Eldor Moyliev: "Durang adolatli bo'ldi deb o'ylayman"

Aslanov Jasurbek
5 may 2026, 22:07
Proliga 7-turdan o'rin olgan "Respublika FA" – "Lochin" uchrashuvi 0:0 hisobida yakun topdi.

O'yindan keyin "Lochin" bosh murabbiyi Eldor Moyliev matbuot anjumanida ishtirok etdi.

- O'yin haqida fikringiz?

- "Respublika FA" yaxshi jamoa ekanini bilamiz. Jamoa tirishqoq va kurashuvchan. Agar o'yin berganimizda bizga qiyin bo'lardi, shu bois imkon qadar yuqori pressing qilib o'yin bermaslikka harakat qildik. Birinchi taymda buning uddasidan chiqdik. Ikkinchi taymda xatolarga yo'l qo'ydik. Gol urish uchun vaziyatlarimiz ham bo'ldi, lekin foydalana olmadik. Durang adolatli bo'ldi deb o'ylayman.

- Shogirdlaringiz bir necha bor oldinga borishdi, ammo oxirgi zarbani berishda passivlik kuzatildi.

- Mashg'ulotlarda bu borada ishlayapmiz. Lekin o'yinga kelganda yakuniy zarbani bera olmayapmiz. Har to'rtinchi-beshinchi kun maydonga tushayotganimiz uchun mashg'ulot ko'p qilmayapmiz, asosan tiklanish bilan ovora bo'lib qolyapmiz.

- Bugun jamoangiz to'p nazorati bo'yicha katta ustunlikka ega bo'ldi.

- Nafaqat bugun, har o'yinda to'p nazorati bo'yicha ko'rsatkich bizda yaxshi chiqyapti. Yosh jamoalarga to'pni bersangiz, ular ham nazorat qiladi. Shu bois bermaslikka harakat qilamiz. Hujumlarimiz bor, lekin realizaciya ko'rinmayapti. O'yin uslubimiz ham to'p nazoratiga asoslangan.


Aslanov JasurbekMuallif
Manba: championat.asia