Pochettino MYU futbolchilari uchun o'yinlardan keyingi dam olish kunlarini bekor qiladi

15 noya 2026, 18:23
"Manchester Yunayted"ning yangi bosh murabbiyi Maurisio Pochettino jamoaning mashg'ulot rejimini o'zgartirish niyatida.

The Sun nashri ma'lumotlariga ko'ra, argentinalik mutaxassis futbolchilarni uchrashuvlarning ertasiga tiklanish mashg'ulotlarini o'tkazish uchun Karringtondagi mashg'ulot bazasiga yetib kelishga majbur qilmoqchi.

Maykl Kerrik davrida o'yinchilar bahslardan so'ng deyarli har doim dam olish kuniga ega bo'lishardi. Pochettino jamoaning jismoniy tayyorgarligini yaxshilash maqsadida ushbu amaliyotdan voz kechmoqchi.

Qayd etilishicha, joriy mavsumda MYU APLda futbolchilar bosib o'tgan umumiy masofa bo'yicha 19-o'rinni, tezkor yugurish masofasi bo'yicha 17-o'rinni hamda o'rtacha maksimal tezlik borasida 19-pog'onani egallab turibdi.

Pochettinoga o'yinchilarning jismoniy holati ustida ishlashda AQSH terma jamoasida ham xuddi shunday lavozimda faoliyat yuritgan to'ng'ich o'g'li Sebastyano yordam beradi.

Argentinalik murabbiy qo'l ostida to'p tepgan "Tottenxem" sobiq himoyachisi Tobi Alderveyreld mankunianliklarni yuqori yuklamalar kutayotgani haqida ogohlantirdi.

"Eng avvalo, u bizni juda chidamli qilib tarbiyalagandi. Mavsumoldi tayyorgarlik nihoyatda shafqatsiz o'tgan. Yuqori pressing, baland himoya chizig'i va dinamik o'yinga asoslangan uning futboli uchun ko'p yugurish talab etiladi. Intensiv tezlanishlarga bardosh bera olish shart.

Futbolchilar bu mutlaqo boshqa daraja ekanini darhol his qilishadi", - dedi Alderveyreld BBC nashriga.

Eslatib o'tamiz, Pochettino Kerrik iste'foga chiqarilganidan so'ng "Manchester Yunayted" boshqaruvini qo'lga oldi. Argentinalik mutaxassis qo'l ostidagi jamoaning ilk o'yini 22 noyabr kuni "Liverpul"ga qarshi bo'lib o'tadi.

O'xshash yangiliklar


Manba: The Sun