"Milan" Allegri va rahbariyatning iste'fosi haqida: "Skudetto uchun real imkoniyatimiz bor edi"

Aslanov Jasurbek
25 may 2026, 22:21
"Milan" klubi bosh murabbiy Massimiliano Allegri va sport rahbariyatining ishdan bo'shatilishi yuzasidan rasmiy bayonot berdi.

Jamoa A Seriya mavsumi yakunlariga ko'ra 5-o'rinni egallab, Chempionlar Ligasi yo'llanmasidan quruq qolgan edi.

"O'tgan mavsumdagi omadsizlikdan so'ng, klub rahbariyati jamoa oldiga Chempionlar Ligasiga qaytish va A Seriyada barqaror g'alabalar uchun poydevor yaratish vazifasini qo'ygan edi.

Mavsumning katta qismida biz A Seriya turnir jadvalida dastlabki ikki o'rinni egallab turdik va skudetto uchun kurashishga real imkoniyatimiz bor edi.

Biroq mavsumning yakuniy qismi ungacha ko'rsatilgan o'yin darajasiga umuman mos kelmadi, kechagi so'nggi uchrashuvdagi alamli mag'lubiyat esa mavsumni mutlaq muvaffaqiyatsizlikka aylantirdi.

Endi o'zgarishlar va futbol sohasidagi barcha ishlarni to'liq qayta tashkil etish vaqti keldi.

Biz bosh direktor Jorjio Furlani, sport direktori Igli Tare, bosh murabbiy Massimiliano Allegri va texnik direktor Jeffri Monkada bilan xayrlashamiz. Ularning har biriga faoliyati davomida "Milan" yo'lida ko'rsatgan fidoiyligi va tinimsiz mehnati uchun minnatdorchilik bildiramiz.

Keyingi tayinlovlar belgilangan tartibda amalga oshiriladi - bundan maqsad yangi mavsumga munosib va yuqori darajada tayyorgarlik ko'rishdir", - deyiladi "rossoneri" bayonotida.

O'xshash yangiliklar


Aslanov JasurbekMuallif
Manba: acmilan.com