

O'yindan keyin "Aral" bosh murabbiyi Nematillo Qutibaev matbuot anjumanida ishtirok etdi.
- O'yin haqida fikringiz?
- G'alabani qo'ldan chiqardik. Yaxshi o'yin ko'rsatdik deb o'ylayman. Lekin to'liq uchrashuv haqida gapiradigan bo'lsak, har ikki jamoa tengma-teng bir ochkoga loyiq harakat qildi.
- Bahs oxirlarida nima yetishmadi?
- Futbolchilarimizda jarohat borligi bois tarkibda muammolar bor. Shu bois uzoq vaqt futbolchi almashtira olmadik. Menimcha, yigitlar toliqib qoldi deb o'ylayman. Maydon ham og'ir ekan.
- Ikkinchi taymda jamoangiz orqada o'tirib qoldi.
- To'g'ri aytyapsiz, shunday bo'ldi. Olti nafar futbolchimizda jarohat bor va ular Nukusda qolgan. To'rtinchi turdirki har to'rtinchi kunda maydonga tushyapmiz. Uzoq masofaga qatnayapmiz, bu ham o'z ta’sirini ko'rsatyapti. Bugun to'pni raqibga topshirib, qarshi hujumlarda o'ynashga harakat qildik. Chunki futbolchilarimiz kamligi uchun shunday qilmasak bo'lmasdi.
- Bu yil Proligada jamoalar soni ortdi, shu bilan birga "Metallurg", "Kattaqo'rg'on" kabi puldor jamoalar paydo bo'ldi. Buyog'iga yanada qiyin bo'ladi deb o'ylaysizmi?
- O'tgan yil ham qiyin bo'lgandi. Musobaqada oson o'yinlar bo'lmaydi. Hamma kurashadi, biz ham harakat qilamiz.
- Hozirgi o'zbek futbolida klublardagi moliyaviy holat birinchi o'ringa chiqqan. Bu borada "Aral"ning holati qanday?
- Bizda hammasi zo'r. Oylik maoshlardan, bonus pullaridan hech qanaqa muammo yo'q.
- Natijaga erishish uchun faqat taktika yoki maydondagi o'yin emas, balki chempionlik ruhiyati ham shakllanishi kerak bo'ladi. O'tgan yil "Aral" o'z o'yinlari bilan Superligaga nihoyatda yaqinligini ko'rsata oldi. Nima deb o'ylaysiz, bu yil jamoada mana shu ruhiyat shakllanib ulgurdimi?
- Judayam zo'r savol. Har kuni futbolchilarga sizlar kechagi yosh bolalar emassiz deb aytamiz. O'ziga ishonch ortib borishi va jamoa maydonga dadil chiqishi kerak. Ko'z tegmasin hozir jamoamiz yaxshi, lekin ruhiyat qanchalik shakllanganini mavsum davomida bilib olamiz. Hammaga jang taklif qilishga harakat qilamiz.
- Bugun jamoangiz baribir tetik ko'rindi.
- O'yinga jiddiy hozirlik ko'rgandik. Uzoq yo'l bosib kelib kuchni saqlash uchun pressing bilan qarshi hujumni tanladik. Futbolchilarga o'zlarini ehtiyot qilishlari kerakligini aytdik. O'z imkoniyatimizni kutib o'ynadik.



