"Futbol 90 daqiqa o'ynaladi" – Mirjalol Qosimov "Bunyodkor"ga qarshi uchrashuv, har o'yinda o'tkazilayotgan gollar va Mirjamol Qosimov haqida gapirdi

Оқил Абдубарноев
9 avg 2026, 00:46
OKMK bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov Superliganing 16-turi doirasida "Bunyodkor"ga qarshi o'yindan keyin (3:2) matbuot anjmunida ishtirok etdi.

– O'yin haqida o'z fikrlaringiz bilan o'rtoqlashsangiz.

– O'yinga keladigan bo'lsak, bugun muhim uch ochkoni qo'lga kiritdik. Futbolchilar bilan gaplashganimizda ular vaziyatni to'g'ri tushunib turishganini ta'kidladim. "Bunyodkor" tarkibida bir qator o'zgarishlar bo'ldi, asosiy o'yinchilarning o'rniga yoshlar jamoasidan va dublyorlardan futbolchilar maydonga tushirildi. Yoshlar, albatta, o'zlarini ko'rsatishga, oxirigacha kurashishga harakat qilishdi va bu bizga o'ziga yarasha qiyinchilik tug'dirdi.

Birinchi bo'limda qarshi hujumda tezkor gol o'tkazib yubordik, so'ng o'zimiz uchta gol urishga muvaffaq bo'ldik. Biroq, ikkinchi bo'lim boshida yana kutilmagan gol o'tkazib yubordik. Bu vaziyat "Bunyodkor" jamoasiga qo'shimcha kuch bag'ishladi va o'yin kurashlarga boy tarzda kechdi. Eng muhimi – biz uch ochkoga erishdik.

Shuni alohida takidlash kerakki, bu yil maydon sifati bizni eng ko'p qiynagan omillardan biri bo'ldi. Maydon chimi juda yopishqoq holatda edi. Ko'rinib turibdiki, shu sababli yigitlar oddiy vaziyatlarda to'p yo'qotishdi, uzatmalarda xatoliklarga yo'l qo'yishdi. Bundan tashqari, o'zingiz ko'rdingiz, kerakli o'yinchimiz jarohat olib maydonni tark etdi. Unga sog'liq tilaymiz, boshqa ilojimiz yo'q.

– OKMK uchun mavsumning ushbu qismi biroz murakkab boshlandi: uchta o'yinda faqat bir ochko olingan edi. Bugungi g'alaba bilan jamoa uchinchi o'ringa qaytdi. Uchrashuv, nazarimda, uchta qismdan iborat bo'ldi. "Bunyodkor" o'tgan turda o'ynamagani sababli, ularda tiklanish uchun ko'proq vaqt bor edi. Shunday bo'lsa-da, ular pressingga qarshi juda yaxshi o'yin ko'rsatishdi. Savolim shundan iboratki: ikkinchi bo'limda jamoangiz raqibga ko'proq hududlarni bilib turib topshirdimi yoki "Bunyodkor" bosimni kuchaytirdimi?

– Yo'q, bunday ko'rsatma berilgani yo'q. Futbol 90 daqiqa o'ynaladi. Biz kiyim almashtirish xonasidan chiqqan zahotimiz ikkinchi golni o'tkazib yubordik. Bu qandaydir palapartishlik oqibatida yuz berdi. Men yigitlarga o'yindan oldin ham, tanaffusda ham aytgandim: maydon holati juda og'ir, bunday maydonda oyoqlar tez toliqadi va charchoq alomatlari erta seziladi. Shuning uchun, kimdir charchasa, buning uyatli joyi yo'q, qo'lini ko'tarib murabbiyga ishora qilishi mumkinligini va buni to'g'ri tushunishimni uqtirgandim. Maydonda to'liq kuch bilan baxshida bo'lib o'ynash kerak.

Ikkinchi gol futbolchilarga ruhiy ta’sir qildi. Keyinroq bizda yana yaxshi kombinaciyalar yuzaga keldi. Masalan, Siavash Haqnazariy yuzaga kelgan vaziyatdan unumli foydalanib, to'pni darvoza to'riga shunchaki joylab qo'yishi kerak edi, lekin u zarba bilan to'rni yirtmoqchi bo'ldi shekilli. Agar o'sha vaziyatda gol urilganida, o'yin tizimi va muxlislarning fikri butunlay boshqacha bo'lardi. Bitta epizod o'yinning butun borishiga ta’sir qilishi mumkin. Ammo orqaga chekinish haqida ko'rsatma bo'lmagan. Qaysidir manoda o'sha 15 daqiqalik tanaffus bizning foydamizga ishlamadi.

– OKMKning o'yin uslubi haqida so'ramoqchi edim. Jamoa ko'pincha ochiq futbol namoyish etadi, yani raqibga ham hujum qilishga imkon beradi, o'zi ham ko'p gol uradi. Biroq mavsum boshlanganidan beri jamoa deyarli barcha o'yinlarda gol o'tkazib kelmoqda. 16 turda ikkita uchrashuvda gol o'tkazib yubormadi. Bu mudofaa chizig'i vakillarining saviyasi bilan bog'liqmi yoki jamoa ko'proq hujumga o'tib ketgani uchun kelib chiqadigan tabiiy holatmi?

– Yo'q, bu to'g'ridan-to'g'ri saviya bilan bog'liq emas. Futbolda xatolar bo'lib turadi. Bazida pozicion xatolar, himoyada bir-birini sug'urta qilishda kamchiliklar kuzatiladi. Birinchidan, biz faqat himoyaga yotib olib, yopiq futbol o'ynamaymiz. Ikkinchidan, jamoa hujumga o'tganda, xohlaysizmi-yo'qmi, orqada bo'sh hududlar paydo bo'ladi. Uchinchidan, jamoaning birinchi zonadan uchinchi zonaga tezkorlik bilan chiqib ketish jarayonida qayerdadir ulgurmay qolishimiz mumkin.

Bundan tashqari, standart vaziyatlardagi e'tiborsizlik ham bunga sabab bo'ladi. "Nasaf" bilan o'yinda Sharof Muhitdinovning golida ham shunday holat bo'lgandi. Masalan, vaqtida "Spartak" jamoasi nima hisobiga g'alaba qozonar edi? "Spartak" qisqa uzatmalar orqali ustunlikka erishardi, to'pga qaraguningizcha o'yinchi g'oyib bo'lardi. Men buni yigitlarning ongiga singdirishga harakat qilaman – bu yerda diqqatni yo'qotmaslik kerak. Standart vaziyatlarda jarima maydonchasi ichida hamma o'z raqibi bilan kurashadi, jamoadoshiga yordam berishga intiladi, lekin bazida o'zlariga biriktirilgan o'yinchini unutib qo'yishadi. Futbol bu – 11 ga 11 o'ynaladigan o'yin. Diqqatni va hushyorlikni yo'qotmaslik juda muhim.

– O'tgan o'yinda Karimov Zafar Murodov bilan to'qnashib ketgan edi. Karimov o'sha epizodda jarohat olganmidi?

– Futbolda bo'lib turadigan holat, uning jarohati bor edi. Men oxirgi vaziyatda uning bo'ynidan shikastlanganini ko'rib qoldim. Issiq jon. Aslida, har bir poziciyada ikkitadan teng kuchli o'yinchi bo'lishi kerak. Biroq maydonga tushganda u kutilganidan juda ham past darajadagi o'yin ko'rsatdi. Barcha yakkakurashlarni boy berdi va juda sekin harakat qildi. Oddiy vaziyatlarda xato qildik. Biz qiynalib gol uryapmiz, lekin o'zimiz osonlik bilan gol o'tkazib yuboryapmiz. Shu sababli uni almashtirishga qaror qildim.

1786214934839.jpg

– Bugungi g'alabada eng asosiy omil sifatida nimani ko'rsatasiz: xarakter, taktika yoki futbolchilarning individual mahorati?

– Jamoaviy o'yinni.

– Savolim sizga begona bo'lmagan "Bunyodkor"dagi holat haqida. Jamoaning o'yin uslubi yoki natijalari emas, moliyaviy holati, Rivaldo oldidagi qarzlar haqida so'ramoqchi edim. "Bunyodkor" ko'pchilikka nisbatan sizga yaqinroq bo'lgan klub. Klubning bankrotlik yoqasiga kelib qolgani haqida mish-mishlar bor, yani "Bunyodkor" komada yotgan bemordek. Nima deb o'ylaysiz, bu bemorning uzoq vaqt azoblanishiga yo'l qo'ymasdan, qarzlarsiz qayta dunyoga kelishi tarafdorimisiz yoki jamoa yillar davomida yashash uchun kurashishi kerakmi?

– Men Ilyos Zeytullaevga ham aytdim, eng muhimi – sog'liq. Bunday holatlar futbolda bo'lib turadi. Xudo xohlasa, hammasi iziga tushib ketadi. Bu klub baribir katta maskan, bu yerda qanchadan-qancha odamlarning mehnati yotganini unutmaslik kerak. Hech kim bu infratuzilmani o'zi bilan buzib ko'tarib kyetmaydi, bularning barchasi shu yerda, o'zimizning yosh avlod uchun qoladi. Ishonamanki, qanchalik ko'p odam mehnat qilayotgan bo'lsa, bu muammolarning echimi ham topiladi. Hech bir mehnat besamar kyetmaydi. Yaxshi echim topilib, bu klub yana futbolimiz rivojiga xizmat qiladi, degan umiddaman.

– Xurshid G'iyosov OKMK safida oxirgi yillarda liderga aylandi, ammo "Neftchi"da etarlicha samaradorlik ko'rsata olmayapti, uni "Andijon"ga ijara berilishi haqida xabarlar chiqdi. Transfer oynasida G'iyosovni qaytarish yoki ijara olish bo'yicha muzokaralar bo'lmadimi?

– Xurshid G'iyosov haqidagi savolni uning murabbiyiga berasizlar.

– Mirjamol Qosimov haqida so'ramoqchi edim, u keyingi raqibingiz "Buxoro"ga birinchi davrada gol urgandi, ammo oxirgi 4 o'yindan beri maydonga tushirilmayapti.

– U jarohat olgan.

O'xshash yangiliklar


Оқил АбдубарноевMuallif
Manba: Championat.asia