

Ushbu markaziy o'yin oldidan raqiblarning joriy holati, imkoniyatlari va diqqatga sazovor raqamlariga to'xtalib o'tamiz.
Xomyakov "Buxoro"da barqarorlik o'rnatdi
Buxoroliklar bu yil Aleksandr Xomyakov qo'l ostida mazmunli va tartibli o'yin ko'rsata olmoqda. Jamoaning turnir jadvalidagi 4-o'rinni egallab turgani bunga yaqqol isbotdir. Ma'lumot uchun, "Buxoro" oxirgi marotaba 2016 yilgi mavsumni kuchli to'rtlikda yakunlagan edi. 10 yil avvalgi ushbu natija takrorlanadimi-yo'qmi, buni vaqt ko'rsatadi.
Oxirgi o'yinlardagi natijalar va ochkolar dinamikasi
Xomyakov shogirdlari so'nggi 5 ta o'yinda 10 ochko jamg'ardi. Bu borada ular Superliga peshqadamlari - "Neftchi", "Navbahor" hamda "Paxtakor"dan bor-yo'g'i 1 ochko kam natija qayd etib turishibdi. Jamoa o'z maydonida "Lokomotiv" (2:1) va OKMKni (2:0) taslim etgan bo'lsa, safarda "Paxtakor" bilan durangga imzo chekdi (2:2).

Mezbon fatkori bugun ish beradimi?
Yana bir diqqatga sazovor fakt: "Buxoro" mezbon maqomidagi oxirgi 4 ta o'yinning barchasida g'alaba qozondi va bu ko'rsatkich bo'yicha chempionatda ikkinchi eng yaxshi jamoa bo'lib turibdi. Umuman olganda, o'z uyidagi uchrashuvlarda buxoroliklar 9 ta o'yinda 22 ochko to'plagan bo'lib, bu borada "Neftchi" bilan teng ko'rsatkichga ega. Joriy mavsumda Xomyakov jamoasini safarda faqatgina Kamoliddin Tojiev boshchiligidagi "Paxtakor" enga oldi, xolos.
Kuchli beshlikdagi jamoalar bilan bahslar
"Buxoro" kuchli beshlikdagi jamoalarga qarshi kechgan 6 ta bahsda 7 ochkoni qo'lga kiritgan:
"Neftchi" - 1:2
"Paxtakor" - 2:2, 0:1
"Navbahor" - 1:0
OKMK - 2:0, 2:3
Vladimir Rodich - "Buxoro"ning kashfiyoti
Joriy mavsumda Superligaga kelib qo'shilgan legionerlar orasida Vladimir Rodich alohida ajralib turmoqda. Chernogoriyalik yarim himoyachi "Buxoro" libosida 17 ta o'yinda maydonga tushib, 4 ta gol va 2 ta assistni o'z hisobiga yozib qo'ydi. E'tiborlisi, Rodich gol urgan o'yinlarda "Buxoro" umuman mag'lubiyatga uchramagan va aynan shu bahslarda 8 ochko jamg'argan.

Buxoro maydoni - farg'onaliklar uchun "noqulay manzil"
Statistikaga nazar tashlasak, farg'onaliklar oxirgi marotaba Buxoroda 2011 yilgi mavsumda zafar quchishgan. O'shanda Baxtiyor Yoqubovning yagona goli "Neftchi"ga 1:0 hisobidagi g'alabani taqdim etgan edi. Shundan so'ng Buxoroda o'tkazilgan 9 ta o'yinning 4 tasida durang qayd etilgan bo'lsa, 5 tasida mezbonlar zafar quchishgan.
Tarixiy fakt (Buxorodagi oxirgi g'alaba):
"Buxoro" – "Neftchi" – 0:1 (0:1)
21.05.2011 | Oliy liga, 9-tur. Tomoshabinlar: 14 127 nafar.
Bosh hakam: Vadim Agishev – 8,8
Gol: Baxtiyor Yoqubov 28'.
"Buxoro": Aleksandr Antipov, Nodir Jo'raev, Georgiy Kvesieshvili, So'hrob Nematov (Azamat Bobojonov, 62), Roman Romanchuk (Marks Quronboev, 56), Nodir Rajabov, Alisher Sanaev, Ilya Ilin (Jamshid Hasanov, 78), Otabek Narzullaev, Tadas Grajyunas, Jasur Hasanov.
"Neftchi": Xislat Chilmatov, Shukurali Po'latov, Baxtiyor Yoqubov, Mansur Saidov (Muhsin Nizomiddinov, 90), Pavel Smolyachenko, Anvar Berdiev (Sherzod Hakimov, 71), Dilyorbek Irmatov, Sardor Mirzaev (Iqbol Akramov, 75), Islom To'xtaxo'jaev, Sanjar Asqaraliev, Asqar Muhiddinov.
Ogohlantirishlar: Pavel Smolyachenko 21, Baxtiyor Yoqubov 82.

"Neftchi"ning ustunliklari: ishtaxa taom paytida keladi
Chempionat peshqadamining so'nggi turdagi ishtahasi va sport formasi juda yuqori. "Neftchi" oxirgi 5 ta o'yinda raqiblar darvozasiga 14 ta to'p kiritib, 11 ochko to'pladi. Farg'onaliklar ayni paytda eng ko'p gol urgan va eng kam to'p o'tkazib yuborgan jamoa bo'lib turibdi.
Peshqadamning kuchli raqiblar bilan o'yinlari
Shuningdek, "Neftchi" joriy mavsumda kuchli beshlikdagi jamoalardan faqat "Buxoro"ni mag'lub eta olgan. Farg'onada kechgan birinchi davra o'yinida mezbonlar hakam tomonidan qo'shib berilgan daqiqalarda g'alabani ilib ketishgan edi:
"Buxoro" - 2:1
"Navbahor" - 1:1
OKMK - 0:0
"Paxtakor" - 0:1

“Neftchi” bu yil mehmonda mag'lub bo'lmayapti
Islom Ismoilov shogirdlari bu mavsum raqib maydonida 8 ta uchrashuv o'tkazdi. Mazkur to'qnashuvlarda jamoa 6 g'alaba, 2 durang qayd etgan holda 20 ochko to'plagan. To'plar nisbati 18:1
Xulosa o'rnida
Ikki jamoaning bugungi bahsi juda keskin va murosasiz kechishi kutilmoqda. "Buxoro" o'z uyidagi muvaffaqiyatli seriyani davom ettiradimi yoki "Neftchi" 15 yillik noqulay ananaga chek qo'yadimi? Bunga bugungi uchrashuv davomida guvoh bo'lamiz.



