Donis O'zbekistonga qarshi o'yinda tarkibda o'zgarishlar qilishini ma'lum qildi

15 noya 2026, 21:06
Saudiya Arabistoni milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Georgios Donis O'zbekistonga qarshi o'rtoqlik uchrashuvi oldidan o'z rejalari va iste'fosi haqidagi mish-mishlarga munosabat bildirdi.

Gretsiyalik mutaxassis Janubiy Koreyaga qarshi o'yindan (3:2) keyingi matbuot anjumanida O'zbekiston bilan bahsda ham imkon qadar ko'proq futbolchiga o'yin amaliyoti berishini ma'lum qildi.

“Janubiy Koreyaga qarshi uchrashuvga 30 nafar futbolchini jalb etdik. Maqsadimiz – Osiyo kubogiga tayyorgarlik ko'rish va barcha futbolchilarga o'z imkoniyatlarini namoyish etish uchun sharoit yaratish.

Futbolchilarimizning jangovar ruhi va intizomidan mamnunman. O'zbekistonga qarshi o'yinda ham xuddi shu yondashuvdan foydalanamiz va imkon qadar ko'proq futbolchini maydonga tushiramiz”, – dedi Donis.

Shuningdek, murabbiy Saudiya Arabistoni terma jamoasidan ketishi mumkinligi haqidagi xabarlarga munosabat bildirdi.

“Bilasizlar, men ochiq gapiradigan insonman. Men oddiy murabbiy emasman, o'zimni Saudiya Arabistonining ajralmas qismi deb bilaman. Bu mamlakatda ko'plab tajribalar orttirganman. Iste'fo haqidagi mish-mishlar jamoaga foyda keltirmaydi”, – dedi mutaxassis.

Donis milliy terma jamoalar murabbiylar shtablari bilan hamkorlikda kelajak uchun aniq reja ishlab chiqish va yosh avlod imkoniyatlaridan foydalanish muhimligini ham ta'kidladi.

Eslatib o'tamiz, Saudiya Arabistoni – O'zbekiston o'rtoqlik uchrashuvi 17 noyabr kuni Dohada bo'lib o'tadi.

O'xshash yangiliklar


Manba: kooora.com