Nematillo Qutiboev: "Tayyor g'alabani qo'ldan chiqardik"

1 may 2026, 22:40
Proliga 6-turdan o'rin olgan "Lochin" – "Aral" uchrashuvi 2:2 hisobida yakun topdi.

O'yindan keyin "Aral" bosh murabbiyi Nematillo Qutiboev matbuot anjumanida ishtirok etdi.

- O'yin haqida fikringiz?

- "Lochin" yaxshi jamoa va o'yin og'ir kechishini bilardik. Bu jamoa bilan yig'in paytida o'rtoqlik uchrashuvi o'tkazganmiz. Ikkinchi bor safardagi uchrashuvning oxirgi daqiqalarida gol o'tkazib yubordik. Afsuski, bugun ham shunday bo'ldi, tayyor g'alabani qo'ldan chiqardik. Yigitlarga og'ir bahsni o'tkazishgani uchun rahmat deb qolaman.

- Hisob 1:1 bo'lgan paytda qanot himoyachisi xatoga yo'l qo'ydi. Siz buni qanday izohlaysiz?

- Shu bizning muammo bo'lib qoldi. Men har doim aytaman: agar korpus bilan yopa olmasang, nima qilasan to'pni ushlashga harakat qilib. Maydon tashqarisiga tepib yubor. Sifatli himoyachi bu vaziyatda korpus bilan yopib to'pni o'zida ushlay oladi, boshqa nimayam deyman.

- "Aral" Proligada eng kam gol o'tkazgan jamoalardan biri. Himoya chizig'i borasida fikringiz?

- Ikki nafar qanot himoyachimiz jarohat olgan, ular sog'ayib maydonga qaytsa himoyamiz yanayam yaxshi ko'rinish oladi. Muammolar bor, yo'q emas. O'yindan o'yinga hammasini joy-joyiga qo'shib boramiz.

- "Aral" o'z uyida sun'iy maydonda o'ynaydi. Safarda esa tabiiy maydonda to'p tepyapti. Sun'iy maydondan tabiiyga o'tish yoki aksi qanday muammo tug'diradi?

- Bu biz uchun ham muammo, lekin na iloj, boshqa maydonimiz yo'q. Albatta, birinchi navbatda bunday sharoit futbolchilarning jarohat olishiga moyil bo'ladi. Baribir futbol o'ynashimiz kerak. Rahbariyat bizni doim qo'llab turibdi, pul bo'yicha muammo yo'q. Kecha yotsa bo'ladigan avtobusda keldik. Oxirgi daqiqalarda gol o'tkazganimiz chatoq bo'ldi.

- Oxirgi daqiqalarda jamoangizga nima yetishmadi?

- O'yindagi ishtiyoq yuqori edi. To'pni raqibga berib, qarshi hujumlarda o'ynadik. Xatolar bo'lmaganida yutib ketardik. Baribir 90 daqiqa himoyada harakat qilish oson emas. Ham ruhiy, ham jismoniy tarafdan toliqib qoldik deb o'ylayman.


Manba: championat.asia