Kamoliddin Tojiev: "Qayerdan offsayd topishdi bilmayman. Offsayd chizig'ini darvoza ortida chizsa ham offsayd yo'q edi"

21 avg 2026, 23:27
Superliga 18-turidan o'rin olgan "Paxtakor" - "Surxon" (0:0) uchrashuvidan so'ng toshkentliklar ustozi Kamoliddin Tojiev o'yindan keyingi matbuot anjumanida ishtirok etdi.

"Yaxshi o'yin bo'ldi. Oxirigacha kurashdik. Qayerdan offsayd topishdi bilmayman. Uch ochkodan mahrum bo'ldik. Offsayd chizig'i deb, chiziqni darvoza ortidan chizishmoqda. U yerda hech qanday o'yindan tashqari holat yo'q. Menimcha, vaziyatni hamma ko'rdi. Yigitlarga rahmat deyman. Ular oxirigacha kurashdi", - deya gap boshladi Kamoliddin Tojiev.

- Takroriy holatni ko'rdingizmi? Sababi o'yin vaqtida hissiyotlarga berilgan bo'ladi. O'yindan so'ng takrorda esa vaziyatni xotirjam ko'rib olib, yakuniy xulosaga kelinadi...
- Ko'rdim. O'zimizning kameradan ko'rdik. U yerda umuman offsayd yo'q edi. Offsayd chizig'ini darvoza ortida chizsa ham offsayd yo'q. Takroriy vaziyatni ko'rdik.

- 90 daqiqa davomida "Paxtakor" 2-3ta gol urib qo'yganida ushbu bahsli vaziyat umuman ahamiyatsiz bo'lib qolar edi...
- Yaratgan vaziyatlarimizdan unumli foydalana olmadik. Barcha jamoalar "Paxtakor"ga qarshi 200% kurashadi. Shuning uchun biz ham qiynaldik va yana vaziyatlardan unumli foydalanmadik.

- "Surxon" kabi jamoalarga qarshi ikki nafar hujumchi bilan o'ynatsa bo'lmasmidi?
- Biz hujumchi ortida yana bir futbolchini o'ynatamiz. U ham hujumchi sifatida hisoblanadi.

- "Neftchi" bilan Kubok o'yini bor. Undan oldin esa "Dinamo"ga qarshi o'yin. "Dinamo"ga qarshi o'yinda rotaciya bo'ladimi?
- Hozir faqat "Dinamo"ni haqida o'ylaymiz.

- OCHLga qur'a tashlandi. "Paxtakor" o'tgan safar Saudiya jamoalaridan ko'ra qatarliklar bilan o'ynagan edi. Qur'a natijasidan qoniqdingizmi?
- Biz yulduzlarga qarshi o'ynaymiz. Kuchlilarga qarshi o'ynashimiz yaxshi-ku. Muxlislarimiz ham katta yulduzlarni ko'rishadi. Umuman olganda, qiziqish ortadi.

- Yangi futbolchilarning bugungi o'yiniga qanday baho berasiz?
- Murtazo jarohat oldi. Ayman ham yaqindagina jarohatdan qutulgan edi. Nasib bo'lsa, ikki futbolchi ham tez orada eng yaxshi sport formasiga kirib oladi.

O'xshash yangiliklar


Manba: championat.asia