Intervyu. Denis Korostichenko: "SSKAda Fayzievni ham eslashadi. Bu yerda mayda detallarga e'tibor kuchli"

Iskandarov Abdulaziz
27 avg 2026, 17:20
Rossiyaning eng sovrindor va nomdor klublaridan biri - Moskvaning SSKA jamoasida faoliyat yuritayotgan o'zbekistonlik murabbiy Denis Korostichenko bilan uyushtirilgan eksklyuziv intervyuni e'tiboringizga havola etamiz.

- SSKAga borib qolishingiz qanday yuz berdi? Sababi siz oddiy jamoaga emas, Rossiyaning top klubiga yo'l oldingiz. Bunga qadar esa "Bunyodkor farm" va O'zbekiston U-16 terma jamoasida faoliyat yuritayotgan edingiz...

- Bu - Rossiyadagi ulkan va eng ko'p sovrin yutgan jamoa. Ilgari "Bunyodkor"da ishlaganman, ammo o'zingizga ma'lumki, yaqin do'stim allaqachon SSKAda faoliyat yuritayotgan edi. Biz uzoq vaqtdan beri bir jamoada birga ishlashni orzu qilardik. Unda meni klubga taklif qilish imkoniyati paydo bo'lishi bilan darhol shunday qildi. Shu tariqa, mustaqil ravishda Moskvaga yo'l oldim. Albatta, bu juda katta mas'uliyat, ammo bu - men doimo istagan va kutgan marra edi.

2.jpg

- SSKA oldiga qo'yilgan maqsadlar qanday? Jamoa chempionlikka da'vogarlik qila oladimi? Shunday top-klubda shaxsiy maqsadlaringiz belgilanganmi?

- SSKAning yagona maqsadi bor: doimo eng yuqori o'rinlar uchun kurashish va chempionlikni qo'lga kiritish! Biz ana shu maqsadga erishish uchun bor kuchimiz bilan intilamiz. Shaxsan men uchun bu - har tomonlama kuchliroq va tajribaliroq murabbiy bo'lib shakllanishimga yordam beradigan ulkan maktab.

- Shu davrgacha chet elda qanday yangiliklarni o'zlashtirdingiz? Chetdan qaraganda, mahalliy murabbiylarimiz ko'proq nimaning ustida ishlashlari kerak deb o'ylaysiz?

- O'yinning o'ziga kelsak, qandaydir yangi narsa o'ylab topish mumkin deb o'ylamayman - futbol hamma joyda bir xil futbol. Biroq bu yerda mashg'ulotlar jarayoni va o'yinlarga bevosita tayyorgarlikning eng mayda detallarigacha qaratiladigan e'tibor darajasi ancha yuqori. Jarayonga bo'lgan professional yondashuv juda chuqur.

3.jpg

- Dmitrii Igdisamov haqida fikrlaringiz qanday? Sergelida ulg'aygan yigitlar bir kun kelib SSKA bosh murabbiyi bo'ldi, siz esa unga yordamchisiz...

- Men shunchaki yuz berdi deb o'ylamayman (kuladi) U - ham ruhan, ham fikrlash tarzi jihatidan juda qatiyatli va kuchli inson! Dmitriy asosiy jamoa shtabiga qo'shilish uchun juda uzoq va mashaqqatli yo'lni, sinovli bosqichlarni bosib o'tdi. Bu yutuqqa u 100 foiz munosib va hozirgi kunda unga yordam bera olayotganimdan juda xursandman. Biz murabbiy sifatida birgalikda rivojlanishda va yanada kuchli bo'lishda davom etamiz.

- SSKAda ko'proq qaysi o'zbekistonlik futbolchilar haqida iliq fikrlar bildirishadi? Aleksandr Geynrix qisqa vaqt o'ynagan, Ulug'bek Baqoev, Davron Fayziev, yaqinda esa Abbosbek Fayzullayev to'p tepib ketdi...

- Albatta, bu yerda ushbu futbolchilarning barchasini juda yaxshi eslashadi. Abbos yaqindagina o'ynab ketgani uchun muxlislar va mutaxassislar uni juda yaxshi xotirlashadi va mahoratini yuqori baholashadi. Men shuningdek, Davron Fayzievni yaxshi eslaydigan SSKA afsonalari bilan ham suhbatlashdim; u ham xuddi Sasha va Ulug'bek kabi klub uchun muhim futbolchi bo'lgan. Jamoada ular haqida faqat va faqat iliq fikrlar bildirishadi.

4.jpg

- O'zbek futbolini kuzatib boryapsizmi? Oxirgi paytlardagi voqealar, JCHdan so'ng futbolimizda negativ holatlar (hakamlik, maydonlar sifati, qarzdorliklar) ko'payib ketgandek. Chetdan bu manzara qanday ko'rinmoqda?

- O'zbekistondagi futbol yangiliklaridan doimo xabardor bo'lib turishga harakat qilaman, ammo asosan telegram kanallari orqali - o'yinlarni to'liq tomosha qilishga vaqtim etmayapti. Ilgari "Lokomotiv" va "Navbahor" jamoalarining o'yinlarini muntazam kuzatib borardim, biroq hozir bunga imkon yo'q... Maydonlar holati ham, shubhasiz, jiddiy muammo tug'dirmoqda. Aniq sababini bilmayman-u, lekin bu, ehtimol, haddan tashqari yuqori harorat bilan bog'liqdir - yozda havo juda qizib ketadi. Moliyaviy qiyinchiliklar ham bor, albatta... Ammo umid qilamanki, bu shunchaki vaqtinchalik holat vaziyat ortiga qaytadi, chunki bizda juda iqtidorli futbolchilar bor.

- Realist bo'lib aytganda, milliy terma jamoamiz navbatdagi Osiyo Kubogida qaergacha yetib bora oladi?

- O'ylaymanki, terma jamoamiz juda kuchli tarkibga ega va chempionlik uchun to'liq kurasha oladi - ishonchim komilki, ularda buning uchun sifat ham, imkoniyat ham etarli. Nazarimda, vakillarimiz hech bo'lmaganda finalga qadar yetib borishadi.

- Kelajakda Denis Korostichenko nomi o'zbek futbolida qanday eslanishini xohlardingiz?

- O'zbekistonda qanday eslanishimga kelsak... men hali bu yerdan butunlay ketganim yo'q-ku! (kuladi) Hozirda Moskvada ishlayapman, ammo onam, akam va barcha yaqin qarindoshlarim Toshkentda yashashadi.

O'xshash yangiliklar


Iskandarov AbdulazizMuallif
Manba: Championat.asia