Eng ko'p chetlatilgan Zidan, bir o'yinda uch marta ogohlantirilgan xorvat hamda cho'qqidagi Ermatov – Jahon chempionati rekordlari

Оқил Абдубарноев
5 iyun 2026, 14:42
Championat.asia nashri yaqinlashib kelayotgan JCH oldidan maxsus loyiha - "Mundial Allplay bilan"ga start beradi. Uning doirasida mundialga oid qiziqarli maqolalar, prevyu va revyular hamda ajoyib videolarni kuzatib borishingiz mumkin.

"JCH-2026'ni Allplay'da tomosha qiling - CANNAVARO promokodi bilan 45 kun bepul"

Promokodni faollashtirish HAVOLASI

Xalqaro Futbol Federatsiyasi tomonidan har to'rt yilda bir marotaba o'tkaziladigan futbol bo'yicha erkaklar o'rtasidagi Jahon chempionati nafaqat sport olamidagi eng yirik va nufuzli musobaqa, balki global madaniyat, siyosat va ijtimoiy taraqqiyotning o'ziga xos ko'zgusi hisoblanadi.

1930 yildan beri o'tkazilayotgan turnir deyarli bir asr davomida ko'lami va nufuzini oshirdi. Bugunga qadar 80 milliy terma jamoa musobaqaning final bosqichlarida ishtirok etgan. 2026 yilgi mundialni qo'shib hisoblaganda, Jahon chempionatlari tarixida qatnashgan mamlakatlar soni 84 taga etadi. O'zbekiston, Iordaniya, Kyurasao va Kabo-Verde o'z tarixida ilk marotaba final bosqichida ishtirok etadi.

photo_2026-05-22_20-56-57.jpg

Jamoaviy rekordlar

Jahon chempionati tarixida terma jamoalar o'rtasidagi raqobat har doim ma'lum mintaqalar, xususan, Yevropa va Janubiy Amerika qitalari vakillari o'rtasidagi gegemonlik asosida qurilgan. 22 turnirning barchasida faqatgina ikki mintaqa vakillari finalda o'ynagan va chempionlikni qo'lga kiritgan. Osiyo, Afrika, Shimoliy Amerika va Okeaniya jamoalari ikki futbol giganti o'rtasidagi devorni buza olmagan. Bu holat asosan UEFA va CONMEBOL mintaqalarida futbolning uzoq yillik tarixi, kuchli ichki chempionatlar, boy moliyaviy resurslar va mukammal bolalar futboli akademiyalarining mavjudligi bilan izohlanadi. 80 ta ishtirokchi mamlakat ichidan sakkiz davlat Jahon kubogini boshi uzra ko'tarishga muvaffaq bo'lgani ushbu sport turida elitizm qanchalik yuqori darajada ekanligini tasdiqlaydi.

Barqarorlik va istedodlar haqida gap ketganda, Braziliya birinchi o'rinni egallaydi. “Pentakampeonlar” 22 turnirda (1930 yildan 2022 yilgacha) ishtirok etgan yagona jamoa. Ular nafaqat doimiy ishtirokchi, balki eng ko'p chempionlik unvonini qo'lga kiritgan jamoa hamdir. Braziliya besh marotaba – 1958, 1962, 1970, 1994 va 2002 yillarda Jahon kubogi sohibiga aylangan. Besh g'alaba Braziliyaning turli xil futbol avlodlari – Pele, Garrincha va Vava boshlagan 50-60 yillardagi "oltin davr"dan tortib, Romario, Ronaldo va Rivaldo yetakchilligidagi 90 yillar va 2000 yillar boshidagi pragmatik va texnik jihatdan mukammal davrlarigacha bo'lgan uzluksiz iqtidorlar konveeri mavjudligini anglatadi.

Keyingi o'rinlarni barqarorlik va taktik intizom timsoli Germaniya (1990 yilgacha G'arbiy Germaniya) hamda himoyalanish sanati zargari Italiya terma jamoalari egallagan. Har ikki terma hisobida to'rttadan chempionlik mavjud. Germaniya 1954, 1974, 1990 va 2014 yillarda zafar quchgan bo'lsa, Italiya urushdan oldingi 1934 va 1938 yillarda, so'ngra 1982 va 2006 yillarda tengsizligini namoyish etgan. Amaldagi jahon chempioni Argentina hisobida uch unvon (1978, 1986 va 2022) mavjud. Turnirning ilk g'olibi Urugvay (1930, 1950) va zamonaviy futbol peshqadamlaridan biri Fransiya (1998, 2018) ikkitadan, futbol vatani Angliya (1966) va tiki-taka falsafasi asoschilari Ispaniya (2010) bittadan chempionlikka ega.

Chempionlik bo'yicha Braziliya yetakchi bo'lsa-da, finallarda ishtirok etish bo'yicha rekordchi Germaniya hisoblanadi. Nemislar tarixda 8 marta (1954, 1966, 1974, 1982, 1986, 1990, 2002, 2014) hal qiluvchi uchrashuvda maydonga tushib, to'rttasida g'alaba qozongan va shunchasida mag'lubiyatga uchragan. Braziliya etti final bilan ikkinchi o'rinda (1950 va 1998 yillardagi ikkita mag'lubiyat bilan), Italiya va Argentina esa olti final bilan uchinchi o'rinni bo'lishgan.

Bazi jamoalar uzoq yillar davomida kuchli futbol namoyish etsa-da, yakuniy qadamni tashlay olmaganl. Besh davlat (Chexoslovakiya, Vengriya, Shvetsiya, Niderlandiya va Xorvatiya) finalgacha yetib borgan, ammo g'alaba qozona olmagan. Shu jumladan, Niderlandiya 3 marta finalda o'ynab (1974, 1978, 2010), g'olib bo'lmagani bilan "Eng omadsiz buyuk jamoa" maqomini saqlab kelmoqda.

Braziliya (1994, 1998, 2002) va G'arbiy Germaniya (1982, 1986, 1990) ketma-ket uch marotaba finalda ishtirok etish bo'yicha rekordni bo'lishib turibdi. Ishtiroklar oralig'idagi davomiylik terma jamoalarning infratuzilmaviy holatidan dalolat beradi. Masalan, Argentina terma jamoasi 1930 yildagi ilk finaldan so'ng, keyingi finaliga chiqish uchun naqd 48 yil (10 ta musobaqa) kutishiga to'g'ri kelgan. Eng uzun umidsizlik davri esa Uelsga tegishli, ular 1958 yildagi debyutidan so'ng, keyingi ishtirokini 64 yildan keyin, 2022 yil (16 ta musobaqa o'tib) amalga oshirdi. Lyuksemburg 1934 yildan beri 22 marta saralash bosqichlarida ishtirok etib, biror marta final bosqichiga yo'llanma ololmagan antirekord sohibi hisoblanadi.

Yirik hisoblar

Jahon chempionatlari nafaqat dramatik g'alabalar, balki aql bovar qilmas darajadagi yirik hisoblar bilan yodda qolgan. Katta farq bilan qozonilgan g'alabalar futbolning professionalashish davridagi sifatdagi farqlarni, shuningdek, himoyaviy taktikalarining etarlicha shakllanmaganligini namoyish etgan. Eng yirik farq bilan qozonilgan g'alaba ko'rsatkichi 9 golni tashkil etadi va bu holat uch marotaba ro'y bergan.

1. Vengriya 9–0 Janubiy Koreya (1954 yil 17 iyun): O'sha davrning eng kuchli jamoasi bo'lgan, "Oltin jamoa" deb nom olgan Vengriya guruhi bosqichida Osiyo qitasi vakilini ayovsiz taslim etgan. Ferenk Pushkash yetakchiligidagi vengrlar jismoniy va taktik jihatdan mutlaqo tayyorgarliksiz bo'lgan koreyslar uchun nihoyatda kuchli edi.

2. Yugoslaviya 9–0 Zair (1974 yil 18 iyun): Yugoslaviya hozirgi Kongo Demokratik Respublikasi terma jamoasini xuddi shunday hisobda tor-mor etgan. Mazkuo bellashuv Afrika futbolining endigina xalqaro maydonga chiqayotgan davridagi og'ir o'tish pallasini ko'rsatib bergan. Zair futbolchilarining maydondagi taktik intizomsizligi va qoidalar talqinidagi bo'shliqlari ularning tarixiy mag'lubiyatiga sabab bo'lgan. 

3. Vengriya 10–1 El Salvador (1982 yil 15 iyun): Vengriya nafaqat 9 gollik farq rekordini takrorladi, balki Jahon chempionatlari tarixida bitta o'yinda 10 ta gol urgan birinchi va yagona jamoaga aylandi. Garchi El Salvador o'sha vaqtlarda Markaziy Amerikadagi jiddiy inqirozlar girdobida bo'lsa-da, natija mudofaa chizig'ining naqadar zaif ekanligini ko'rsatdi.

Jahon chempionati tarixidagi bitta o'yinda eng ko'p gol kiritilgan uchrashuv 1954 yilgi musobaqaning chorak finalida Avstriya va Shveytsariya o'rtasida bo'lib o'tgan. O'yinda jami 12 gol urilgan va Avstriya 7–5 hisobida g'alaba qozongan. Uchrashuv futbol tarixiga "Lozanna jaziramasi" sifatida kirgan, chunki bahs issiq ob-havo sharoitida o'tgan va har ikki jamoa himoyani unutib, hujum haqida o'ylagan. Ikkinchi o'rinda 1938 yilgi Braziliya – Polsha (6-5, qo'shimcha bo'limlarda), 1954 yilgi Vengriya – G'arbiy Germaniya (8-3) hamda yuqorida aytib o'tilgan Vengriya – El Salvador (10-1) o'yinlari turadi, ularning barchasida umumiy 11 tadan gol urilgan.

Pley-off bosqichidagi eng yirik g'alabalar qatoriga 2014 yilgi yarim finalda Germaniyaning mezbon Braziliya ustidan qozongan 7–1 hisobidagi tarixiy va shokka tushirgan g'alabasini takidlash zarur. Natija avvalgi barcha yirik hisoblardan tubdan farq qiladi. Vengriya yoki Yugoslaviya tajribasiz jamoalarni yutgan bo'lsa, Germaniya besh karra jahon chempionini ularning maydonida tor-mor etgandi.

Final uchrashuvlaridagi eng katta farq esa 3 ta gol bo'lib, uch marta qayd etilgan: Braziliya 5-2 Shvetsiya (1958), Braziliya 4-1 Italiya (1970) va Fransiya 3-0 Braziliya (1998). Gollarga boy o'yinlarning aksariyati XX asr o'rtalariga to'g'ri kelishi tasodif emas. Zamonaviy himoya tuzilmalari, zonalarning markazlashuvi, tizimli pressing va chuqur tahliliy himoya strategiyalari (masalan, "avtobus qo'yish" taktikasi) yirik hisoblarning takrorlanishini deyarli imkonsiz qilib qo'ygan.

Barcha davrlarning eng yaxshi to'purarlari

Eng nufuzli individual mukofotlardan bo'lgan to'purarlik borasida o'ziga xos avlodlar almashinuvi kuzatiladi. Barqaror ravishda bir nechta turnirda gol urish noyob qobiliyatni, jarohatlarga yo'liqmaslik va jamoaning uzoqqa yetib borishini talab etadi. 

Eng ko'p gol urgan futbolchi germaniyalik markaziy hujumchi Miroslav Kloze hisoblanadi. U to'rt Jahon chempionatida (2002, 2006, 2010, 2014) jami 24 o'yin o'tkazib, 16 gol urishga muvaffaq bo'lgan. Klozening rekordi uning barqarorligi, ikkinchi qavatdagi kurashlardagi mahorati va Germaniyaning muntazam uzoqqa yetib borishi mahsulidir. Kloze taktik instinktga ega bo'lib, gollarining deyarli barchasini jarima maydonchasi ichidan urgan. U rekordini 2014 yilgi chempionat yarim finalida, aynan Braziliyaga qarshi yuqorida aytib o'tilgan (7-1) o'yinda o'rnatib, braziliyalik Ronaldoning natijasini uning vatanida yangilagan.

Ikkinchi o'rindagi Ronaldo ("Fenomen") 15 golini uch turnirda (1998, 2002, 2006) jami 19 ta o'yinda kiritgan (u 1994 yil yosh yigitcha sifatida tarkibda bo'lgan, ammo maydonga tushmagan). Ronaldoning gollari tezlik, yakkakurashlardagi individual mahoart va sovuqqonlikning uyg'unligi natijasida urilgan. Uchinchi o'rinda Germaniyaning yana bir afsonasi, gol mashinasi nomini olgan Gerd Myuller bormoqda. U ikki turnirda (1970 va 1974) qatnashib, 13 o'yinda 14 gol urgan. Myullerning har o'yinga o'rtacha 1.08 gol to'g'ri keladigan ko'rsatkichi, eng yaxshi o'ntalikdagi ko'pchilik hujumchilardan sezilarli darajada yuqori hisoblanadi.

Faoliyatini davom ettirayotgan futbolchilar orasida yaqin taqibchi fransiyalik Kilian Mbappe hisoblanadi. 23 yoshida ikki turnirda ishtirok etib (2018, 2022), 12 gol urishga ulgurgan hujumchi debyut ishtirokidayoq eng yosh gol mualliflaridan biriga aylanib, Pele o'rnatgan rekordlarni yangilashga yaqin keldi. Mutaxassislar va tahlilchilar Mbappening yoshi hamda yuqori darajada o'ynayotganini inobatga olgan holda kelajakda (2026 va ehtimol 2030 yillarda) aynan u Klozening rekordini yangilashi mumkinligini bashorat qilishmoqda.

Lionel Messi 13 ta goli bilan ro'yxatning to'rtinchi pog'onasini band qilib turibdi. Messi gollarining aksariyati so'nggi musobaqalarga (ayniqsa, 7 ta gol bilan g'olib chiqqan 2022 yilgi mundial) to'g'ri keladi.

Kutilmagan qahramonlar

Birgina turnirda eng ko'p gol urish bo'yicha fransiyalik hujumchi Jyust Fontenning rekordi zamonaviy futbol uchun echilmas jumboq va afsonaviy maqomga ega. 1958 yil Shvetsiyada bo'lib o'tgan musobaqada Fonten bor-yo'g'i oltita o'yinda maydonga tushib, raqiblar darvozasini naqd 13 marotaba ishg'ol qilgan. U Paragvay, Shotlandiya, Yugoslaviya, Shimoliy Irlandiya, bo'lajak chempion Braziliya va G'arbiy Germaniya kabi turli uslubdagi jamoalar darvozasiga yo'l topib, o'rtacha har o'yinda 2 dan ortiq gol kiritgan. Rekord deyarli etmish yildan beri yangilanmay kelmoqda. Nega bu rekord yetib bo'lmas ko'rinadi? Sababi 1950 yillarda hujumchilar maydonda ko'proq erkinlikka ega bo'lgan, zamonaviy futboldagi kabi zich mudofaa (xususan offsayd tuzoqlari va raqibni individual qo'riqlash tizimlari) mavjud emasdi. Fontenga yaqin kelgan futbolchi o'zidan to'rt yil oldin 1954 yilda 11 ta gol urgan vengriyalik Shandor Kochish hisoblanadi. Zamonaviy davrda faqatgina Ronaldo (2002 yilda 8 gol) va Mbappe (2022 yilda 8 gol) ma'lum darajada muvaffaqiyatli turnir o'tkaza olishdi, biroq Fontenning ko'rsatkichidan ancha uzoqdalar.

Bitta o'yinda ko'p gol urish bo'yicha tarixiy natija esa yanada g'ayrioddiy bo'lib, rossiyalik hujumchi Oleg Salenkoga tegishli. 1994 yil AQSHda bo'lib o'tgan turnirning guruh bosqichi so'nggi turida Rossiya va Kamerun o'rtasidagi bahsda (6-1) Salenko besh gol urib, rekord o'rnatgan. Uning muvaffaqiyati o'ziga xos hikoyaga ega. O'yindan oldin Salenko xonadoshi Dmitriy Radchenkoga tush ko'rganini, ular Kamerunni tor-mor qilib, ko'p gol urishini aytganida, do'sti uni jinniga chiqargan. Salenko aynan o'ng oyog'i bilan beshta gol kiritib Ernst Vilimovski, Ademir, Shandor Kochish, Jyust Fonten, Eusebio kabi afsonalarning bitta o'yinda 4 tadan gol urgan rekordni yo'qqa chiqardi. O'yindan so'ng Salenko holdan toygani va kuchli suvsizlanish (Kaliforniya shtatidagi 40°C daraja issiqlik) sababli doping nazoratida bir yarim soat kutishiga to'g'ri kelgan va shu vaqtda u tarixiy rekord o'rnatganligini tasodifan eshitib qolgan.

Salenkoning rekordi paradoksga to'la: Rossiya terma jamoasi yirik g'alabaga qaramay, pley-offga chiqa olmagan. Ammo Salenko guruh bosqichida urilgan oltita goli (bitta gol bungacha Shvetsiyaga penaltidan urilgan edi) evaziga pley-offda yarim finalgacha yetib borgan bolgariyalik Xristo Stoichkov bilan birgalikda turnir to'purari ("Oltin butsa" sohibi) bo'lgan. Salenko futbol tarixida turnir bilan guruh bosqichidayoq xayrlashib, yakunda to'purar bo'lgan birinchi va yagona futbolchi hisoblanadi. Qolaversa, turnir uning faoliyatidagi eng katta cho'qqi bo'lib, shundan keyin u xalqaro maydonda maydonga tushmagan.

Barcha musobaqada bo'lgani kabi ketma-ket Jahon chempionatida gol urish chidamlilikni, jismoniy holatni pasaytirmaslikni talab qiladi. Portugaliya terma jamoasi sardori Krishtianu Ronaldu bu borada peshqadam. U beshta Jahon chempionatida (2006, 2010, 2014, 2018 va 2022) kamida bittadan gol urgan tarixdagi birinchi va yagona futbolchi. U rekordni 2022 yil 24 noyabrda Ganaga qarshi kechgan guruh bosqichining dastlabki uchrashuvida (3-2) o'zi ishlagan penaltini aniq amalga oshirib rasmiylashtirdi. Ronaldu besh turnirda 8 ta gol va 2 ta golli uzatma qayd etgan. Uning gollari soni Kloze yoki undan yuqori turgan futbolchilardan kam bo'lsa-da, 16 yil davomida (2006 yildan to 2022 yilgacha) turnirga yuqori formada tashrif buyurish va natija ko'rsatish uning sportga bo'lgan munosabatining yaqqol isbotidir.

Hal qiluvchi o'yinlarning qahramonlari

Finaldagi ruhiy bosim va hal qiluvchi lahzalarda o'zini yo'qotib qo'ymaslik xususiyati futbolchining qiymatini ko'rsatadi. Bu o'yinlarni yuz millionlab, bazan esa milliarddan oshiq muxlislar kuzatadi.

Hal qiluvchi bahslardagi gollar bo'yicha Kilian Mbappe 4 ta gol bilan oldinda. U 2018 yil 19 yoshida bitta gol kiritgan bo'lsa, 2022 yil Qatarda bo'lib o'tgan Argentina va Fransiya o'rtasidagi finalda qahramonlik namoyish etib, xet-trik (3 ta gol) qayd etdi. Fransiya yakunda penaltilar seriyasida yutqazgan bo'lsa-da, Mbappe finalda xet-trik qilgan tarixdagi ikkinchi futbolchiga aylandi. Bu ishni ilk bor 1966 yilgi finalda (Angliya – G'arbiy Germaniya 4:2 uchrashuvida) angliyalik Jeff Xerst uddalagan.

Yana uch futbolchi finallarda 3 gol urishga muvaffaq bo'lgan, ammo ular buni bir emas, turli finallarga taqsimlagan holda amalga oshirishgan: braziliyalik Pele (1958 yilda 2 ta, 1970 yilda 1 ta), braziliyalik Vava (1958 yilda 2 ta, 1962 yilda 1 ta) hamda fransiyalik maestro Zinedin Zidan (1998 yilda Braziliyaga qarshi 2 ta bosh bilan urilgan gol, va 2006 yilda Italiyaga qarshi 1 ta panenka uslubidagi penalti). Shuningdek, Gino Kolaussi, Silvio Piola, Helmut Ran, Mario Kempes va Lionel Messi (2022 yilda dubl) 2 tadan gol kiritgan qahramonlar ro'yxatiga kiradi.

Maydondagi daqiqalar

Eng ko'p o'yin o'tkazish bo'yicha mutlaq va inkor etib bo'lmas rekord argentinalik hujumchi Lionel Messiga tegishli. Messi 2006 yildan 2022 yilgacha bo'lgan davr mobaynida beshta chempionatda ishtirok etib, jami 26 marta maydonga tushgan. U bu rekordni 2022 yilgi Qatardagi turnir finalida o'rnatib, o'zidan oldingi rekordchi germaniyalik Lotar Matteusni (25 ta o'yin) ortda qoldirdi.

Maydonda o'tkazilgan daqiqalardir borasida ham Lionel Messi mutlaq yetakchi hisoblanadi. U Jahon chempionatlarida umumiy hisobda 2,315 daqiqa to'p tepgan bo'lib, ikkinchi o'rinda borayotgan italiyalik himoyachi Paolo Maldinining natijasini (2,217 daqiqa) Qatardagi finalda yangilashga muvaffaq bo'ldi. Maldini 23 ta o'yin o'tkazib shuncha daqiqa to'plaganining sababi, uning o'yinlari ko'pincha qo'shimcha bo'limlargacha (120 daqiqa) cho'zilganidadir.

Besh Jahon chempionatida maydonga tushish borasida hozirgacha bor-yo'g'i olti nafar futbolchi bu natijaga erisha olgan:

·        Antonio Karbaxal (Meksika): 1950, 1954, 1958, 1962, 1966

·        Lotar Matteus (G'arbiy Germaniya/Germaniya): 1982, 1986, 1990, 1994, 1998

·        Rafael Markes (Meksika): 2002, 2006, 2010, 2014, 2018

·        Lionel Messi (Argentina): 2006, 2010, 2014, 2018, 2022

·        Krishtianu Ronaldu (Portugaliya): 2006, 2010, 2014, 2018, 2022

·        Andres Guardado (Meksika): 2006, 2010, 2014, 2018, 2022.

Ko'rsatkichlarning uch o'rni meksikalik futbolchilarga tegishli ekani alohida tahlil talab qiladi. Buning asosi shundaki, Meksika terma jamoasi deyarli har doim Shimoliy Amerika saralash bosqichidan osonlik bilan o'tadi, ammo xalqaro miqyosda doimiy ravishda yuqori klassdagi iqtidorlar tanqisligi kuzatiladi. Shu sabab Karbaxal, Markes yoki Guardado kabi liderlar o'z o'rinlarini uzoq yillar davomida ishonchli himoya qila olishgan. Bunga qarama-qarshi o'laroq, Lotar Matteus, Messi yoki Ronaldu kabi yulduzlar yuqori raqobatli sharoitda terma jamoalarini Jahon chempionligi sari etaklaydigan super yulduzlar sifatida o'rinlarini saqlab qolishgan.

Mehnatkash hujumchi Miroslav Kloze nafaqat gollar, balki qatnashgan o'yinlarda jamoasi g'alaba qozonishi bo'yicha ham yetakchi. U maydonga tushgan 24 o'yinning 17 tasida Germaniya g'alaba qozongan (2002 yilda 5 ta, 2006 yilda 5 ta, 2010 yilda 5 ta va 2014 yilda 2 ta g'alaba). Kloze barcha to'rtta chempionatning barchasida medal qo'lga kiritgan (bitta oltin, bitta kumush va ikkita bronza) yagona futbolchi. Klozedan keyingi o'rinlarni 16 tadan g'alaba bilan braziliyalik qanot himoyachisi Kafu va argentinalik Lionel Messi band etgan. Lionel Messi jamoani sardor sifatida maydonga boshlab tushish bo'yicha rekord sohibi bo'lib, u 19 marta Argentinaga sardorlik qilgan (bu rekord u 2010 yildan 2022 yilgacha bo'lgan davrda qayd etildi). Messining bu boradagi yutug'i oldingi peshqadamlar – Rafael Markes va Diego Maradonaning natijalarini yo'qqa chiqardi.

Eng yosh va eng keksa qahramonlar

Jahon chempionatlarida gol urgan eng keksa futbolchi Kamerun afsonasi Roje Milla hisoblanib, u 1994 yil AQSHda bo'lib o'tgan musobaqada Rossiya darvozasiga gol kiritganida 42 yosh-u 39 kunlik edi. Rekordning beqiyosligi shundaki, xuddi shu futbolchi 1990 yildagi chempionatda ham o'zining yoshi bilan bog'liq (38 yoshida) rekordni o'rnatib, jamoasini chorak finalga olib chiqqan. 40 yoshdan keyin hyuqori intensiv, to'qnashuvli va jismoniy jihatdan toliqtiruvchi turnirda ishtirok etib, darvoza ishg'ol qilish zamonaviy sport biologiyasi qoidalariga deyarli zid hisoblanadi.

Faqatgina pley-off (nimchorak, chorak, yarim final va final) o'yinlariga qaraydigan bo'lsak, gol urgan eng keksa futbolchi etirofi portugaliyalik himoyachi Pepega nasib etgan. U 2022 yilda Qatarda o'tkazilgan nimchorak final doirasida Shveytsariyaga qarshi o'yinda (6:1) burchakdan uzatilgan to'pni bosh bilan darvozaga yo'llab gol urgan vaqtida 39 yosh-u 283 kunlik edi.

Yoshlik borasidagi rekordlar masalasida esa, qariyb etmish yildan beri braziliyalik futbol qiroli Pele deyarli barcha natijalarni o'z nomiga band qilib kelmoqda. U 1958 yilgi Jahon chempionatida Uels darvozasiga yagona golni urganida atigi 17 yosh-u 239 kunlik o'smir edi. Shu tarzda u eng yosh gol muallifi rekordini o'rnatdi. Bu bilan to'xtab qolmay, o'sha turnirning o'zida Fransiya darvozasiga yarim finalda xet-trik qayd etdi va yakunda Shvetsiya darvozasiga finalda ikkita gol urib (17 yosh-u 249 kunligida), finalda o'ynagan va gol urgan eng yosh futbolchiga ham aylandi.

Quruq o'yinlar

O'z darvozasi daxlsizligini eng ko'p o'yinda saqlab qolgan darvozabonlar ikkita o'ziga xos uslub vakillaridir: angliyalik Piter Shilton va fransiyalik Faben Bartez. Ularning har ikkisi jahon chempionati doirasida o'tkazgan uchrashuvlaridan 10 tasida bironta gol o'tkazib yubormagan.

Piter Shilton ananaviy ingliz darvozabonlar maktabi vakili sifatida natijaga 1982, 1986 va 1990 yilgi chempionatlarda, jami 17 o'yin o'tkazish orqali erishgan. U 1982 yil o'z mahoratini namoyish etib 4 marta, 1986 va 1990 yillarda esa 3 martadan darvozasini to'pdan saqlagan va Angliyani 1990 yilgi yarim finalgacha olib borgan.

Faben Bartez Shiltondan farqli ravishda ko'proq instinktga, chaqqonlik va himoyachilar (ayniqsa Loran Blan) bilan bo'lgan psixologik aloqaga tayangan holda 17 o'yinda (1998, 2002 va 2006 yillar) rekordni takrorlagan. Uning ajoyib harakatlari ayniqsa 1998 yil Fransiyaning o'z uyida chempion bo'lishida (5 ta quruq o'yin, bu bitta turnir uchun fenomenal natija) markaziy rolni o'ynagan. Keyingi o'rinlarda zamonaviy va yaqin tarixning eng mashhur kiperlari bo'lmish Yan Yongblud (Niderlandiya, 12 o'yinda 8 ta), Emerson Leao (Braziliya, 14 o'yinda 8 ta), Klaudio Taffarel (Braziliya, 18 o'yinda 8 ta), Zepp Mayer (Germaniya, 18 o'yinda 8 ta) va Ugo Loris (Fransiya, 20 o'yinda 8 ta) kabi darvozabonlar turadi.

Penaltilar seriyasidagi janglar

Turnir tarixida uzoq vaqt davomida, aniqrog'i 1978 yilgacha, asosiy va qo'shimcha vaqtlarda durang natija qayd etilgan pley-off uchrashuvlari g'olibini aniqlash uchun qur'a tashlash yoki takroriy o'yin belgilash tartibi qo'llanilgan. Taqvim zichlashgani sari IFAB (Xalqaro Futbol Assotsiatsiyalari Kengashi) qoidalarni o'zgartirib, penaltilar seriyasini joriy qildi (amalda u ilk bor 1982 yilgi musobaqada G'arbiy Germaniya va Fransiya o'rtasidagi yarim finalda qo'llanilgan). O'zgarish yangi ruhiy elementni olib kirdi.

Jahon chempionati penaltilar seriyalarida eng ko'p zarbani qaytargan darvozabonlar qatoridan to'rt nafar posbon joy olgan bo'lib, ularning har biri 4 tadan raqib zarbasini yo'qqa chiqargan:

1. Xarald Shumaxer (G'arbiy Germaniya): 1982 va 1986 yillardagi ikkita muvaffaqiyatli penaltilar seriyalarida ayyorligi va jismoniy kuchiga tayanib 4 zarbani qaytargan.

2. Serxio Goykochea (Argentina): 1990 yildagi turnirda kutilmaganda asosiy tarkibdan joy olib, ajoyib reakciya ko'rsatgan va Argentina jamoasini finalgacha (Yugoslaviya va Italiyaga qarshi seriyalarda g'alaba qozonib) olib chiqqan.

3. Daniel Subashich (Xorvatiya): 2018 yilda Rossiyada bo'lib o'tgan turnirdagi qahramonliklari (daniyaliklar va mezbonlarga qarshi uchrashuvlarda) orqali rekordni takrorladi.

4. Dominik Livakovich (Xorvatiya): Kichik davlatning darvozabonlar maktabi barqarorligini ko'rsatib, 2022 yildagi chempionatda Subashichning ishini davom ettirdi. U Yaponiya va Braziliyaga qarshi seriyalarda jami 4 seyv ko'rsatdi.

Butun faoliyat bo'yicha emas, aynan bitta muayyan o'yindagi penaltilar seriyasi haqida gapiradigan bo'lsak, bosim eng yuqori nuqtasiga chiqqan seriyada uchtadan zarbani qaytargan (bu deyarli g'alabani yolg'iz o'zi taminladi degani) atigi uch nafar posbon mavjud:

Rikardo (Portugaliya): 2006 yil Germaniyadagi Jahon chempionati doirasida Angliyaga qarshi uchrashuvda uch penaltini qaytarib, tarixdagi ilk darvozabonga aylandi.

Daniel Subashich (Xorvatiya): 2018 yilgi nimchorak finalda Daniyaga qarshi o'yinda Rikardoning natijasini takrorladi.

Dominik Livakovich (Xorvatiya): 2022 yil Yaponiyaga qarshi nimchorak finalda uch zarbani qaytaribgina qolmay, Jahon chempionatlari tarixida raqibning dastlabki ikkita penaltisini ketma-ket qaytargan birinchi darvozabonga aylandi.

Jahon chempionatining qora sahifalari

Jahon chempionati nafaqat do'stona sport to'qnashuvi va tomosha, balki o'n millionlab insonlar nigohi ostida, butun millat g'ururi uchun o'ynaladigan shiddatli va asabiy jang maydonidir. Futbolda jismoniy charchoq va ruhiy bosim yuqori darajaga chiqqanda futbolchilarning asablari dosh bera olmay qolishi, qo'polliklarning tartibsiz agressiyaga aylanib ketishi uchrab turadi. Bu esa o'z navbatida hakamlar tomonidan ogohlantirishlar va chetlatishlar soni bo'yicha "antirekordlar"ning yuzaga kelishiga sabab bo'lgan. Tarixda shunday ikki o'yin borki, qoliplarni buzgan.

"Nyurnberg jangi" (2006) va "Lusail to'qnashuvi" (2022)

O'n yildan ortiq vaqt mobaynida eng qo'pol, betartib va agressiv o'yin maqomi 2006 yilgi Germaniyadagi mundial doirasida Portugaliya va Niderlandiya o'rtasida Nyurnberg shahrida o'tgan nimchorak final uchrashuviga tegishli edi. Uchrashuv yilnomalarda "Nyurnberg jangi" nomini olgan. Rossiyalik hakam Valentin Ivanov maydondagi shafqatsiz kurashlarni to'xtatish uchun o'yinchilarga jami 16 sariq va 4 qizil kartochka ko'rsatishga majbur bo'lgan. Deku, Jiovanni van Bronkxorst kabi tniqli pleymeykerlar, shuningdek niderlandiyalik Xalid Bulahruz (unga bejizga "Kannibal" laqabi berilmagan, u birinchi bo'limdayoq Krishtianu Ronalduni jarohatlab maydonni tark etishga majbur qilgan) va portugaliyalik Koshtinya maydondan chetlatilgan. Har ikki jamoadan ikkitadan futbolchi chetlatilgan o'yin futbol emas, balki aralash yakkakurash sanatini eslatardi. Ko'pchilik ekspertlar o'ylagandiki, bundan so'ng hech bir o'yinda bunchalik ko'p ogohlantirish berilmaydi va rekord abadiy saqlanib qoladi.

Biroq oradan 16 yarim yil o'tib, VAR tizimi joriy qilingan zamonaviy davrda ham tartibsizliklar yuzaga kelishi mumkinligi isbotlandi. 2022 yil Qatarda o'tkazilgan Jahon chempionatining chorak finalida Argentina va Niderlandiya terma jamoalari to'qnashdi. "Lusail jangi" deb nomlangan tarixiy dahanaki tortishuvda taniqli ispaniyalik hakam Antonio Mateu Laos musobaqalar tarixidagi intizomiy antirekordni yangiladi. U o'yin davomida (qo'shimcha bo'limlarni ham hisobga olganda) naqd 18 sariq va 1 qizil kartochka ko'rsatdi. Mateu Laosning qatiy (ammo bazi tahlilchilar fikriga ko'ra o'ta e'tibortalab) qarorlari ostida nafaqat maydondagi harakatlanayotgan futbolchilar, balki zaxira o'rindig'idagi o'yinchilar va asablarini jilovlay olmagan murabbiylar shtabi a'zolari (shu jumladan, Argentina ustozi Lionel Skaloni va yordamchisi Valter Samuel) jazolandi.

O'yin dramatik tarzda rivojlanib, dastlabki bo'limlarda Argentinaning ustunligi bilan o'tgan bo'lsa (Nauel Molina va Lionel Messining gollari), so'nggi daqiqalarda Niderlandiyaning uzun paslarga asoslangan hujumlari qator tartibsizliklarni keltirib chiqardi. Asosiy vaqt yakunlanishi arafasida Leandro Paredesning Niderlandiya zaxira o'rindig'i tomon ataylab to'pni kuch bilan tepishi jamoaviy to'qnashuvni keltirib chiqardi. Uchrashuv 2:2 hisobida yakunlanib, penaltilar seriyasida Argentina Emiliano Martinesning ikkita seyvi evaziga g'alaba qozondi. O'yin yakunlangandan keyin ham janjal to'xtamadi va niderlandiyalik Denzel Dyumfris raqiblar bilan mushtlashgani uchun chetlatildi. O'yindagi yuqori keskinlik uchrashuv oldidan Niderlandiya ustozi Lui van Galning provokacion va Argentinani kamsituvchi intervyulari, shuningdek janubiy amerikaliklarning asabiy reakciyalari bilan izohlanadi. Lionel Messining o'yindan so'ng intervyu paytida Vaut Vexorstga qarata aytgan "Qaerga qarayapsan, ahmoq?" iborasi "jang"ning emocional va dushmanona o'tganligini aks ettirib, Argentina madaniyatida, futbolkalar va finjonlardagi shiorga aylandi.

Shaxsiy intizom

Ayrim futbolchilar shaxsiy intizomsizligi bilan ajralib turishadi. Faoliyati davomida Jahon chempionatlarida eng ko'p sariq kartochka olgan futbolchi argentinalik tayanch yarim himoyachisi Xaver Maskerano hisoblanib, 2006 yildan 2018 yilgacha bo'lgan uzoq yillik davrda maydon markazida o'tkazgan kurashlar va himoyani mustahkamlashi oqibatida jami 7 sariq kartochka bilan jazolangan.

Eng ko'p qizil kartochka olgan futbolchilar qatoriga ikki nafar o'yinchi kiradi: kamerunlik qattiqqo'l himoyachi Rigober Song (1994, 1998 yillardagi musobaqalarda chetlatilgan) va sovuqqonligi bilan mashhur bo'lsa-da, bazan hissiyotlariga asir tushgan fransiyalik maestro Zinedin Zidan (1998 yilgi guruh bosqichida va 2006 yilgi finalda Marko Materacciga bosh bilan bergan zarbasi uchun chetlatilgan). Ularning har ikkisi Jahon chempionatlarida ikkitadan qizil kartochka olgan antirekord sohiblaridir.

Eng kulgili va o'ziga xos rekord xorvatiyalik markaziy himoyachi Yosip Shimunich hisobiga yozilgan. U 2006 yilgi musobaqada Avstraliyaga qarshi o'yinda ingliz hakami Grem Pollning diqqatsizligi tufayli maydondan chetlatilgunga qadar 3 marta sariq kartochka olgan (uchinchisidan keyin qizil berilgan) futbol tarixidagi yagona o'yinchidir. Grem Poll unga 61, 90 va 93-daqiqalarda sariq kartochka ko'rsatgan. Bu holat FIFA tomonidan qattiq qoralangan va referilarning charchoq tufayli xatoga yo'l qo'yishi muammosini ko'targan.

Rekordchi Ermatov

O'zbekistonlik hakam Ravshan Ermatov Jahon chempionatlari tarixida eng ko'p o'yin boshqargan hakam hisoblanadi. U uchta Jahon chempionatida jami 11 uchrashuvni bosh hakam sifatida boshqargan.

Ravshan Ermatov 32 yoshida debyut turniridanoq FIFAning eng ishonchli hakamlaridan biriga aylandi. Ushbu turnirda u jami 5 o'yinni boshqardi (bitta turnirda eng ko'p o'yin boshqarish bo'yicha jahon rekordi takrorlandi). Braziliyadagi mundialda Ermatov yuqori saviyasini yana bir bor isbotlab, yana 4 muhim o'yinni nazoratiga oldi. Rossiyadagi turnirda Ravshan Ermatov rekordini yuqoriroq plankaga ko'tardi va jami 2 o'yinni boshqardi.

U faoliyati davomida Lionel Messi, Kristianu Ronaldu, Xavi, Andres Inesta, Tomas Myuller va Aren Robben kabi dunyo futboli afsonalari ishtirokidagi o'yinlarni boshqargan.

Ravshan Ermatovdan keyingi o'rinni argentinalik Nestor Pitana egallagan – 9 o'yin. Argentinalik hakam ikki Jahon chempionatida (2014, 2018) qatnashgan. Yana 4 nafar hakam 8 tadan uchrashuvda bosh hakamlik qilgan.

2026 yilgi Jahon chempionatida o'zbekistonlik hakam Ilgiz Tantashev faoliyat olib boradi. Unga qanotlarda tajribali yordamchilari – Timur Gaynullin va Andrey Sapenko hamrohlik qilishadi.

photo_2024-04-03_20-08-03.jpg

Murabbiylik rekordlari

Jahon chempionatlari tarixida faqatgina yorqin o'yinchilar emas, balki butun boshli davrlarga asos solgan, mustahkam falsafasi va intizomi orqali terma jamoasini taktik yuksaklikka olib chiqqan buyuk murabbiylar mavjud.

Ulug'vor rekordlar orasida G'arbiy Germaniya bosh murabbiyi Xelmut Shyon egallagan maqomni hozircha hech kim takrorlay olmagan. Taktik moslashuvchanlikning otasi hisoblangan Xelmut Shyon futbol tarixi davomida Jahon chempionatlarida eng ko'p o'yinni boshqargan va eng ko'p g'alabaga erishgan mutaxassis hisoblanadi. U Germaniya terma jamoasini 14 yil davomida – 1966 yildan to 1978 yilgacha bo'lgan to'rtta ketma-ket Jahon chempionatida yuksak darajada boshqarib tushgan. Shyon jami 25 uchrashuvda jamoani bosh murabbiy sifatida maydonga olib tushgan (murabbiylik ishtiroklari bo'yicha rekord) va ularning naqd 16 tasida g'alabaga erishgan (g'alabalar soni bo'yicha ham rekord).

Uning qo'l ostida "Nemis mashinasi" oltin davrini o'tkazdi va mukammal barqarorlikni namoyish etdi. Jamoa 1966 yil Angliyada o'tgan turnirda faqatgina finaldagi bahsli holat (Jef Xerstning munozarali goli) tufayli ikkinchi o'rinni egalladi, 1970 yil Meksikada uchinchi o'rin – bronza medallariga ega chiqdi va nihoyat, mehnati va falsafasi o'z samarasini berib, o'z uyi – G'arbiy Germaniyada o'tgan 1974 yilgi musobaqada Yohan Kroyff boshchiligidagi Niderlandiyani engib, jahon chempionligini qo'lga kiritdi.

Xelmut Shyonning musobaqadagi debyut o'yini o'ziga xos g'alaba bilan boshlangan: 1966 yil 12 iyulda Angliyaning Sheffild shahridagi Xillsboro stadionida uning shogirdlari Shveytsariyani 5-0 hisobida yakson qilgan. Uning afsonaviy davri 1978 yil Argentinaning Kordoba shahrida, Niderlandiya yoki Braziliyaga emas, balki qo'shnisi Avstriyaga qarshi 2-3 hisobida uchralgan mag'lubiyat bilan yakun topgan.

Jahon chempionatlari tarixi va undagi bir asr davomida o'rnatilgan statistik rekordlar – urilgan gollar, yirik hisobdagi mag'lubiyatlar, turli bosqichlardagi mo'jizalar, hakamlar qarorlari natijasidagi tortishuvlar va murabbiylar salohiyati ushbu sport turining ajoyib evolyucion xaritasini chizib beradi. Dastlabki yillarda taktikaning qanchalik jadal rivojlangani va hujumkor o'yinning markazda bo'lganini (Avstriyaning 7-5 yoki Vengriyaning 10-1 g'alabalari) ko'rsak, zamonaviy futbol taktikaviy cheklovlar va shiddatli jismoniy kurashlarga (Lusail jangi) aylanib borayotganining guvohi bo'lamiz.

Kelgusidagi Jahon chempionatlari, xususan 2026 yildan e'tiboran 48 ta terma jamoa ishtirok etishi bilan format o'zgarishi, pley-off bosqichlarining qo'shilishi (1/16 final) yana ko'plab o'yinlar imkoniyatlarini yaratadi. Bu esa o'z navbatida uzoq muddatli rekordlarning (eng ko'p gol urgan, eng ko'p maydonga tushgan kabi) yangilanish jarayonini sun'iy ravishda tezlashtirishi mumkin. Biroq Xelmut Shyonning bir jamoada ishlash va barqarorlik bo'yicha qo'ygan 25 o'yinlik ko'rsatkichi yoki Jyust Fontenning bir chempionatdagi 13 goli deyarli imkonsiz marra bo'lib qolaveradi.

"JCH-2026'ni Allplay'da tomosha qiling - CANNAVARO promokodi bilan 45 kun bepul"

Promokodni faollashtirish HAVOLASI

O'xshash yangiliklar


Оқил АбдубарноевMuallif
Manba: Championat.asia