Jamshid Saidov: "Neftchi" har ikkala bo'limda ustunlik qildi"

8 avg 2026, 22:50
Superliga 16-turidan o'rin olgan "Neftchi" – "Qizilqum" (5:0) uchrashuvidan keyin navoiyliklar bosh murabbiyi Jamshid Saidov matbuot anjumanida ishtirok etdi.

- O'yin haqida fikringiz?

- Nima deyishim mumkin, tezkor gol o'tkazib yubordik va shu bilan o'yin ham o'zgarib ketdi. Raqib har ikkala bo'limda ustunlik qildi. Biz o'z o'yinimizni ko'rsata olmadik. "Neftchi" safida mahoratli futbolchilar ko'p, ular o'yin taqdirini hal qilishdi. Endi navbatdagi bahsga hozirlik ko'ramiz.

- Jamoangiz qisqa paslar bilan birinchi taymni o'tkazdi va bu uslub yaxshi ko'rindi. Ammo ikkinchi bo'limda "Neftchi" bunga yo'l qo'ymadi. Siz esa qisqa paslar bilan o'ynashda davom etdingiz. Shunga munosabatingiz?

- To'g'ri aytdingiz, biz ochiq futbol ko'rsatishga o'tdik, aslida bunday qilmasligimiz kerak edi. "Neftchi" bilan mehmonda ochiq futbol oson emas, buning oqibatida ko'plab xatolar yuzaga keldi. Raqib darvozasi oldida biz ham vaziyat yaratdik, lekin yakuniy zarbani bera olmadik. Kamida durangga umid qilgandik, ammo yirik mag'lubiyatni qabul qilib oldik. 

- Birinchi taymda penaltiga sabab bo'ladigan ikkita vaziyat bo'ldi. Shu vaziyatlar bo'yicha hakamlarga etiroz bildirdingiz.

- Men hakamlar ishiga aralashmayman. O'z fikrimni aytdim, xolos. Qarorni esa ular chiqaradi.

- Nodirxon Nematxonov bilan Ruslan Roziev nima uchun asosiy tarkibda tushishmadi?

- Ularning jamoamiz safiga qo'shilganiga hali ko'p bo'lmadi. Yangilar jamoaga moslashish jarayonini kechiryapti. Shu bois hozircha zaxiradan tushirdik.

- Tez orada transfer oynasi yopiladi. Yana yangi futbolchilar keladimi?

- Ko'z ostimizga olib qo'ygan o'yinchilar bor, ulgursak qo'shib olamiz, ulgurmasak shu tarkib bilan mavsumni tugatib qo'yamiz.

- Bugun darvozabonning o'yiniga qanday baho berasiz?

- Yirik hisobdagi mag'lubiyatga darvozabonni ayblamagan bo'lardim. U qo'ldan kelgancha o'zini ko'rsatishga harakat qildi.

O'xshash yangiliklar


Manba: championat.asia