

“Atletiko” 20 sentyabr kuni “Metropolitano”da “Real”ni qabul qiladi. Uchrashuv Toshkent vaqti bilan 19:15 da boshlanadi.
Ikki ochkolik farq
Derbi har doim alohida o'yin, ammo bu safar turnir jadvali ham uchrashuvga qo'shimcha intriga berib turibdi. Olti turdan keyin “Real” 15, “Atletiko” esa 13 ochko jamg'argan. Demak, mezbonlar g'alaba qozonsa, shaharlik raqibidan o'zib ketadi.

“Atletiko” derbiga yaxshi kayfiyatda kelmoqda. Diego Simeone jamoasi oxirgi turda “Osasuna”ni 4:0 hisobida mag'lub etdi. Jonatan Devid, Li Kan In, Robin Le Norman va Aleks Baena bittadan gol urdi.
Bu shunchaki yirik hisobdagi g'alaba emasdi. “Atletiko” raqib darvozasi tomon 27 marta zarba berdi va mavsum boshidan beri o'zining eng ishonchli o'yinlaridan birini o'tkazdi. Ayniqsa, derbidan bir necha kun oldin bunday g'alaba Simeone jamoasi uchun ayni muddao bo'ldi.
Alvares derbiga qaytishi kutilmoqda
“Atletiko” oxirgi ikki uchrashuvni Xulian Alvaressiz o'tkazdi. Argentinalik futbolchi mushaklaridagi muammo tufayli avval “Real Sosedad”, keyin “Osasuna”ga qarshi o'yinni o'tkazib yubordi.
Uning “Real”ga qarshi maydonga qaytishi kutilmoqda. Biroq Alvaresning qay darajada tayyor ekani va uchrashuvni asosiy tarkibda boshlashi hozircha aniq emas.

Uning qaytishi Simeonega hujumda yana bir variant beradi. Ayni paytda Jonatan Devid ham yaxshi formada - kanadalik forvard “Osasuna” bilan uchrashuvda gol urib, yana bir golga uzatma berdi.
“Real”da natija bor, lekin o'yin bo'yicha savollar qolmoqda
“Real” ham derbi oldidan uch ochko oldi. Joze Mourinyo jamoasi safarda “Elche”ni 3:2 hisobida mag'lub etdi.
Madridliklar birinchi bo'limning o'zida ikki to'p farqi bilan oldinga chiqib olgandi. Avval Arda Gyulerning jarima zarbasidan keyin to'p darvozabon Matias Dituroga tegib darvozaga kirdi, keyin Kilian Mbappe hisobni 2:0 ko'rinishiga keltirdi.
Ammo ikkinchi bo'limda vaziyat o'zgardi. “Elche” 71 va 83-daqiqalarda gol urib, hisobni tenglashtirdi. “Real”ni ochko yo'qotishdan 91-daqiqada Karlos Espi qutqardi - Mbappening uzatmasidan keyin u g'alaba golini urdi.

Natija “Real” foydasiga bo'ldi, ammo ikki to'plik ustunlikning boy berilishi jamoa himoyasidagi muammolarni yana bir bor ko'rsatdi. “Metropolitano”da bunday xatolar ancha qimmatga tushishi mumkin.
Mbappe va Vinisiusga qarshi Simeone rejasi
“Atletiko” uchun asosiy vazifalardan biri “Real”ning tezkor hujumlarini to'xtatish bo'ladi. Simeone jamoasi, avvalo, Mbappe va Vinisiusga ochiq hudud qoldirmasligi kerak.
Shu sabab mezbonlarning to'pni yo'qotgandan keyingi harakatlari alohida ahamiyat kasb etadi. “Atletiko” oldinga katta kuch bilan o'tib ketsa, ortda qolgan hududlar “Real”ning tezkor futbolchilari uchun qulay imkoniyatga aylanishi mumkin.
Simeone ham derbi oldidan aynan shu jihatga e'tibor qaratdi. Uning fikricha, Mbappe va Vinisiusga qarshi o'yinda to'pni nazorat qilish muhim - raqibga qarshi hujum uchun qancha kam imkoniyat berilsa, shuncha yaxshi.

“Real”ning o'zida ham yo'qotishlar bor. Eder Militao, Rodrigo va Ferlan Mendi jarohat sabab derbini o'tkazib yuboradi. Kurtua, Bellingem, Kamavinga, Valverde, Arda Gyuler, Vinisius va Mbappe esa Mourinyo ixtiyorida.
“Metropolitano”da “Real”ga oson bo'lmayapti
Oxirgi derbilar ham bu ikki jamoa o'rtasidagi farq katta emasligini ko'rsatadi.
O'tgan mavsum “Metropolitano”da “Atletiko” qo'shnisini 5:2 hisobida mag'lub etgandi. Mart oyida “Santyago Bernabeu”da o'tgan javob uchrashuvida esa “Real” 3:2 hisobida ustun keldi.
Undan avval La Ligadagi ketma-ket ikki derbi bir xil - 1:1 hisobida yakunlangan.

Endi ular yana “Metropolitano”da uchrashadi. “Atletiko” derbiga mavsumdagi eng yirik g'alabasidan keyin kelmoqda. “Real” esa “Elche”ga qarshi qiyin o'yinda bo'lsa-da, kerakli uch ochkoni oldi.
Orada bor-yo'g'i ikki ochko. Shuning uchun bu safar Madrid derbisida principial raqobatdan tashqari, turnir jadvalidagi o'rinlar ham o'rtaga qo'yiladi.



