Xyoness Musiala haqida xavotirli bayonot berdi

Sherzod Nurmatov
10 noya 2026, 14:20
Myunxenning "Bavariya" klubi faxriy prezidenti Uli Xyoness sog'lig'ida jiddiy muammolarga duch kelgan yarim himoyachi Jamol Musialaning kelajagi borasida xavotirlarini bildirdi.

74 yoshli funkcionerning so'zlariga ko'ra, germaniyalik futbolchining xastaligini oddiy davolash yo'li bilan to'liq bartaraf etib bo'lmaydi va uning holati doimiy dori-darmonlar nazoratini talab qiladi.

“Biz qiyin tanlov oldida qoldik. Unda shunchaki davolab bo'lmaydigan kasallik bor, ammo uni ma'lum darajada dori-darmonlar yordamida nazorat qilib turish mumkin. Biroq u qachondir avval ko'rsatgan darajasiga qayta oladimi?”, – dedi Xyoness.

"Bavariya" faxriy prezidenti, shuningdek, vaziyatning moliyaviy jihatiga ham to'xtalib, futbolchining kasalligi shartnomada ko'zda tutilgan sug'urta qoplamasi doirasiga kirmasligini qayd etdi.

Xyoness o'yinchining jismoniy imkoniyatlari o'zgargani sababli klub amaldagi kelishuvni shubha ostiga qo'yishi mumkin bo'lgan vaziyatni tasavvur qilishni taklif etdi. Shu bilan birga, "Bavariya" Musialaning shartnomasini qayta ko'rib chiqish niyatida ekani haqida xabar berilmagan.

Eslatib o'tamiz, 2026 yilning avgustida germaniyalik yarim himoyachi o'yin vaqtida ikki bor hushini yo'qotgandi. Har ikkala holatda ham futbolchiga tibbiy yordam ko'rsatilgan.

Keyinchalik Musiala shifokorlar unda nevrologik disfunksiya bilan bog'liq qisqa muddatli absanslar tashxisini qo'yganini aytgandi. Futbolchining o'zi bu xastalik muolajaga yaxshi javob berayotganini takidlagan.

23 yoshli Musiala 2020 yildan beri "Bavariya"ning asosiy jamoasida to'p tepib kelmoqda va nemis klubining yetakchi futbolchilaridan biri hisoblanadi.

O'xshash yangiliklar


Sherzod NurmatovMuallif
Manba: ESPN