Final tahlili: Chempionlar Ligasining hal qiluvchi uchrashuvi qanday o'tdi?

admin
1 iyun 2026, 11:50
Muxlislar tomonidan uzoq kutilgan final PSJning penaltilar seriyasidagi g'alabasi bilan yakunlandi.

Bu finalning o'zgacha tarafi, avvalgilaridan farqli ravishda ikkala ishtirokchining kuchlari teng ekanligida edi. Bazi ekspertlar kichik ustunlikni parijliklarga bergan bo'lsa-da, ko'pchilik mutaxassislar bu finalni “favoritsiz final” deb nomlashdi.

PSJ finalga yetib kelgunicha ancha toblangani, o'ta dramatik o'yinlarni boshdan o'tkazgani bois, bazi muxlislarni nazdida ular favoritdek ko'ringan bo'lishi mumkin, ammo unutmaslik kerakki, nisbatan engil savatdan kelgan “Arsenal” ichki chempionatda PSJdan farqli o'laroq juda og'ir o'yinlarni o'tkazgandi. Boz ustiga ikkala jamoa ham ichki chempionatlarida g'olib chiqib, yuqori kayfiyatda bu bahsga yetib kelishgani uchun ularning birida katta ustunlik bor deb aytib bo'lmasdi.

O'yinning dastlabki daqiqalarini, “Arsenal” kutilmaganda pressing bilan boshladi. Londonliklar dastlabki besh daqiqalikda bu ishni juda ajoyib tarzda amalga oshirishdi. Futbolchilar endigina final taftiga moslashayotgan paytida Markinosning xatosini Haverc kutilmaganda golga aylantirdi. Arteta mavsumning katta qismini zahirada o'tkazgan Haverc, Kalaforiga joyini yutqazgan Inkapeni maydonga tushirgani ko'pchilikda savol tug'dirgani bor gap. Ammo o'yinning boshidayoq bu savol va shubhalarga Haverc munosib javob berdi.

2.jpg

Gol o'tkazib yuborgach PSJ oldinga otildi. “Arsenal” uchun ayni paytida urilgan bu gol ularni maydonda erkinroq va o'ziga ishonibroq harakatlanishiga sabab bo'ldi. Arteta o'yindan avval Enrike jamoasini juda yaxshi o'rgangan va har qanday ssenariyga tayyor ekanligi ma'lum bo'la boshladi. “Arsenal” qachonki to'p raqib maydonida bo'lganida 4-2-4 uslubida harakatlandi.

ffff1.jpg

Edegor va Haverc juftligi markazni mudofaa qilgan bo'lsa, Trossar va Saka qanotlar uchun javobgar bo'ldi. “Arsenal” parijliklarning “yovvoyi” pressinggiga qarshi eng sodda va ishonchli yo'lni, to'pni tepib yuborishni tanladi. Tepib yuborilgan to'plarga bo'ydor Kay Haverc ega chiqishga urindi.

Qachonki PSJ himoyasi yuqori ko'tarilib, jamoa nazoratni “Arsenal” maydoniga ko'chirganida, londonliklar darhol sxemani 5-2-3 ga o'zgartirishdi.

ffff2.jpg

Yuqorida ko'rib turganingizdek, himoyachilar soni beshtaga o'zgargan. Trossar shunday vaziyatlarda beshinchi himoyachi o'rniga o'tdi va hujumga qo'shilgan Hakimini zararsizlantirishga urindi.

Pep Gvardioladan faoliyatidagi eng qiyin o'yin haqida so'rashganida, u CHL finalidagi “Chelsi”ga qarshi o'yinni aytgan edi. Ortga qaytib, o'sha mashhur finalni esga olsak, butun o'yin davomida to'pni to'liq nazorat qildadigan gegemon “Siti”ga Tuxelning jamoasi umuman bo'sh zona qoldirmagan edi. “Chelsi” shu darajada zich va tartibli o'ynagani bois, “Siti” o'yinchilari qanotga juda ko'p maqsadsiz uzatmalar amalga oshirgan, buning natijasida final biroz zerikarli kechgan edi. Arteta ana o'sha o'yinni juda yaxshi eslab qolgani uchun, uslub jihatlama o'sha paytdagi “Siti”ga o'xshash bo'lgan PSJga ayni shunaqa o'yin taklif etdi.

ffff3.jpg

Rasmda “Arsenal” futbolchilari o'ta zich tarzda joylashib olganini ko'rishingiz mumkin. Arteta yigitlarining har biri jang qilish uchun maydonga chiqqani, bir soniyaga bo'lsa ham koncentraciyani yo'qotmagani alohida maqtovga sazovor ish. Xuddi Stenli Kubrikning filmlaridagi harbiylardek ular juda ham intizomli va shijoatli tarzda harakatlanishdi. Ular bu ishni shu darajada yaxshi uddalashdiki, yarim finalda oltita gol urib finalga chiqqan parijliklar, birinchi bo'limda atigi bitta aniq zarba bera olishdi xolos.

Ikkinchi bo'limda va nihoyat “himoya marvarididagi nozik tosh” bo'lmish Moskera bir zumga koncentraciyani yo'qotdi va Xvicha tomon uzatilgan pasni kechroq payqadi. Xatosini tuzatish uchun shoshib harakat qilgan ispaniyalik yosh himoyachi Xvichani yiqitib, PSJning asosiy vaqtlardagi yagona goliga sabab bo'lgan penaltini ishlab berdi.

3.jpg

“Arsenal” goldan so'ng yuqoriga ko'tarilib o'ynay boshladi. Ammo Enrike zahiradan maydonga tushirgan futbolchisi Bredli Barkolya ikki marotaba juda qo'rqinchli ravishda qarshi hujumga qochib ketdi. Shundan so'ng to penaltilargacha uchrashuvning zerikarliroq qismi boshlandi.

Buning sababi ikkala jamoa ham yuqori templi futboldan charchagan va bundan tashqari ikkalasi ham bir-biridan qo'rqib qolgandi. “Arsenal” parijliklarning qarshi hujumidan cho'chigan bo'lsa, parij futbolchilari yana gol o'tkazishsa, hisobni tenglashtirish avvalgidan ham qiyin bo'lishini sezib turardi. Vaziyatlar kam bo'lsa-da, maydondagi kurashlar evaziga qizib turgan o'yin, qo'shimcha taymlarda biroz sovidi. Ikkala jamoa ham penaltilarga rozi bo'lgan holda taymlarni o'tkazishdi.

PSJ zaxiradan tashlagan o'yinchilar nom jihatidan “Arsenal” futbolchilaridan pastroq bo'lsa-da ular o'yingga yaxshiroq qo'shilib ketishdi. Artetaning o'zgarishlari esa hali katta o'yinga u darajada tayyor emasliklari ko'rinib qoldi. Edegor va Saka maydonni tark etgach, “Arsenal”ning oldinggi chizig'i xuddi “boshsiz chavandoz”dek harakatlandi. Sababi butunlay yangilangan hujum va qanotlardagi vingerlarning birortasi o'yinni o'z qo'liga ololmadi.

Penaltilar yaqinlashib borarkan, parijliklar Matvey Safonovga, Mikel Arteta esa jamoasidagi ijrochilarga ishonch bog'lashgan bo'lsa ajab emas. Garchi yetakchilarining hammasi zaxiraga chiqib ketgan bo'lsa-da, PSJ o'yinchilari seriyada “Arsenal”dan yaxshiroq zarbalarni amalga oshirishdi va juda og'ir kechgan finalda, haqli ravishda chempionlikni o'ziniki qilib oldi.

Parijliklar qatorasiga ikkinchi yili bu turnirda tengsiz deb topildi. Ammo bunisi avvalgi g'oliblikdan umuman o'zgacha, katta qiyinchiliklar evaziga erishilgan yutuq bo'ldi. Bu final kutilganidek, so'nggi o'n yillikdagi eng murosasiz finallardan biri bo'ldi va muxlislarga haqiqiy futbol haroratini his ettirdi.

Avazbek Mirsaitov

O'xshash yangiliklar


adminMuallif
Manba: Championat.asia