Kolumbiya terma jamoasi bosh murabbiyi O'zbekistonga qarshi o'yindan oldin nimalar dedi? (To'liq matbuot anjumani)

17 iyun 2026, 11:00
Kolumbiya terma jamoasi bosh murabbiyi Nestor Lorenso O'zbekistonga qarshi bahs oldidan matbuot anjumanida ishtirok etdi.

– Kolumbiya futbolining ushbu avlodi uzoq kutgan lahzada, shuncha kunlik yig'in va birga o'tkazilgan vaqtdan so'ng, jamoaga aytadigan so'nggi so'zingiz qanday bo'ldi?
– Barchaga xayrli kun. Xabarim odatdagidek – o'yindan zavq olishsin, shukronalik keltirishsin va Kolumbiya libosi uchun maydonda jonlarini berishsin. Birinchi kundan nima degan bo'lsak, shu. Xudoga shukur, 8 yildan so'ng yana ushbu mundialdamiz. Bizda umid katta, o'zimizni yaxshi tomondan ko'rsatish istagi kuchli – har kungi xabarimiz shundan iborat.

– Jamoa va muxlislar o'rtasida yuzaga kelgan iliq munosabat haqida so'ramoqchi edim. Federatsiya tomonidan mikst-zonalar tashkil etilayotgani, o'yinchilarni ko'rish uchun mashg'ulotlarda ko'proq vaqt berilayotgani muxlislarni jamoaga yaqinlashtirmoqda. Bu tashabbus qayerdan paydo bo'ldi?
– O'ylaymanki, bu tabiiy ravishda yuz berdi. Yigitlar maydonda borlarini berib, yurakdan o'ynashmoqda va muxlislar buni his qilmoqda. Matbuot har doim biz bilan birga bo'lishi kerak. Bazida ma'lumot kam berilishi mumkin, lekin bu ataylab qilinmaydi. Kolumbiya juda muhim sinov oldida turgan bir paytda rahbarlar, muxlislar, jurnalistlar va umuman ushbu go'zal sport turiga daxldor barchamiz birlashishimiz kerak deb hisoblayman.

– O'zbekistonning so'nggi 5 ta o'yini haqida gapirsak: jamoa 2 marta g'alaba qozondi, 2 marta yutqazdi va 1 marta durang o'ynadi. 6 ta gol urib, 7 ta o'tkazib yubordi. O'tkazilgan tahlillarga tayanib, O'zbekistonga qarshi taktik va strategik rejangiz aniqmi yoki hali o'ylantirayotgan jihatlar bormi?
– Taktik va strategik rejamiz aniq – o'yinga qanday yondashishimizni bilamiz. Taktik jihatdan ikkita holat bor: biri himoyaviy, ikkinchisi hujumkor. Bu borada O'zbekistonning xususiyatlari juda yaqqol ko'zga tashlanadi. Shunday ekan, biz hujumda ham, himoyada ham yakkakurashlarda yutib chiqishga harakat qilamiz.

– Ertangi o'yinda Kolumbiya favorit. Biroq ushbu Jahon chempionatining ilk o'yinlarida favoritlar doim ham yutavermayapti. Bu sizni xavotirga solmaydimi?
– Yo'q, Jahon chempionatlari bizga kichik jamoalar yo'qligini va hech kimni kamsitmaslik kerakligini ko'rsatmoqda. O'zbekiston – kuchli raqiblarga qarshi yaxshi natijalar qayd etgan jamoa. Ularda ajoyib murabbiy bor, to'rt-besh nafar yuqori darajadagi futbolchilari bor va eng muhimi – ular nima o'ynayotganini aniq biladigan tartibli jamoa. Ertangi o'yinda ularni ortda qoldirish biz uchun asosiy chaqiriq bo'ladi.

– Jahon chempionatining dastlabki o'yinlarida jamoalarning intensivligi, tezligi va yuqori pressingi ajralib turibdi. Kolumbiya mundialning bunday tezkorligiga qanchalik moslasha oladi? Misol uchun, Xames ertangi o'yinga qanday tayyorgarlik bilan yetib keldi?
– Xamesning holati yaxshi, uning jismoniy tayyorgarligi doimiy o'sib bormoqda. Albatta, uning istedodi shundayki, bazida boshqalar kabi ko'p yugurmasa ham, o'yinga oydinlik kiritadi va muhim masalalarni hal qiladi. Intensivlikka kelsak, Kolumbiya bu borada talabga javob beradi. Biz intensivlik bo'yicha dunyoda yetakchilardan sanaladigan jamoalarga qarshi o'ynaganimizda (masalan, Fransiya) ulardan qolishmadik. Gap faqat yugurishda emas, asosiysi – to'g'ri himoyalanish va samarali hujum qilishdir.

– Meksika chempionatida tajriba to'plagan, balandlikka yaxshi moslashgan Viller Ditani ertangi asosiy tarkibda ko'rishimiz mumkinmi? Uning hozirgi holati siz uchun qanchalik muhim?
– U "Krus Asul" bilan Meksikada ajoyib turnir o'tkazdi va shu orqali milliy terma jamoaga chaqirildi. U qolgan 25 ta futbolchi kabi o'ynashga tayyor. Xudoga shukur, bizda barcha chiziqlarda va poziciyalarda raqobat juda kuchli. Yakuniy qaror esa individual xususiyatlar hamda raqibga qarshi qo'llaniladigan strategiyaga qarab qabul qilinadi.

– Asosiy 11 talikni qanday tanlaysiz? Ma'lumotlarga tayanasizmi yoki his-tuyg'ulargami? Va buni futbolchilarga qachon ma'lum qilasiz?
– Yuqorida aytib o'tganimdek, bu – o'yin strategiyasi va futbolchilarning individual imkoniyatlari o'rtasidagi muvozanatdir. Qaror har doim terma jamoa foydasini ko'zlab qabul qilinadi.

– Hozirga qadar bo'lib o'tgan 17 ta o'yinda qariyb 50 ta gol urildi. Chempionatning bu qadar sermahsul starti yoxud autsayderlarning o'ta chuqur himoyalanishi sizni hayron qoldirdimi?
– Yo'q, bu kutilgan holat edi. O'zini imkoniyat jihatdan biroz pastroq baholagan jamoa chuqur himoyalanishni maqul ko'radi. Qolaversa, hozirgi futbolchilar jismonan o'ta baquvvat. Maydon markazidan hujumga o'tish jarayonlari halokatli darajaga etgan. Bugun ham bir nechta jamoalarda tezkor hujumga o'tish qanday natija berganini ko'rdik. Agar himoyaga o'z vaqtida qaytmasangiz, darhol gol o'tkazib yuborasiz. Shuning uchun hozir ko'plab jamoalar to'g'ridan-to'g'ri, vertikal hujumlarni tanlamoqda.

– Siz ham Xose Pekerman, Ernan "Bolilo" Gomes, Maturana kabi mundiallarda ishtirok etgan mashhur murabbiylar qatoriga qo'shildingiz. Yordamchi murabbiylikdan bosh murabbiylikka o'tish qanday bo'ldi va bu tajriba O'zbekistonga qarshi o'yinda sizga qanday yordam beradi?
– Bu uzoq yillik mehnatimning natijasi. Yillar davomida soyada, boshqa poziciyada ishladim. Xosedan, qolaversa futbolchilik faoliyatimdagi boshqa murabbiylardan ko'p narsa o'rgandim. Futbolni tark etishimdan 3-4 yil oldin murabbiy bo'lish niyatim qatiy edi. Doimo o'rganishga, tinglashga, tahlil qilishga va o'zimni rivojlantirishga harakat qildim. Xudo menga jahon chempionatida bosh murabbiy bo'lish imkonini berganidan benihoya minnatdorman va buni Kolumbiya termasi bilan a'lo darajada o'tkazmoqchiman.

– Jamoa Gvadalaxaraga kelganidan beri futbolchilardagi kayfiyatni qanday baholaysiz? O'yinga 24 soat qolganda ularning holati qanday?
– Jamoa shunchaki ajoyib! Yigitlar terma jamoa libosi har narsadan ustun ekanini his qilib, o'zlarini butunlay baxshida etishmoqda. Tarkibdan bazi futbolchilarni tushirib qoldirish men uchun og'ir bo'ldi, chunki ular ham xuddi asosiy ro'yxatdagilar kabi mehnat qilishgandi. Ammo maqsadimiz bitta – biz barcha narsani yutish uchun keldik, buning uchun esa o'zimizni to'liq qurbon qilishimiz kerak.

– Kolumbiyalik muxlislardan biri Luis Dias haqida shunday dedi: "U xuddi o'z mahallasida o'ynagandek to'p tepadi". Bunga qo'shilasizmi? U o'zining ilk Jahon chempionatiga qanday holatda keldi?
– Jahon chempionatiga kelgan har bir futbolchi o'zining yoshlikdagi orzusini eslaydi. Lucho ham shunday. Unga "Bugun dam olasan" desangiz ham, baribir borib to'pni olib keladi. To'p bilan bo'lish vasvasasiga qarshi tura olmaydi. Bu menga juda yoqadi. Biz Argentinada "bolalikdagi orzu" deb ataymiz, bugun o'sha orzusidagi bola ertaga jahon chempionati maydoniga tushadi. Bu to'g'ridan-to'g'ri qalb va aql bilan bog'liq bo'lgan sof tuyg'u.

– Odatda tarkibni oldindan e'lon qilmaysiz, lekin O'zbekistonga qarshi ertangi o'yinda qanday taktik chizma va tarkibni ko'ramiz?
– Aytishimni xohlaysizmi? Gap shundaki, men buni hali o'yinchilarning o'ziga ham aytmadim. Lekin biz yaxshi holatdamiz. Bizda 26 nafar haqiqiy "sherlar" bor. Bundan juda xursandman.

– 8 yillik tanaffusdan keyin Kolumbiya ushbu mundialda dunyoga qanday qiyofasini namoyish etmoqchi?
– Ajoyib savol. Biz o'zligimiz, mohiyatimiz va uslubimiz ustida ko'p ishladik. Kolumbiya – bu quvonch. Xalqimiz tabassum qilish uchun sababga muhtoj va terma jamoamiz xuddi shuning uchun yaxshi o'ynashni xohlaydi. Bu oson emas, lekin buning uchun qo'limizdan kelgan barcha ishni qilamiz. Kolumbiyalik muxlislarga yoqadigan chiroyli o'yin uslubini saqlab qolishga harakat qilyapmiz.

– Janubiy Amerika va Kolumbiyaning eng yulduzli futbolchilaridan biri sifatida Luis Diasga bo'layotgan katta bosim haqida qanday fikrdasiz?
– U bu jarayonni Amerika Kubogi va saralash bosqichlarida ham boshidan o'tkazdi. Qandaydir vaqt u gol ura olmadi va butun Kolumbiya xavotirga tushdi. Lekin bu o'sish jarayoni. Uning futbolchi va inson sifatidagi etukligi har qanday bosimdan ustun bo'lishi kerak. O'ylaymanki, u ajoyib mundial o'tkazadi.

– Aeroportda va ko'chalarda bizni sariq libosli muxlislar to'lqini kutib oldi. Ularning ko'pchiligi shu erga kelish uchun yillar davomida pul yiqqan. Ularga qanday so'zlarni aytgan bo'lardingiz?
– Rahmat, rahmat, rahmat! Ularga faqat minnatdorchilik bildirish kerak. Ularning berayotgan mehri va ishonchi – bizning ham qalbimizda bor. Biz ham ular kabi bu turnirdan umidvormiz.

– Tarkib chaqiruvida Jon Kordobaning holati ko'pchilikni o'ylantirgandi. U ertangi o'yinga tayyormi yoki uni keyingi Kongo bilan o'yinga asrab qo'yasizmi? Umuman, barcha 26 nafar futbolchining sog'lig'i qanday?
– Barcha 26 nafar o'yinchining sog'lig'i juda yaxshi holatda. Kordoba allaqachon futbol o'ynashni boshladi va mashg'ulotlarga qo'shildi, u to'liq tayyor. To'g'ri, u qolganlar bilan o'rtoqlik o'yinlarida qatnashmadi va ehtimol futbol amaliyoti jihatidan biroz ortda qolgandir, ammo u maydonga tushishga mutlaqo tayyor.

– Bu siz uchun ilk mundial debyuti emas, futbolchi sifatida 1990 yilda qatnashgansiz. Futbolchi sifatida maydonga tushish va murabbiy sifatida chetdan boshqarish o'rtasida qanday farq bor? Futbolchilardagi hayajonni qanday bosasiz?
– Ruhiy tayyorgarlik uzoq vaqtdan beri olib borilmoqda. Futbolchilar ijtimoiy tarmoqlarga yoki o'yin oldi mayda chalg'ituvchi narsalarga berilib ketmasligi kerak – maksimal koncentraciya talab qilinadi. Farqqa keladigan bo'lsak, futbolchi maydonda bor kuchini ishga solib, natijaga to'g'ridan-to'g'ri ta’sir ko'rsatadi va shuning o'zi unga kifoya. Murabbiy esa o'yinchilarning harakatiga va o'zi tuzgan taktik rejaning ishlash-ishlamasligiga ko'proq qaram bo'ladi. Ochig'i, o'ynashni ko'proq yoqtirardim, chunki u yerda hammasi ko'proq o'zimga bog'liq edi.

O'xshash yangiliklar


Manba: championat.asia