

O'zbekiston milliy terma jamoasi safida yanvar oyidagi o'quv-yig'in mashg'ulotlarida ishtirok etib, ikki uchrashuvda ikki gol urishga erishgan Javohir Husanov terma jamoamizga chaqiruvi, jamoa bosh murabbiyi va o'yinlar haqida "Qo'qon-1912" jamoasining matbuot xizmatiga qisqa intervyu berdi.
- Javohir, avvalo, O'zbekiston milliy terma jamoasidagi debyutingiz bilan tabriklaymiz. Birinchi navbatda terma jamoaga chaqirilishingizni qay darajada kutgandingiz?
- Avvalambor assalomu alaykum! Ochig'ini aytganda, O'zbekiston terma jamoasiga chaqiruv olishimni kutmagandim. Birinchi marta mamlakatimizning bosh terma jamoasiga chaqiruv olganimdan juda xursandman.
- Terma jamoa libosini kiyganingizda qanday his-tuyg'ularni boshdan kechirdingiz?
- Mamlakatimizning bosh jamoasi libosini kiyish har bir futbolchining orzusi va maqsadi bo'lsa kerak. Libosni kiyganingizdan keyin uni oqlash uchun bor kuchingiz bilan harakat qilasiz. Vatan libosida siz katta mas'uliyatni his qilasiz.
- Fabio Kannavaro haqida nima deya olasiz? Ushbu murabbiyning mahalliy murabbiylardan ajralib turadigan qanday farqli jihatlari bor?
- To'g'risini aytganda, mister Kannavaro juda kuchli murabbiy ekan. Ushbu yig'inda asosan raqibni pressing qilish bo'yicha juda ko'p ishlar olib borildi. Har bir murabbiyning o'z uslubi va yo'nalishi bor. O'zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyining talabchanligini alohida ta'kidlab o'tishim lozim.
- Ikkita o'yin va ikkita gol. Terma jamoa safidagi o'yiningiz haqida nima deya olasiz?
- Har ikki bahsda ham maydonga tushib, ikkalasida ham gol urganimdan juda xursandman. Avval aytganimdek, terma jamoaga chaqiruv har bir futbolchining orzusi. Agar futbolchi bosh terma jamoaga chaqiruv olib, debyutida gol ursa, uning baxti yuz barobar oshib ketadi. Hech bir futbolchi o'z o'yinidan to'liq qoniqmaydi. Men ham yanada ko'proq ishlab, Vatanim uchun borimni berishga harakat qilaman.



