Diyor Xolmatov: "Eron mag'lub etildi, navbat Suriyaga"

Оқил Абдубарноев
27 sen 2026, 19:55
O'zbekiston terma jamoasi yarim himoyachisi Diyor Xolmatov Suriyaga qarshi tayyorgarlik va ichki muhit haqida fikr bildirdi.

– Suriyaga qarshi tayyorgarlik qanday o'tyapti?

– Tayyorgarlik jarayoni juda yaxshi, a'lo darajada o'tmoqda. Ayni paytda Suriya terma jamoasi bilan bo'ladigan o'yinga tayyorgarlik ko'ryapmiz. Eronga qarshi uchrashuvni o'tkazib oldik, bu o'yin juda yoqimli kechdi va g'alaba qozondik. Endi bor e'tiborimizni Suriyaga qarshi bahsga qaratamiz.

– Terma jamoa ichidagi muhit haqida to'xtalib o'tsangiz, ichki muhit ancha o'zgarganmi?

– Ichki muhit a'lo darajada ekanini o'zingiz ham ko'rib turibsiz. Jamoadagi barcha a'zolar bir oiladek jipslashgan, shu sababli holat juda yaxshi.

– Odil Hamrobekov bilan birgalikdagi harakatlaringiz qanday kechmoqda?

– Odil aka bilan avvalroq "Paxtakor" jamoasida ham birga to'p tepganmiz va bir-birimizni yaxshi tushunamiz. Shu sababli maydondagi hamkorligimiz a'lo darajada kechmoqda.

– Navbatdagi raqib Suriya terma jamoasi ekanligi va ularga qarshi tayyorgarlik ko'rayotganingiz haqida aytib o'tdingiz. Raqib jamoani o'rganib chiqdingizmi, ularning qaysi chiziqlari kuchli yoki zaif tomonlari borligi haqida gapirib bersangiz.

– Yo'q, raqib o'yinini hali tahlil qilmadik, chunki uchrashuvgacha hali vaqt bor. O'ylashimcha, bu jarayonni ertadan boshlaymiz. Hozircha faqat o'zimizning o'yinimizni ko'rib chiqib, taktik jihatdan mashg'ulotlar olib boryapmiz.

– Murabbiylar Eron bilan o'yindan keyin yo'l qo'yilgan xatolarni ko'rsatib o'tishdimi?

– Ha, albatta, kamchiliklarimiz ko'rsatib o'tildi. Ayni paytda shu xatolar ustida mashg'ulotlar o'tkazyapmiz. Navbatdagi o'yingacha bularni bartaraf etamiz, ertadan Suriyaga qarshi o'yinga tayyorgarlik boshlanadi. Pressing borasida gapiradigan bo'lsam, hozirgi zamonaviy futbol shunday o'zgargan va pressing uyushtirish jamoa uchun foydalidir.

– Murabbiy aynan pressingni qo'llash bo'yicha ko'rsatmalar berdimi?

– Ha, albatta. Hozirgi mashg'ulotlarda ham asosan pressing ustida ishlayapmiz. Shu sababli boshqa taktik sxemalarni ham o'rganib chiqmoqdamiz.

– Eron ustidan qozonilgan g'alaba pressing hisobiga erishildi, deb o'ylaysizmi?

– O'ylashimcha, aynan shunday bo'lsa kerak.

O'xshash yangiliklar


Оқил АбдубарноевMuallif
Manba: Championat.asia