Ilyos Zeytulaev: "Bu biz uchun juda muhim g'alaba bo'ldi"

Administrator
13 sen 2026, 22:31
Proliga 19-turdan o'rin olgan "BuxDU" – "Kattaqo'rg'on" uchrashuvidan so'ng "Kattaqo'rg'on" bosh murabbiyi Ilyos Zeytulaev matbuot anjumanida ishtirok etdi.

- O'yin haqida fikringiz?
- Avvalo jamoamizni g'alaba bilan tabriklayman. Jamoa qiyin davrni boshdan o'tkazdi va o'ylaymanki, bugungi g'alaba yoqimli bo'ldi. Bugungi o'yin shuni ko'rsatdiki, jamoada salohiyat yuqori. Biz bo'shashmaymiz va keyingi bahslarga hozirlik ko'rishni boshlaymiz. Bu biz uchun juda muhim g'alaba bo'ldi.

- Birinchi taymdan keyin hisob 0:0 edi. Ikkinchi taymda raqib futbolchisi qizil kartochka oldi. Agar "Kattaqo'rg'on" ham oxirigacha to'liq tarkib bilan harakat qilganida bahs qiyin kechishi mumkinmidi?
- Men bu borada sal boshqacha fikrdaman. Bazan 10 kishi qolgan jamoaga qarshi 11 kishilik jamoa erkin harakat qilishga o'tadi va natijada o'yinni boy berib qo'yadi. Jamoa 10 kishi qolib ham qarshi hujumda gol urib ketishi mumkin. Yigitlarimizga barakalla, biz bo'shashmadik va oxirigacha harakat qildik. O'z navbatida raqib ham yaxshi o'yin ko'rsatdi degan bo'lardim. Jamoa safidagi yoshlar yaxshi taassurot qoldirdi.

- Bungacha "Bunyodkor"da edingiz va hozir "Kattaqo'rg'on"da ishlayapsiz. Superliga klubidan Proliga jamoasiga kelish g'alati emasmi? Yoki boshqa taklif bo'lmadimi?
- Men bu haqda oldin ham aytganman. Men futboldagi odamman va men uchun oliy ligami, birinchi ligami unchalik farqi yo'q. Muhimi, o'z Vatanimdaman va sevgan kasbim bilan shug'ullanyapman. Doim murabbiy bo'lib ishlashni xohlaganman. "Kattaqo'g'on"ga kelganimdan xursandman, klubning g'oyalari yoqyapti. Futbolni rivojlantirish uchun rahbariyatda ishtiyoq kuchli. Bu yerda 5ta o'yin ishlaymanmi, 10tami yoki bir yarim yilmi, qancha muddat ishlasam ham jamoa rivoji uchun o'z hissamni qo'shaman. Agar biroz kutganimda Superligadan ham takliflar bo'lardi, lekin "Kattaqo'rg'on" rahbariyati bilan suhbatimiz meni shu erga chorladi.

- Rahbariyat tomonidan sizga vazifa qo'yildimi?
- Yashirmaymiz, "Kattaqo'rg'on" sovrinli o'rinlarni ko'zlab Proligani boshlagandi. Lekin unutmaslik kerakki, xohish qatori tizimli ishlash ham kerak bo'ladi. Vaziyatga real qaraylik, "Aral" birinchi o'rinda ketyapti, ikkinchi o'rindagi "Sho'rtan" ham Superliga havosini yaxshi biladi. "Metallurg" ham kuchli klublardan. "Kattaqo'rg'on" esa yangi jamoa, biz pley-off orqali Superligaga chiqishga harakat qilamiz. Buning uchun bor kuchni ishga solamiz.

O'xshash yangiliklar


AdministratorMuallif
Manba: championat.asia