Ro'ziqul Berdiev: "Birinchi bo'limda gol urganimizda o'yin boshqacha kechardi"

9 avg 2026, 00:26
Superliga 16-turidan o'rin olgan "Nasaf" – "Qo'qon-1912" (0:0) uchrashuvidan keyin qarshiliklar bosh murabbiyi Ro'ziqul Berdiev matbuot anjumanida ishtirok etdi.

- O'yin haqida fikringiz?

- Raqib himoyasini yorib o'tish ancha qiyin bo'ldi. Bugun "Qo'qon-1912" himoyada zich harakat qildi. Shunga qaramay, birinchi bo'limdagi vaziyatni golga aylantirganimizda bahs boshqacha kechardi. Bugun hujumda kam imkoniyatga ega bo'ldik, raqib himoyachilari deyarli imkon bermadi. Shu bois "Qo'qon-1912" jamoasi bir ochkoni qo'lga kiritdi deb ayta olaman.

- Birinchi taymda jamoangiz yaxshi harakat qildi, lekin ikkinchi bo'limda sustlashib ketdi. Yaxshi o'ynab turgan Shala almashtirildi. Oxirigacha o'ynab qo'ysa bo'lmasmidi?

- Gap faqat Shalada emas. Bitta tarkib bilan ko'p uchrashuvlarni o'tkazganimiz bois bugungi o'yinda engillik ko'rinmadi. OKMK bilan bahsdan so'ng to'liq tiklanishga ulgurmaganimiz ko'rinib qoldi. Shala o'tgan tur katta hajmdagi ishni bajargandi. Bugun raqib jamoa bo'lib himoyalangani bois Shalani almashtirishga va kreativlikni oshirishga qaror qildik. Afsus, g'alaba qozona olmadik. Bo'sh hududlar kam bo'lgan paytda Shalada ham kam imkoniyat bo'ladi.

- Umar Eshmurodov tarkibda ko'rinmayapti.

- Unda engil jarohat bor, hozir davolanyapti. Umar keyingi bahsgacha tayyor bo'ladi deb o'ylayman.

- Yozgi transferlardan ko'nglingiz to'ldimi?

- Biz ko'p narsani reja qilgandik, saviyasi balandroq futbolchilarni xohlagandik, biroq shu o'yinchilar bilan cheklandik.

O'xshash yangiliklar


Manba: championat.asia