

6 oktyabr kuni Yongindagi "Mireu" stadionida O'zbekistonga qarshi o'rtoqlik uchrashuvi yakunlangach, Kim Min Je, Xvan In Bom va Xvan Xi Chan maydonga chiqib, quchoqlashgan holda suratga tushishdi. U yerdagi muhit odatdagidan farq qilar edi.
Koreya futbolidagi bir qator manbalarning takidlashicha, uch futbolchi kiyinish xonasida ayrim sheriklariga "hech narsa o'zgarmayotgani" sababli terma jamoadan ketish qaroriga kelishganini aytgan. Aynan qanday o'zgarishlar nazarda tutilgani noma'lum bo'lsa-da, bazi futbolchilar bu bayonotdan hali bexabar ekani aytilmoqda.
Shu bilan birga, boshqa manbalar futbolchilar terma jamoa bilan xayrlashishga hali yakuniy nuqta qo'ymaganini takidlamoqda. Xvan Xi Chan va Xvan In Bom jurnalistlarning "terma jamoadagi faoliyatingizni yakunlayapsizmi?" degan savolini javobsiz qoldirgan. Ayni paytda bu uch o'yinchi Koreya futbol assotsiatsiyasi yuqori martabali rahbarlari bilan mazkur masalani real vaqt rejimida muhokama qilmoqda va ularning fikri o'zgargan yoki yo'qligi hozircha aniqlanmagan.
Avvalroq, 2 oktyabr kuni Venesuelaga qarshi o'yindan (0:0) so'ng, jamoaning asosiy himoyachisi Kim Min Je: "Himoyachilarga rahmim kelyapti. Hamma birlashib kurashayotgandek tuyulmadi", – deya keskin fikr bildirgan edi. Yarim himoyachi Xvan In Bom esa assotsiatsiya rahbari yo'qligi va vaqtinchalik murabbiylar tizimini tilga olib, ko'ziga yosh olgan holda: "Terma jamoada 9 yildan beri o'ynayapman, lekin ko'p jihatdan hech qanday o'zgarish bo'lmadi", – degan edi.
Bu holat nafaqat bazi jamoadoshlarning maydondagi past energiyasi va himoyaga yordam bermasligiga qaratilgan tanqid, balki Shimoliy va Markaziy Amerikada bo'lib o'tgan Jahon chempionati atrofida yig'ilib qolgan ichki nizolarning ham mahsuli sifatida ko'rilmoqda. Jahon chempionatida Janubiy Afrika bilan o'yindagi muvaffaqiyatsizlikdan so'ng turnirni tark etgan jamoa ichida turli qarama-qarshiliklar yuzaga kelgan. Xususan, 1992 yilda tug'ilgan faxriylar – Son Xyon Min va Li Je Son bilan 1996 yilgi avlod vakillari o'rtasida mojarolarni davom ettirish borasida kelishmovchilik bo'lgan. 9 yildan buyon sardorlik qilib kelayotgan Son Xyon Min ham jamoa atrofidagi bu kabi shov-shuvlarda mas'uliyatdan xoli emasligi aytilmoqda.



