Nanni San-Marino terma jamoasi tarixida dubl qayd etgan ilk futbolchiga aylandi

Sherzod Nurmatov
19 noya 2026, 12:55
San-Marino terma jamoasi hujumchisi Nikola Nanni jamoa tarixida bitta xalqaro o'yinda ikkita gol urgan ilk futbolchi bo'ldi.

15 noyabr kuni Xelsinkida UEFA Millatlar Ligasi doirasida Finlyandiyaga qarshi kechgan bahsda u dubl qayd etdi. San-marinoliklar 2:7 hisobida mag'lub bo'lishdi, biroq jamoaning har ikkala goliga aynan 26 yoshli forvard mualliflik qildi.

Nanni ilk golini 26-daqiqada penaltini aniq amalga oshirgan holda urdi. Hakam videotakrorni (VAR) ko'rib chiqqanidan so'ng 11 metrlik jarima zarbasi belgilanganini tasdiqladi. 76-daqiqada esa hujumchi Nikolas Jakopettining uzatmasidan so'ng o'yindan gol urib, o'sha paytdagi hisobni 2:6 ko'rinishiga keltirdi.

San-Marino futbol federatsiyasi xabariga ko'ra, Nanni milliy terma jamoa safidagi 60 ta o'yinda urgan gollari sonini 7 taga etkazdi. U terma jamoa tarixidagi eng yaxshi to'purar Endi Selvaning rekordiga yaqinlashdi (Selva hisobida 8 ta gol bor). 2026 yil davomida forvard uch bor raqiblar darvozasini ishg'ol qildi. Bundan tashqari, federatsiya ma'lumotlariga ko'ra, Xelsinkidagi uchrashuv San-Marino tarixida jamoa kamida ikkita gol urgan atigi uchinchi o'yin bo'ldi.

Birinchi bo'limdan so'ng Finlyandiya 5:1 hisobida oldinda borayotgandi. Mezbonlar safida Adrian Svanbek uchta, Yuel Poxyanpalo ikkita gol urgan bo'lsa, Leo Valta va Daniel Xokans bittadan to'p kiritishdi. Nanni hisobdagi farqni 2:6 gacha qisqartirdi, ammo oradan ikki daqiqa o'tib Svanbek xet-trikni rasmiylashtirdi.

Nannining ushbu yutug'i nafaqat Millatlar Ligasi, balki San-Marino milliy terma jamoasining barcha rasmiy va o'rtoqlik o'yinlari tarixi uchun ham rekord hisoblanadi.

O'xshash yangiliklar

Sherzod NurmatovMuallif