

Kecha O'zbekiston U-20 terma jamoasi mazkur turnir doirasida Saudiya Arabistoni bilan to'qnash keldi. O'yin murosasiz va kurashlar ostida o'tdi, asosiy daqiqalarda 2:2 hisobi qayd etilgach tomonlar penaltilar seriyasiga yuzlandi. Unda omad yoshlarimizga kulib boqdi. O'yindan so'ng O'zbekiston U-20 terma jamoasi bosh murabbiyi Jamoliddin Rahmatullaev fikrlarini bildirdi.
"Turnir haqida to'xtaladigan bo'lsam, bu xotira turniri hisoblanadi. Mirabror Usmonovni o'zbek futboli uchun katta mehnatlari singgan. Mazkur musobaqani doim yuqori saviyada o'tkazishga harakat qilamiz. Bu safargi raqiblar ham yaxshi tanlangan.
Saudiya Arabistoni bilan uchrashuvga to'xtaladigan bo'lsam, yomg'ir ostida kurashlarga boy o'tdi. Raqib birinchi turda mag'lubiyatga uchragani sababli bizga qarshi ikki hissa motivaciya bilan o'ynadi. Jamoamiz ikki bor hisobda ortda borayotganiga qaramay vaziyatdan chiqib keta oldi. Umumiy o'yin esa bizning nazoratimiz ostida o'tdi deb o'ylayman. Yigitlar har bir goldan so'ng xarakter ko'rsatishganini aytish joiz. Oxirgi daqiqalarda gol yetishmadi, xursand qiladigan tomoni penaltilar seriyasida futbolchilarim ruhan xotirjam va sovuqqon harakat qilishdi",- deydi Jamoliddin Rahmatullaev.
- Armaniston bilan osonroq g'alaba qo'lga kiritilgandi. Saudiya Arabistonidan jiddiy qarshilik kutganmidingiz?
- Birinchi o'yinda startda qiynalgandik. Raqib bizni o'rgangan va shu bois zich himoyachni ushlashga harakat qildi. Lekin o'z o'yinimizni ko'rsatgan edik. Ikkinchi turda raqib saviyasi kuchliroq bo'ldi, Saudiya Arabistoni yaxshi qarshilik ko'rsatdi. Baribir kamchiliklarimiz bor, chunki yig'inda ko'rib olishimiz kerak bo'lgan yigitlarni ham chaqirgandik. Ularga ham imkoniyat beryapmiz.
- 2008 yillardan terma jamoaga nomzod hisoblangan Abubakir Shukrullaev, Jamshid Rustamov kabi futbolchilar jarohatda edi. Ularning holati qanday?
- Ular bilan doim suhbatdamiz. Juda iqtidorli yigitlar, katta yo'l bosib o'tishgan. Bu yigitlar biz uchun muhim. Abubakirni bu yig'inga chaqirishga harakat qilgan edik. Lekin jismoniy holati tonusda bo'lmagani uchun boshqa futbolchilarni sinab ko'rishga qaror qildik. Jamshidni poziciyasida legionerlarni ko'rib chiqyapmiz.
- Sayfiddin Sodiqov va Sadriddin Hasanov Portugaliyadan chaqirildi...
- Ushbu futbolchilarda yangi jamoasiga moslashish jarayoni ketmoqda. Birinchi o'yinda ikki legionerimizning ham o'yini kutilganidek chiqmadi. Ularga individual yondoshgan holda xatolarini ko'rsatdik. Saudiya Arabistoni bilan esa ikki futbolchimiz ham o'zini yaxshi ko'rsatdi. Sadriddin Hasanovning himoyalanishdagi sifatlarini yaxshilashimiz kerak edi, bu safar uning o'yini menga yoqdi.



