Quvondiq Ro'ziev: "Buxoro" kuchli uchlikdan joy olishi uchun kurashamiz"

Оқил Абдубарноев
15 avg 2026, 19:01
Transfer oynasining so'nggi kunida "Buxoro" jamoasi safiga kelib qo'shilgan tajribali futbolchi Quvondiq Ro'ziev o'zining debyut uchrashuvini o'tkazib, ilk o'yinidayoq golli uzatmani amalga oshirdi. Mahoratli yarim himoyachi klub matbuot xizmatiga bergan dastlabki intervyusida yangi jamoadagi taassurotlari va oldindagi maqsadlari bilan o'rtoqlashdi.

– “Buxoro” tarkibidagi debyut uchrashuvingiz va qo'lga kiritilgan ishonchli g'alaba bilan tabriklaymiz! Birinchi o'yiningizda chiroyli assistni amalga oshirdingiz. Dastlabki tassurotlaringiz qanday?

– Avvalambor, Buxoro ahlini muhim g'alaba bilan tabriklayman. Barcha futbolchilar murabbiylarimiz ko'rsatmalarini astoydil bajarishga harakat qildi va o'ylagan rejalarimiz amalga oshdi. O'yin oxirigacha sabr qildik va ijobiy natijani qo'lga kiritdik. Debyut uchrashuvimda jamoam g'alabasiga hissa qo'shganimdan xursandman.

– Jamoa tarkibiga kelib qo'shilganingizga hali ko'p bo'lmadi, moslashish jarayonlari qanday kechmoqda?

– Jamoaga asta-sekin moslashyapman. Bu yerda ham oldin bir jamoada harakat qilgan bir nechta do'stlarim bor. Ko'rinib turibdi jamoamiz juda ahil va yaxshi kollektiv yig'ilgan, shu sababli moslashish jarayoni oson kechmoqda.

– “Buxoro” jamoasiga transfer oynasining so'ngi kunida kelib qo'shildingiz. Jamoaga kelish varianti qanday paydo bo'ldi? Qaror qabul qilishda nimalar muhim bo'ldi?

- Jamoaga kelishimga direktorimiz Shavkat Salomovning hissasi katta bo'ldi. Murabbiy meni o'z jamoasiga ko'rishni xohlashini tushintirdi. Shu sababli jamoaning ko'rsatayotgan o'yini va turnir jadvalidagi o'rnidan kelib chiqib, “Buxoro” taklifini o'ylab o'tirmasdan qabul qildim.

– Ayni vaqtda “Buxoro” jamoasi musobaqa jadvalida kuchli uchlikda bormoqda. Jamoaning potencialini qanday baholaysiz?

– Jamoamizning yuqori uchlikda turishi to'satdan bo'lib qolgani yoq. Buning tagida katta mehnat bor, nafaqat futbolchilar, murabbiylar, butun rahbariyat, hammaning mehnati yotibdi. Shu sababli hozirgi kunda Superligada yuqori o'rinlarda bo'lish men o'ylaymanki ajoyib natija. Chunki “Navbahor” , “OKMK”, “Nasaf” kabi kuchli jamoalar bilan qizg'in kurash kechmoqda va bu oxirigacha davom etsa kerak. Shu sababli jamoa tasodifan bu o'rinlarda emas, rahbariyatning qo'llab-quvvatlashi, izlanishlar va qattiq mehnat sabab bo'lsa kerak

– Keyingi turda sobiq jamoangiz “Neftchi” klubiga qarshi maydonga tushamiz. Mazkur bellashuvdan nimalar kutyapsiz?

– Albatta, amaldagi chempionlarga qarshi o'ynash har doim qiziq bo'ladi. Manimcha, o'yin kuni muxlislar stadionni to'ldirishadi. Tabiiyki, biz muxlislar qarshisida har doim g'alaba uchun to'p suramiz. Muxlislar qo'llab-quvvatlashi bizga qo'shimcha kuch bag'ishlaydi. Shu sababli g'alaba qozonich uchun bizda imkoniyat bor deb o'ylayman va buning uchun maydonda bor kuchimizni ishga solamiz.

– Buxorolik muxlislar mavsum davomida sizdan ko'p narsa kutishadi. Boisi jamoamiz tarkibidagi eng tajribali futbolchilardan birisiz…

– Buni juda yaxshi his qilib turibman. Jamoaga yordam berish uchun kelganman. Bu har bir futbolchining vazifasi deb o'ylayman. Jamoa chempionat oxirida kuchli uchlikdan joy olishi uchun bor kuchim bilan harakat qilaman. Muxlislar ishonchi uchun katta rahmat aytib qolaman.

O'xshash yangiliklar


Оқил АбдубарноевMuallif
Manba: "Бухоро" матбуот хизмати