Fabio Kannavaro: "Hisob 2:0 vaqtida "motorni o'chirib qo'ydik". Futbol bazida beshafqat ekanligini tushunishimiz kerak""

Абдулвосит Бектемиров
13 noya 2026, 01:17
O'zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro Rossiya terma jamoasiga qarshi kechgan o'rtoqlik uchrashuvidan (2:3) so'ng matbuot anjumanida ishtirok etdi va jurnalistlarning savollariga javob qaytardi.

- Assalomu alaykum! Italyan tilida juda kam gapiraman, ammo sizga bo'lgan hurmatim yuzasidan savolimni italyan tilida tayyorladim. Sizningcha, qaysi biri qiyinroq: Jahon chempionatida Italiya terma jamoasi sardori bo'lishmi yoki bugungi kunda barcha sizdan natija kutayotgan bir paytda bosh murabbiy sifatida ishlash?

- Albatta, bosh murabbiy bo'lish qiyinroq. Chunki murabbiy sifatida siz jamoaga, futbolchilarga bog'liq bo'lasiz. Ko'p narsani rejalashtirishingiz, tashkil qilishingiz mumkin, ammo yakunda barchasini futbolchilarning maydondagi harakati hal qiladi. Futbolchi bo'lganingizda esa hammasi o'z qo'lingizda bo'ladi va ko'proq o'z individual o'yiningizga bog'liq bo'ladi.

- Ikkinchi bo'limda Eronga qarshi bahsdan keyin ham so'ragan holatimizni yana guvohi bo'ldik: ikki nafar markaziy himoyachi bilan o'ynaganimizda, pressing uyushtirish uchun ulardan biri - bugun Abdumajidov yoki O'rozov oldinga chiqib harakat qildi. Aslida bu ancha tavakkalchilikka asoslangan o'yin, ayniqsa hozirgidek himoyada xatolar kuzatilayotgan paytda. Bu g'oyadan voz kechish fikri tug'ilmadimi? Umuman, o'tkazib yuborilgan gollardan kelib chiqib, himoyadagi o'yin haqida nima deya olasiz?

- Yo'q, chunki biz yuqori pressing qo'llamoqchi bo'lsak, bunda maydondagi barcha futbolchilar ishtirok etishi shart. Aks holda chiziqlar va futbolchilar o'rtasidagi masofa ochilib ketadi va bu juda xavfli tus oladi - bunday vaziyatda har bir o'yinchi o'z raqibi bilan birga-bir (yakkama-yakka) o'ynashi lozim. Agar raqibning to'rt nafar himoyachisiga qarshi uchta hujumchi bilan pressing qilsak, maydon markazida bizda bitta o'yinchi kam bo'lib qoladi. Shu sababli bazida markaziy himoyachilarimizni ham yuqoriroq chiqib, pressingni qo'llab-quvvatlashga undaymiz. Bu yerda muammo yuqori pressingda emas, balki o'z jarima maydonchamiz ichida yo'l qo'yayotgan xatolarimizda.

Bugungi uchrashuvdagi asosiy muammo boshqa narsada edi, deb o'ylayman. Biz yaxshi o'yin o'tkazdik, biroq hisob 2:0 bo'lib turgan pallada motorni o'chirib qo'ydik. O'yin taqdirini hal qildik va g'alaba qozondik, deb o'yladik. Bu biz uchun juda katta dars bo'ldi. Hakamning final hushtagi chalinmaguncha futbol tugamasligini tushunib yetishimiz kerak. 90, 95, hatto 98-daqiqagacha o'yin ichida bo'lish shart. Hozir kiyinish xonasida ham yigitlarga aytdim: futbol bazida juda shafqatsiz va adolatsiz bo'ladi. Qo'pol so'z uchun uzr so'rayman-u, lekin yaxshi o'ynab turib ham mag'lub bo'lganingizda futbol naqadar yoqimsiz narsaga aylanishini his qilasiz.

kannavaro posle rashki.2.jpg

- Afsuski, 2:0 hisobida oldinda borayotib, 2:3 hisobida imkoniyatni boy berdik. Hozir 4-3-3 sxemasiga o'tdik, ammo avvallari bizning asosiy ishchi taktikamiz 3-4-3 yoki 5-4-1 hisoblanardi. O'zingiz ham takidlaganingizdek, o'n daqiqa ichida uchta to'p o'tkazib yubordik va yigitlar koncentraciyani yo'qotishdi. Qanday fikrdasiz, balki rasmiy uchrashuvlarda 2:0 hisobida oldinga chiqib olganimizda, natijani saqlab qolish uchun avvalgi besh himoyachili sxemaga qaytishimiz maqulroqmi?

- Albatta, bazida o'yinning so'nggi o'n daqiqasida jamoa qiynalayotganini sezsangiz, maydonga yana bir himoyachi tushirib, uch markaziy himoyachi bilan harakat qilish mumkin. Ammo bugun muammo taktik sxemada emasdi. Har safar tizimni aybdor qilib, uni o'zgartiravermaymiz-ku. Gap tajribada, o'rganish jarayonida va o'yin tizginini nazorat qila bilishda.

Bugungi bahsni avvalgi uchrashuvlar bilan taqqoslasak, asosiy farq to'p nazoratida ko'rindi. Biz juda ko'p uzun paslar bilan o'ynadik va to'pni oddiy vaziyatlarda nazorat qilishda ko'plab xatolarga yo'l qo'ydik. To'pni bu tariqa ko'p yo'qotganingizdan keyin to'psiz ko'proq yugurishga va juda ko'p kuch sarflashga majbur bo'lasiz. Hatto birinchi bo'limda ham shunday xatolarga yo'l qo'ydik. Rossiya yoki Janubiy Koreya kabi kuchli terma jamoalarga qarshi bahslarda bizga ko'proq xarakter va sovuqqonlik kerak, to'p bilan ko'proq muomala qilib, vaziyatni o'z qo'limizda ushlashga intilishimiz lozim. Albatta, kelajakda o'yin davomida qiyin holatga tushib qolsak, uch markaziy himoyachi bilan ham o'ynashimiz mumkin. Biroq bugun juda alam qilgani shuki, yigitlar yaxshi o'yin namoyish etishdi - individual xatolarni hisobga olmasa, ularga etirozim yo'q, - lekin 2:0 dan so'ng o'yin tugadi deb o'ylab, to'xtab qolishdi.

- Ushbu o'yindan o'zingiz uchun qanday ijobiy xulosalar oldingiz va keyingi uchrashuvlarda jamoada nimalarni o'zgartirishga asosiy urg'uni qaratasiz?

- Bugun tunda o'yin videoyozuvini albatta qaytadan ko'rib chiqaman va boshqa rakursdan tahlil qilib, aniqroq xulosalar chiqaraman. Umuman olganda, juda jiddiy va kuchli raqibga qarshi yaxshi o'yin o'tkazdik deb hisoblayman. Ammo futbol shunaqa: bunday saviyadagi jamoalarga qarshi o'yinlarda sizda qotil instinkti (killer instinct) bo'lmasa, yani vaziyatlardan maksimal foydalanmasangiz, jazolanasiz. Kecha o'yin oldi matbuot anjumanida ham aytgandim: Janubiy Koreyada ajoyib o'yin ko'rsatdik, lekin 0:2 hisobida yutqazdik; bugun yana yaxshi o'ynadik, ammo 2:3 hisobida mag'lub bo'ldik. To'g'risi, bazida chiroyli o'yin ko'rsatmasdan bo'lsa ham g'alaba qozonishni xohlayman. Futbolda bazan beshafqat bo'lish va himoyada chidab berishni ham bilish kerakligini tushunib yetishimiz zarur. Hozirgi muammomiz shundaki, yo'l qo'ygan har bir kichik xatomiz darhol o'tkazib yuborilgan gol bilan yakunlanmoqda.

- Fabio, sizni O'zbekistonda ko'rib turganimizdan behad mamnunmiz. Hozirgi paytda sizdek darajadagi futbol afsonalari bilan jonli muloqot qilish imkoniyati bizda ko'p ham bo'lavermaydi. Shu bois Rossiya terma jamoasi yarim himoyachisi Aleksey Batrakov haqida so'ramoqchi edim. U bugun maydonda katta hajmdagi ishni bajardi. Uning Yevropaning top-klublaridan biriga o'tishi mumkinligi haqida gap-so'zlar yuribdi. Bugun uning o'yinida nimalarni ko'rdingiz - bu shunchaki shov-shuvmi yoki u haqiqatan ham shunchalik kuchli futbolchimi?

- Shubhasiz, u juda va juda yaxshi futbolchi - buni shunchaki xushmuomalalik uchun aytayotganim yo'q. U maydondagi vaziyatni a'lo darajada nazorat qila oladigan, ko'p foydali ishlarni bajaradigan, ham qisqa, ham uzun paslarda birdek yaxshi o'ynay oladigan sifatli ijrochi. U chindan ham yuqori saviyali o'yinchi. Uning keyingi faoliyati qanday kechishini bilmayman, lekin uni porloq kelajak kutib turibdi deb umid qilaman va unga eng yaxshi tilaklarimni bildiraman.

kannavaro posle rashki3.jpg

- Bugun Abduqodir Husanovning maydonda yo'qligi jamoa uchun katta yo'qotish bo'ldi va agar u safda bo'lganida 2:0 hisobini saqlab qolgan bo'lardik, deb ayta olasizmi?

- Bunday toifadagi gap-so'zlarni yoqtirmayman. Albatta, Husanov ajoyib futbolchi, top-o'yinchi, lekin u maydonda bo'lgan o'yinlarda ham mag'lubiyatga uchraganmiz. Men bugun tarkibda maydonga tushgan yigitlar o'z vazifalarini yaxshi uddalashdi, deb hisoblayman. Ular hali yosh, kelajagi porloq va yanada o'sishga qodir futbolchilar. Hozir meni natijadan ko'ra ko'proq ularning shu kabi bahslar orqali tajriba to'plashi qiziqtiradi. Husanov bormi yoki yo'qmi - men faqat oldinga qarayman va ixtiyorimdagi, maydondagi futbolchilarga ishonaman. Bugun yana ikki nafar yosh futbolchimiz debyut qildi va o'zlarini juda yaxshi ko'rsatishdi. Men doim pozitiv fikrlayman: agar biz yuqori intensivlik bilan, diqqat-e'tiborni jamlab, yaxlit jamoa sifatida o'ynasak, har qanday raqibga munosib qarshilik ko'rsata olamiz. Jahon chempionatidan keyin o'tkazgan so'nggi to'rtta o'yinimizga nazar tashlasam, hozir menda jamoaga bo'lgan ishonch avvalgidan ham yuqoriroq.

- Bugungi o'yin uchun dastlabki reja qanday edi? Uchrashuvning borishi va o'tkazib yuborilgan gollar rejangizni o'zgartirishga sabab bo'ldimi yoki oxirigacha dastlabki reja asosida davom etdingizmi?

- Yo'q, o'yinga bo'lgan rejamiz o'zgarmadi. Maqsadimiz - birinchi bo'limda bo'lgani kabi yuqori pressingga asoslangan futbol namoyish etish edi. O'zingiz ham ko'rdingiz, birinchi taymning o'zida raqib maydonchasi yaqinida 10–12 marta to'pni olib qo'yishga erishdik, faqat hujumlarni tezkorlik bilan yakunlashda biroz oqsadik. O'z o'yinimizni namoyish etgan daqiqalarda jamoa a'lo darajada ishladi. Afsuski, shundan keyin o'sha o'n daqiqalik uzilish ro'y berdi. Futbolda bir soniyaga ham to'xtab qolish mumkin emas. Ochig'i, men 2:0 hisobini yomon ko'raman - bu futboldagi eng aldamchi va xavfli hisob, ayniqsa birinchi bo'limdan keyin shunday natija qayd etilsa. Chunki bunday paytda jamoaning koncentraciyasi pasayadi va ikkinchi taym juda og'ir kechadi. Oqibatda tajribasizlik tufayli o'n daqiqa ichida uchta to'p o'tkazib yubordik. Ammo yana bir bor qaytaraman: men bu yigitlarga juda ishonaman, ularning mashg'ulotlarda qanday mehnat qilayotganini, kuchli terma jamoalarga qarshi qanday kurashayotgani va yugurayotganini ko'rib turibman. Men futbolchilarim bilan faxrlanaman.

- Uchrashuvning 60-daqiqasida amalga oshirilgan o'zgarishlar haqida nima deya olasiz? Nazarimda, Diyor Xolmatov bugun o'yinga unchalik qo'shilib keta olmadi, Ruslan Jiyanovda ham xatolar kuzatildi. Bugun zaxiradan o'yinchi tushirishda xatoga yo'l qo'ydim deb hisoblamaysizmi?

- Albatta, o'zgarish qilayotganda muayyan futbolchilarni tanlaysiz, lekin bunday o'yinda 2:0 hisobi paytida zaxiradan maydonga tushgan o'yinchilarga o'yin ritmiga kirishib ketish oson bo'lmaydi - bu yerda gap ko'proq jismoniy emas, balki ruhiy holatda. Shubhasiz, 2:0 hisobida oldinda borayotib o'zgarishlar qilsangiz va yakunda 2:3 hisobida yutqazsangiz - bu mening xatoyim, murabbiyning xatosi bo'ladi. Nazorat uchrashuvida bizda 10 nafar futbolchini almashtirish imkoniyati bor edi va barchaga o'yin amaliyoti berishga harakat qildik. Lekin bu yerda ayb Diyorda yoki zaxiradan maydonga tushgan boshqa bir futbolchida emas - yutqazsa, butun jamoa yutqazadi. Men maydonga tushgan yigitlar uchun juda afsusdaman, chunki ular kuchli raqibga qarshi bor kuchlarini berib kurashishdi va tinimsiz yugurishdi. Natija adolatsiz bo'ldi, ammo futbolda 90 daqiqa davomida yuz foizlik koncentraciyani saqlab qolmasangiz, g'alaba qozonib bo'lmaydi.

kannavaro posle rashki.jpg

O'xshash yangiliklar


Абдулвосит БектемировMuallif
Manba: Championat.asia