

Endi har hafta eng qiziq uchrashuvlardan birini tanlab, uning asosiy intrigalari va o'yin oldidan bilish kerak bo'lgan muhim jihatlarga to'xtalib boramiz.
Birinchi son uchun tanlov – London derbisi. Yakshanba kuni amaldagi chempion “Arsenal” “Emireyts”da Xabi Alonso boshqaruvidagi “Chelsi”ni qabul qiladi. Ikki jamoa ham dastlabki ikki turda ochko yo'qotmadi. Ammo bu natijaga mutlaqo boshqa yo'llar bilan kelishdi.
“Arsenal” hali gol o'tkazmadi
O'tgan mavsumda 22 yillik tanaffusdan keyin Premer-liga chempioni bo'lgan “Arsenal” yangi mavsumni ham ishonchli boshladi. Mikel Arteta jamoasi dastlab “Koventri”ni 3:0 hisobida engdi, keyin “Villa Park”da “Aston Villa” ustidan 1:0 hisobida g'alaba qozondi.
Dastlabki ikki turda raqiblar “Arsenal” darvozasi tomon atigi bitta aniq zarba yo'llay oldi. “Aston Villa” esa 90 daqiqa davomida David Rayya darvozasiga biror marta aniq zarba bera olmadi.

Chempion mavsum boshidayoq o'tgan yildagi asosiy xususiyatini saqlab qolganini ko'rsatyapti: o'yin har doim ham oson kechmasligi mumkin, ammo “Arsenal” raqibga juda kam imkoniyat beradi va kichik ustunlikning o'zini natijaga aylantira oladi.
“Chelsi”da ikki o'yinda 12 ta gol
“Chelsi”da esa vaziyat butunlay boshqacha. Xabi Alonso jamoasi avval “Fulxem”ni 3:2, keyin “Brayton”ni 4:3 hisobida engdi.
“Chelsi” ishtirokidagi dastlabki ikki o'yinda jami 12 ta gol urildi: ettitasi raqiblar darvozasiga, beshtasi londonliklar darvozasiga.
Hozircha Premer-ligada hech bir jamoa “Chelsi”dan ko'p gol urgani yo'q. Ammo jamoa chempionatda ketma-ket 18 ta uchrashuvdan beri darvozasi daxlsizligini saqlay olmayapti.

“Brayton”ga qarshi o'yin hozirgi “Chelsi”ni yaxshi tariflab berdi. Alonso jamoasi 32-daqiqaga kelib 3:0 hisobida oldinda edi, keyin raqibni o'yinga qaytarib yubordi va yakunda 4:3 hisobida g'alaba qozondi.
Demak, Alonso Londonda to'pni shunchaki nazorat qilishga bog'langan jamoa qurayotgani yo'q. “Chelsi” to'pni olgach, imkon qadar tez raqib darvozasiga yetib borishga harakat qilyapti.
Arteta va Alonso - bolalikdan tanish raqiblar
Derbining yana bir qiziq hikoyasi maydon chetida. Mikel Arteta va Xabi Alonso bir-birini juda yaxshi tanishadi.
Ikkalasi ham San-Sebastyandagi “Antiguoko” bolalar jamoasida to'p tepgan. Arteta va Alonso tengdosh - ikkalasi ham 44 yoshda.
Endi esa bolalikdan tanish ikki mutaxassis Premer-ligada raqib murabbiylar sifatida yuzma-yuz keladi.

Ularning hozirgi vaziyati ancha farqli. Arteta “Arsenal”da ettinchi mavsumini o'tkazyapti va qo'lida o'zi yillar davomida qurgan chempion jamoa bor. Alonso esa “Chelsi”da ishini endi boshladi.
“Chelsi” to'qqizta derbidan beri g'alaba qozona olmayapti
So'nggi yillarda bu qarama-qarshilikda ustunlik “Arsenal” tomonda. “Kanonirlar” “Chelsi”ga qarshi barcha musobaqalardagi so'nggi 11 ta uchrashuvda mag'lub bo'lmagan - sakkizta g'alaba va uchta durang.
Premer-ligada esa “Arsenal”ning mag'lubiyatsiz seriyasi to'qqizta o'yinga etgan.
“Chelsi”ning “Emireyts”dagi ahvoli ham yaxshi emas: “Arsenal” bu raqibiga qarshi uydagi so'nggi to'rtta chempionat o'yinining barchasida g'alaba qozongan.

Arteta “Chelsi”ga qarshi murabbiy sifatidagi 16 uchrashuvning 10 tasida g'alaba qozongan, to'rttasida durang o'ynagan va ikki marta mag'lub bo'lgan.
Ikki jamoa uchun ham birinchi jiddiy sinov
Bu mavsumning atigi uchinchi turi. Shuning uchun yakshanba kuni kim g'alaba qozonishidan qati nazar, chempionlik poygasi haqida katta xulosalar chiqarishga hali erta. Ammo ikki jamoa uchun ham bu dastlabki jiddiy sinov.
“Arsenal” chempionlikdan keyin ham o'sha barqarorlikni saqlab qolganini ko'rsatishi mumkin. “Chelsi” esa Alonso bilan dastlabki ikki turdagi shovqinli g'alabalar tasodif emasligini isbotlash imkoniga ega.
“Arsenal” - “Chelsi”
6 sentyabr, yakshanba
“Emireyts”, London
Boshlanish vaqti: 20:30, Toshkent vaqti



