O'FA navbatdagi to'rt yil uchun ham Liga bosh direktorligiga Diyor Imomxo'jaev nomzodini taqdim etdi

Aslanov Jasurbek
19 avg 2026, 14:16
2020-yildan e'tiboran Liga bosh direktori vazifasini bajaruvchi sifatida ishlab kelgan, 2022-yilga kelib esa O'zbekiston Futbol Assotsiatsiyasi prezidenti taqdimiga binoan rasman bosh direktor sifatida tasdiqlangan Diyor Imomxo'jaevning vakolat muddati yakuniga etgani haqida shu yilning 27-iyul kuni xabar berilgandi.

Unga ko'ra, Assotsiatsiya prezidenti yoki tashkilot Ijroiya qo'mitasi Ligani keyingi to'rt yil davomida boshqarish uchun nomzodlar ro'yxatini Liga Ijroiya qo'mitasiga taqdim etishi lozim edi.

17-avgust kuni Assotsiatsiya prezidenti Bahodir Qurbonov tomonidan imzolangan taqdimnoma Liga Ijroiya qo'mitasiga yuborildi. Unda, Liga bosh direktori lavozimida bungacha faoliyat ko'rsatib kelgan Diyor Imomxo'jaev rahbarligida o'tgan davr davomida amalga oshirilgan ijobiy ishlar qayd etilgan bo'lib, shu asosda Assotsiatsiya Liganing navbatdagi muddatga rahbarligi uchun Diyor Imomxo'jaev nomzodini ilgari surgan.

Liga Ustavidan kelib chiqib, endilikda tashkilot Ijroiya qo'mitasining 8 nafar a'zosi Assotsiatsiya tomonidan taqdim etilgan nomzodni o'z ovozi bilan tasdiqlaydi yoki uni rad etadi. Nomzod qo'mita a'zolarining ko'pchilik ovozi bilan rad etilgan taqdirda, Assotsiatsiya prezidenti yoki tashkilot Ijroiya qo'mitasi Liga bosh direktorligi uchun boshqa nomzod taqdim etishi lozim bo'ladi.

Ma'lumot uchun, Liga Ijroiya qo'mitasining 8 nafar a'zosi orasidan 5 nafari klublar manfaatini himoya qiluvchi vakillar hisoblanadi: Elbek Samatov (Andijon), Bahodir Mirzaev (OKMK), To'labek Akramov (Lokomotiv), Alisher Yusupov (Nasaf), Maqsud Karimov (Xorazm). Qolgan uch vakil esa uch turli tashkilot a'zolari hisoblanadi: Odil Ahmedov (O'FA), Kamoliddin Murzoev (O'FU), Oybek Ibrohimxonov (O'zPFL).

Liga Ijroiya qo'mitasi a'zolarining tashkilot bosh direktorligi uchun taqdim etilgan nomzodga ovoz berishi yoki mazkur nomzodni tasdiqlamasligi masalasi tez orada rasman e'lon qilinadi.

O'xshash yangiliklar


Aslanov JasurbekMuallif
Manba: pfl.uz