Kristof Dyugarri: "Fransiya individual jihatdan dunyoda tengsiz, ularni tomosha qilish - huzur!"

Aslanov Jasurbek
31 mar 2026
Fransiya terma jamoasi sobiq yarim himoyachisi Kristof Dyugarri "uch ranglilar"ning JCH-2026 oldidan imkoniyatlarini yuqori baholadi.

Dide Desham shogirdlari mart oyidagi o'rtoqlik uchrashuvlarida Braziliya (2:1) va Kolumbiyani (3:1) mag'lub etganidan so'ng, ekspert o'z optimizmi bilan o'rtoqlashdi.

"Menimcha, individual mahorat bobida bizda dunyodagi eng kuchli terma jamoa bor. Biz 25-26 nafar eng sara futbolchidan iborat tarkibni yig'a olamiz. Ilgari bizga jamoaviy o'yin etishmayotgan edi, endi esa futbolchilar maydonda bir-birlarini tushunishni boshlashdi. Ularning birgalikda yugurishi va o'ynashini kuzatish haqiqiy huzur bag'ishlaydi", - dedi Dyugarri.

Shuningdek, sobiq futbolchi raqiblarning o'yiniga ham to'xtaldi: "Agar biz Fransiya uchun xavotirlanayotgan bo'lsak, unda Braziliya va Kolumbiya haqida nima deyish mumkin? Ochig'ini aytsam, ularning o'yini shunchaki falokat bo'ldi. Men o'z jamoamizga tobora ko'proq ishonmoqdaman".

Eslatib o'tamiz, Fransiya terma jamoasi bo'lajak mundialning asosiy favoritlaridan biri hisoblanadi.


Aslanov JasurbekMuallif
Manba: RMC Sport