

"Butun Farg'ona xalqini chempionlik bilan tabriklayman. Xudo xohlasa, bundan ham yuksak marralarga birgalikda erishamiz", – dedi Ergashev.
Darvozabondan chempionlikni qo'lga kiritish yoki uni himoya qilishdan qaysi biri qiyinroq ekani so'raldi.
"Albatta, chempionlikni himoya qilish qiyinroq, chunki mashaqqatli yo'lni bosib o'tdik. Hammamiz yuzimiz yorug' bo'lganidan xursandmiz", – dedi futbolchi.
Shuningdek, Ergashev birinchi bo'limda 0:2 hisobida ortda qolgan jamoa tanaffusdan keyin vaziyatni o'zgartirishga qanday harakat qilgani haqida gapirdi.
"To'g'risi, buni so'z bilan tariflash qiyin. Ikkinchi bo'limda jamoani ruhlantirib, butun o'yinni qo'lga olishga harakat qildik. Yakunda ushbu durang orqali oldimizga qo'ygan maqsadimizga erishdik. Bugun barchani chempionlik bilan tabriklayman", – dedi u.
Darvozabon Jamshid Iskanderovning ikkita penaltini amalga oshirgan paytdagi hissiyotlarini ham esladi.
"Buni tasavvur qilish qiyin. To'g'risini aytganda, juda hayajonli damlar bo'ldi. Buni so'z bilan tariflab bera olmayman", – dedi Ergashev.
Eslatib o'tamiz, "Neftchi" "Dinamo"ga qarshi bahsda Jamshid Iskanderovning ikkita goli evaziga 2:2 hisobida durangga erishdi va mavsum yakunlanishiga bir tur qolganida O'zbekiston chempionligini qo'lga kiritdi.



