Islom Ismoilov: "Yovan Jokichni ro'yxatdan chiqardik"

8 avg 2026, 23:47
Superliga 16-turidan o'rin olgan "Neftchi" – "Qizilqum" (5:0) uchrashuvidan keyin farg'onaliklar bosh murabbiyi Islom Ismoilov matbuot anjumanida ishtirok etdi.

- O'yin haqida fikringiz?

- Avvalo chiroyli g'alaba bilan muxlislarimizni tabriklayman. Bugun chiroyli o'yin kechdi, gollar ham chiroyli bo'ldi. Ikkita durangdan keyin o'zimizga kelishib olishimiz kerak edi. Bu borada yigitlar bilan gaplashdik. "Qizilqum"ni birinchi davrada yirik hisobda yutgandik, bugun ham buning uddasidan chiqdik. O'zimiz o'ylagan barcha narsani maydonda amalga oshira oldik.

- Transfer oynasi yopilishi oldidan yana o'zgarish bo'ladimi?

- Tarkibni maksimal darajada kuchaytirishga harakat qildik. Selekciya to'xtab qolgani yo'q, faqat biz olishni xohlagan futbolchilarning o'z klublari bilan shartnomasi bor. Shuning uchun hozirgi paytda yaxshi saviyadagi o'yinchini qo'lga kiritish oson ish emas. Qolaversa, mavjud tarkibimizdan ko'nglimiz to'q va shu yigitlar bilan yaxshi natija ko'rsatishga harakat qilamiz. Elit OCHL uchun tarkibni kuchaytirish niyatimiz bor, bu borada ish olib borilyapti. Xudo xohlasa yaxshi yangiliklar bo'lishi kerak. Elit OCHL uchun transfer hali ochiq, buyog'iga kimni qo'shib olsak ham faqat xalqaro maydonda o'ynata olamiz. O'zimizda legionerlar litimi to'la. Shuning uchun Yovan Jokichni ro'yxatdan chiqarib, o'rniga Koffi Kuaoni qo'shdik.

- Otabek Shukurov, Odil Hamrobekov haqida gap-so'zlar yuribdi.

- Shukurov bilan bog'langanimizda hozircha O'zbekistonga qaytish niyati yo'qligini ma'lum qildi. Hamrobekovning o'z klubi bilan shartnomasi bor.

- Muhsin Ubaydullaevning o'yini borasida fikringiz?

- Muhsin - universal futbolchi. Himoyada ham, yarim himoyada ham, markazda ham, qanotlarda ham o'ynay oladi. Bugun uni tayanch yarim himoyachi sifatida o'ynatdik, o'zidan yaxshi taassurot qoldirdi.

- Silvanus Nimelini ortga qaytarish rejangiz yo'qmi?

- Yo'q, bu borada ish ketmayapti.

- Oxirgi o'yinlarda himoya chizig'ida biroz xotirjamlik yuzaga kelgandek ko'rinyapti.

- Agar biz hujumkor futbolni xohlasak va ko'p gol urishni istasak, himoyada xatolar bo'lishi tabiiy. Jamoamiz hujumga o'tganda ancha yuqoriga ko'tarilamiz, natijada orqada katta bo'shliq qoladi. Raqib esa tabiiyki qarshi hujumlarda o'z omadini sinab ko'radi. Istaymizmi-yo'qmi, futbolda shunday bo'ladi.

Yoki himoyani mustahkam qo'yib bitta imkoniyatni kutib yashashimiz kerak, yoki hozirgidek futbol o'ynashimiz darkor. Biz ikkinchi usulni tanlaganmiz. Hozircha 38ta gol urib, atigi 6ta to'p o'tkazdik. Bu shunchaki dahshatli ko'rsatkich. Doim hujumkor o'yin namoyish etib oltita gol qo'yib yuborish katta mehnat talab qiladi.

Kamroq xatoga yo'l qo'yish uchun maksimal darajada harakat qilyapmiz. Lekin nima uchundir matbuot anjumanidagi gaplarimni to'liq chiqarishmayapti. "Dinamo" bilan o'yindan keyin bir gapni aytgandim, uniyam chiqarishmadi. Ko'p gaplarimni qirqishyapti.

Yovan Jokichni misol keltirib aytgandim, "Manchester Siti"da Rodri o'ynamagan payt jamoa qancha qiynaldi. Jokich ham biz uchun asosiy figura hisoblanadi. Uning o'rnini birdaniga to'ldira olmadik va uchta o'yinda qiynaldik. Hozir asta-sekinlik bilan Jokich o'rnini boshqa futbolchilar bilan yopishga harakat qilyapmiz. Jamoamiz o'yin uslubida tayanch yarim himoyachisi juda muhim figura hisoblanadi. Buning uchun bizga Jokichga o'xshagan sovuqqon, har qanday holatda qaror qabul qila oladigan futbolchi kerak bo'ladi.

Jamoamizda jarohatlar ko'payyapti, bugun Anvar G'ofurov ham jarohat oldi. Optimal tarkibni yig'ib, jarohat sabab 2-3 futbolchi o'ynamay qolsa, bu xuddi yig'ilgan legoni buzib boshqattan yig'ishga o'xshab qoladi. Buyog'iga jarohatlar kam bo'lishiga umid qilib qolamiz. Barcha futbolchilardan ham hujumda, ham himoyada faol bo'lishlarini talab qilamiz.

O'xshash yangiliklar


Manba: championat.asia