

19 yoshli vinger musobaqaga sonning orqa mushagi jarohati bilan keldi va JCH starti oldidan taxminan 8 haftani o'tkazib yubordi. Luis de la Fuente turnirning ilk bosqichlarida futbolchidan ehtiyotkorlik bilan foydalandi, shunga qaramay, Yamal 8 ta o'yinda maydonga tushib, 1 ta gol urdi, 35 ta muvaffaqiyatli dribling ijro etdi (musobaqada eng yaxshi ko'rsatkich) va Ispaniyaga chempionlik unvonini qo'lga kiritishda yordam berdi.
“Rostini aytsam, yo'q, biz ushbu turnirda uning eng yaxshi versiyasini ko'rmadik. Men uchun eng yaxshi Lamin - bu ikki mavsum oldin ko'rganim.
U hali juda yosh, mundialga esa jarohatdan so'ng va deyarli 8 haftalik o'yinsiz tanaffusdan keyin keldi. Bu juda og'ir: shuncha vaqt maydonga tushmasdan, keyin darhol bunday darajada o'ynashing kerak bo'lsa, to'liq mashg'ulotlar uchun vaqt deyarli qolmaydi. Lekin u ajoyib mahorat ko'rsatdi. Ispaniya futbolchilari Laminga yordam berishdi, Lamin esa butun jamoaga yordam berdi. Menimcha, bu ideal hamkorlik bo'ldi”, – dedi Levandovski ESPN'ga bergan intervyusida.

Polshalik hujumchi, shuningdek, “Barselona”da birga o'ynagan ko'plab futbolchilar bilan yaxshi munosabatda bo'lgani sababli turnirda Ispaniyaga muxlislik qilganini ta'kidladi.
“Men Ispaniya terma jamoasining ko'plab futbolchilarini bilaman va klubda ular bilan ko'p vaqt o'tkazganman, shuning uchun ularga muxlislik qildim. Argentina terma jamoasidan faqat Messini shaxsan bilaman xolos, lekin u Jahon chempionatini yutib bo'lgandi, shu sababli Ispaniyaga muxlislik qildim. Insonlar bilan birga o'ynaganingda va ular bilan ko'p vaqt o'tkazganingda, ularni qo'llab-quvvatlash osonroq bo'ladi. Men xursand bo'ldim, chunki ularning Jahon chempionatini yutishga tayyor ekanini bilardim. Ular juda yosh va oldinda ularni buyuk kelajak kutmoqda”.



