iborat edi. Biroq televizorda har bir uchrashuv tafsilotlarini ko'rsatib boruvchi mashhur "Parij vaqti" ko'rsatuvi bo'lardi. Ushbu afsonaviy dasturni taniqli sharhlovchi Viktor Gusev olib borardi va biz o'yinlar sharhini (obzorini) intizorlik bilan kutib, tomosha qilardik.
1998-yilgi chempionat juda qiziqarli o'tgan. Mezbon Fransiya o'z uyida Braziliya terma jamosini yirik hisobda mag'lub etib, chempion bo'lgan edi. Shuningdek, ajoyib o'yinlar ko'rsatgan Xorvatiya terma jamoasining uchrashuvlari ham hamon yodimda.
O'sha davrdagi afsonaviy darvozabonlar ijrosi esa chinakam darslik edi:
Faben Bartez o'zining ajoyib seyvlari bilan yorqin taassurot qoldirgan;
Paragvaylik afsona Xose Luis Chilavert nafaqat darvozada turardi, balki o'zi chiqib jarima zarbalarini (shtrafnoy) raqib darvozasiga joylab qo'yardi;
Braziliyalik Klaudio Taffarelning harakatlari ham o'sha davr futbolining go'zalligi edi. Biz ularni bolaligimizda hayrat bilan tomosha qilganmiz.

gettyimages-1306034116-2048x2048.jpg



Men ko'rgan eng zo'r mundial - Germaniya-2006

- Men guvoh bo'lgan jahon chempionatlari ichida eng mukammali va unutilmasi, shubhasiz, 2006-yilgi Germaniya maydonlaridagi turnirdir. O'zim ham azaldan Italiya terma jamoasining sodiq muxlisi hisoblanaman.
O'sha chempionatda Italiya va Fransiya terma jamoalari o'rtasidagi dramatik final uchrashuvi futbol tarixidan abadiy joy oldi. Ayniqsa, darvozabon Janluiji Buffon o'zining fantastik o'yinlari va qahramonliklari bilan Italiyaning jahon chempioni bo'lishiga ulkan hissa qo'shgandi. Umuman olganda, 2006-yilgi turnir juda ko'p dramatik va unutilmas uchrashuvlarga boy bo'lgan.

- Men O'zbekiston terma jamoasiga muxlislik qilaman. Chunki biz qo'shni davlat, qardosh xalqmiz. Qolaversa, O'zbekiston milliy terma jamoasida o'tgan yili Neftchi klubi safida birga ishlagan futbolchilarimiz - darvozabon Botirali Ergashev, Jamshid Iskanderov va Farrux Sayfievlar bor. Bundan tashqari, tarkibda juda ko'plab tanish futbolchilar mavjud, ularning hammasiga chin dildan muxlislik qilamiz.
Shuningdek, alohida ta'kidlab o'tishim kerakki, bu yilgi Mundialda nafaqat Markaziy Osiyo, balki butun MDH davlatlari orasidan faqatgina O'zbekiston qatnashmoqda. Bu juda katta faxr! Qo'shnilarimizga omad yor bo'lsin. Ishonamanki, Fabio Kannavaro - kuchli mutaxassis va uning atrofida juda kuchli murabbiylar shtabi jamlangan. Barcha futbolchilarga, murabbiylarga va rahbariyatga omad tilayman.

photo_2026-06-13_13-57-11.jpg


- Albatta, Jahon chempionatidagi darvozabonlar o'yinini diqqat bilan kuzataman. Menimcha, qaysi terma jamoa finalgacha yetib borsa, o'sha jamoa posboni turnirning eng yaxshi darvozaboni bo'ladi. Shaxsiy fikrimcha, bu nominaciyaga Alisson Beker, Tibo Kurtua yoki Jordan Pikford asosiy da'vogar bo'lishi mumkin. Bu yilgi Jahon chempionati juda qiziqarli o'tadi va musobaqa davomida ko'plab yangi, iqtidorli darvozabonlar kashf etilishiga ishonaman.


- JCH-2026 uchun O'zbekiston milliy terma jamoasiga ayni paytda mamlakatning eng kuchli uch nafar darvozaboni saralab olindi. Ularning barchasi yuqori darajadagi posbonlar. Maydonda kim o'ynashidan qati nazar, omad ular tomonida bo'lsin. Ilohim, o'zlarining chiroyli o'yinlari va mahoratli seyvlari bilan jamoani muhim vaziyatlarda qutqarib qolishsin. Men ularning hammasini yaqindan taniyman va doimiy ravishda gaplashib turaman.
Afsuski, reglamentga ko'ra qaydnomaga faqat 3 ta darvozabon kiritilishi shart. Agar 4 ta darvozabon olib ketish imkoniyati bo'lganida, men bu ro'yxatga Vladimir Nazarovni ham qo'shgan bo'lardim. Nazarov ham bunga loyiq edi, biroq oxirgi o'yinlarda kamroq o'yin amaliyotiga ega bo'lgani uchun, menimcha, kuchli uchlikdan o'rin ololmadi. Terma jamoa darvozabonlar murabbiyi va bosh murabbiy eng kuchli uchlikni tanlashda ancha bosh qotirishgani aniq. O'tkir Yusupov - Jahon chempionati yo'llanmasini qo'lga kiritishda o'zining ishonchli o'yinlari bilan juda katta xizmat qilgan tajribali va mahoratli darvozabon. Shu bilan birga, Botirali Ergashev va Abduvohid Ne'matov ham milliy jamoada sog'lom raqobatga to'liq tayyor. Ularning hammasi kuchli posbonlar, barchalariga yana bir bor omad yor bo'lishini tilayman.

O'xshash yangiliklar


Iskandarov AbdulazizMuallif
Manba: Championat.asia