

– Bugungi o'yin to'g'risida o'z fikrlaringizni bildirsangiz.
– Biz har doimgidek ushbu uchrashuvga juda yaxshi yondashuv va yuqori kayfiyat bilan yetib keldik. Barcha futbolchilar birgalikda, ahil jamoa bo'lib ishlamoqda. O'yindan oldin yigitlarga biz uchun "o'rtoqlik o'yini" degan tushuncha yo'qligini, har bir o'yinga jiddiy yondashish kerakligini ta'kidladim. Ulardan yuqori tempda, intensiv o'ynashni so'radim. Biz hali ham yaxshilashimiz kerak bo'lgan jihatlar talaygina, ammo bugungi uchrashuvni chiroyli o'yin va g'alaba bilan yakunlaganimiz yoqimli bo'ldi. Biz bosqichma-bosqich yaxshi jamoa shakllantirib bormoqdamiz. Uch kundan so'ng bizni Janubiy Koreya terma jamoasiga qarshi qiyin safar uchrashuvi kutib turibdi. Barcha futbolchilarning holati yaxshi va biz to'g'ri yo'nalishda harakat qilishda davom etishimiz kerak.
– Eronga qaraganda Suriya terma jamoasi biroz zaifroq ko'rindi. Bugungi o'yin xulosasiga ko'ra, nimalardan qoniqdingiz va nimalardan qoniqmadingiz? Shuningdek, Janubiy Koreyaga qarshi uchrashuvda qanday tarkib va taktikada o'ynashingiz mumkin?
– Biz barcha futbolchilar bilan bir xil mashg'ulotlar olib boramiz, jamoada "asosiy" yoki "zaxira" tarkibi degan ajratish yo'q. Bugungi uchrashuvda bazi futbolchilarni almashtirish va boshqalarga ham o'zini ko'rsatish uchun imkoniyat berish muhim edi. Odamlar o'yinni oson kechdi deb o'ylashlari mumkin, ammo biz to'g'ri boshlaganimiz, ko'p yugurganimiz va to'g'ri pressing qilganimiz sababli o'yinni o'zimiz uchun osonlashtirdik. Suriya oson raqib emas, ular so'nggi o'yinida Iordaniya bilan 1:1 hisobida durang o'ynagan edi. Keyingi uchrashuv biz uchun yana bir yaxshi sinov bo'ladi. Men uchun shunchaki natijadan ko'ra, jamoaning xarakteri va jamoaviy o'yin ko'rsatishi muhimroq. Bugun ham, Eronga qarshi o'yinda ham buni uddaladik.

– Hisob yirik bo'lishiga qaramay, xuddi Eronga qarshi o'yinga nisbatan jamoa bugun biroz sekin va og'ir harakat qilgandek tuyuldi. Intensivlik va standart vaziyatlarda qandaydir muammolar bordek ko'rindi. Bunga qanday qaraysiz va Samandar Muratbaev jamoaga qachon qo'shiladi?
– Samandar Muratbaev masalasida hozircha aniq gapirish qiyin, u hali yetib kelmadi, buni yana kelishib olamiz. Biz mashg'ulotlarda barcha jihatlar ustida – himoyadan to'p bilan chiqib ketishdan tortib, standart vaziyatlargacha birdek ishlaymiz. Albatta, bazida xatolar bo'lishi tabiiy, doim ham mukammal o'ynab bo'lmaydi. Eronga qarshi o'yinda ularning darajasini ko'rdik, ular Osiyodagi eng kuchli jamoalardan biri. Biz uchun eng muhimi jamoaviy o'yin namoyish etish. Ustida ishlashimiz kerak bo'lgan asosiy narsa – bosim o'tkazish vaqtini to'g'ri his qilish. Agar siz kuchli jamoalarga qarshi pressingni noto'g'ri vaqtda amalga oshirsangiz, ular bu vaziyatdan osongina chiqib ketishadi. Biz futbolchilarga qachon oldinga o'tib bosim o'tkazish kerakligini o'rgatishga harakat qilyapmiz. Futbol bu – vaqt va hudud o'yini. To'p raqibda bo'lsa, ularga o'ylash uchun vaqt qoldirmaslik maqsadida hududni toraytirishimiz kerak; to'p o'zimizda bo'lganda esa, aksincha, ko'proq vaqtga ega bo'lish uchun bo'sh hududlarni kengaytirishimiz lozim. Agar to'g'ri vaqtda pressing qilmasangiz, dunyoning eng kuchsiz jamoasiga qarshi ham muammoga duch kelasiz. So'nggi 10 kun ichida futbolchilar biz ulardan nimani talab qilayotganimizni tushunib yetishganidan xursandman.
– Terma jamoa yangi taktik sxemaga o'tdi. Bu sxemada futbolchilarning harakatiga chetdan qanday baho berasiz?
– Qisqa vaqt ichida futbolchilar bizning yangi tizimimizni va g'oyalarimizni yaxshi tushunib olishdi. O'ylaymanki, ular hozirgi o'yindan ko'proq zavq olishmoqda, chunki to'p nazorati asosan o'zimizda bo'lyapti. Mashg'ulotlarda ko'rgan ko'rsatmalaringizni maydonda to'g'ri bajara olsangiz va bugungidek ettita gol ursangiz, futbolchilar ham bu jarayonni qadrlashadi. Yangi tizimimiz orqali tayanch yarim himoyachilarga qulaylik yaratilmoqda: qanot vingerlarimiz ham markazga kirib, ham chiziq bo'ylab faol harakat qila oladi. Biz raqibga yakkama-yakka holatlarda osonlikcha imkon qoldirmayapmiz. O'yin davomida rotaciyalar yuz bermoqda, qisqa va uzun paslar orqali o'yin tashkil qilinyapti. Albatta, bu tizim ustida bosqichma-bosqich ishlashda va uni yanada mukammallashtirishda davom etamiz.

– Osiyo kubogi boshlanishiga oz vaqt qoldi. Asosiy raqiblarimizdan biri Yaponiya bo'lib, katta ehtimol bilan ular o'z guruhida birinchi o'rinni egallashadi. Agar biz ham guruhda birinchi o'rinni olsak, pley-off bosqichida ular bilan to'qnash kelishimiz mumkin. Yaponiyaga qarshi alohida tayyorgarlik ko'riladimi?
– Do'stim, siz hozirdan uch oy keyingi voqealarni o'ylayapsiz. Hozircha bugungi o'yindan va natijadan zavq oling. Albatta, finalgacha yetib borish uchun to'g'ri yo'lni topishimiz kerak bo'ladi. Lekin hozirdan faqat Yaponiyani o'ylab, boshqa jamoalarga e'tiborni yo'qotmasligimiz shart. Biz barcha raqiblarga qarshi o'ynashga tayyor bo'lishimiz kerak. Men Yaponiyani yaxshi bilaman, chunki "Guanchjou Evergrand" klubi bilan Osiyo Chempionlar Ligasi yarim finalida ham yapon jamoalariga qarshi o'ynaganmiz va ularning qanday o'ynashidan xabarim bor.



