Kroos Germaniya terma jamoasi haqida keskin fikr bildirdi

3 iyul 2026, 01:09
"Real" va Germaniya terma jamoasi sobiq yarim himoyachisi Toni Kroos nemislarning JCH–2026dagi omadsiz ishtirokiga baho berdi.

Germaniya terma jamoasi 1/16 finalda Paragvayga qarshi bahsda asosiy vaqtni 1:1 hisobida yakunlab, penaltilar seriyasida mag'lub bo'ldi va musobaqani tark etdi.

"Hozir Germaniya terma jamoasida birorta ham jahon darajasidagi futbolchi yo'q. Albatta, kelajakda shunday darajaga chiqishi mumkin bo'lgan iqtidorli o'yinchilar bor, ammo hozircha ularni jahon yulduzi deb bo'lmaydi.

Ayni paytda Jahon chempionatidagi hal qiluvchi o'yinlarni aynan jahon darajasidagi futbolchilar hal qilmoqda. Ular eng yaxshi to'purarlar ro'yxatida ham peshqadam. Bizda esa bunday futbolchi yo'q. Buni tan olishimiz kerak.

Biz muvaffaqiyatli ishtirok etgan turnirlarda har doim jamoamiz kerakli paytda o'yinni yanada yuqori darajaga olib chiqa oladi, degan ishonch bo'lardi. Hozirgi jamoada esa bu sifat yo'q.

Biz o'zimizni Paragvaydan kuchliroqmiz va baribir g'alaba qozonamiz, deb o'yladik va raqibni mensimadik. Ammo futbolda buning o'zi etarli emas", - dedi Kroos.

O'xshash yangiliklar


Manba: Sky Sport Germany