Chempionlik yo'li: "Paxtakor" va "Neftchi"ni oldinda kutayotgan imtixonlar

Iskandarov Abdulaziz
25 iyul 2026, 17:35
Superligada joriy mavsumdagi oltin medallar uchun kurash ikki jamoa - "Paxtakor" va "Neftchi" o'rtasida kechishiga shubha qoldirmayapti.

Turnir jadvalidagi real vaziyat shuni ko'rsatmoqdaki, bu ikki gegemon qolgan taqibchilaridan sezilarli darajada o'zib ketishga erishdi. Oldinda esa har ikki klub uchun haqiqiy sinov va kuchlarni imtixon qiladigan "olovli avgust" turibdi.

Quyida ushbu ikki da'vogarning bugungi holati, bo'lajak derbilar va taqvimning mashaqqatlari haqida tahliliy mulohaza yuritamiz.

Restartdan keyingi manzara: "sherlar"da qiyin, "Neftchi"da irodali g'alabalar

Superliganing ikkinchi davrasi boshlanishi har ikki jamoa uchun turlicha kechdi.
"Paxtakor"ning natijalari: Amaldagi chempionlar restartni "Lokomotiv"ga qarshi o'ta qiyin bahs bilan boshlab, 1:1 hisobidagi durangga imzo chekdi. Bu natija "sherlar" uchun nafaqat 2 ochkoning yo'qotilishi, balki peshqadam "Neftchi" bilan oradagi farqning 4 ochkoga yetishiga sabab bo'ldi. Oldinda murakkab taqvim borligini hisobga olsak, 4 ochkolik farq hech narsani anglatmaydi va intriga o'lganidan dalolat bermaydi. Biroq, keyingi turda "Xorazm" ustidan qozonilgan asabiy va qiyin g'alaba ham ko'rsatdiki, "Paxtakor" hali o'zining optimal sport formasiga kirib ulgurmagan. Yani jamoa o'zining kuchli holatida emas.

506931.jpg



"Neftchi"da qanday vaziyat? Farg'onaliklar ustozi Islom Ismoilov shogirdlari esa tanaffusdan eng yuqori tayyorgarlik bilan qaytganini namoyish etmoqda. Ular dastlab turnir jadvalida uchinchi o'rinda borayotgan markaziy o'yinlardan birida "Buxoro"ni o'z maydonida taslim etishdi. Bu g'alaba orqali "Neftchi" bir o'q bilan ikki quyonni urdi: ham asosiy taqibchilaridan birini ortda qoldirdi, ham "Paxtakor" bilan oradagi farqni mustahkamladi.
Keyingi turda "So'g'diyona" bilan kechgan bahsda (5:1) farg'onaliklar haqiqiy chempionlik xarakterini ko'rsata oldi. E'tiborlisi shundaki, "Neftchi" so'nggi ikki o'yinda ham dastlabki 20 daqiqalikdayoq o'z darvozasidan to'p olib chiqishga majbur bo'ldi. Ammo jamoa ruhiy tomonlama sinmadi va yakunda yirik g'alabalarni tortib oldi. Bugungi "Neftchi"ga gol urish - ularni engish degani emas. Ular bitta tarsakiga bir nechta zarba bilan javob qaytarish salohiyatiga ega ekanligini isbotlamoqda.

506161.jpg



Toshkent va Farg'onada derbiga marhamat

Oldinda har ikki jamoani o'ta muhim va muxlislar intiqib kutadigan derbilar kutmoqda. Ammo bu derbilarning tabiati va bugungi salobati bir-biridan tubdan farq qiladi.

Toshkent derbisi: "Paxtakor" uchun qulay imkoniyat. "Paxtakor"ni azaliy va qadrdon raqibi "Bunyodkor"ga qarshi to'qnashuv kutib turibdi. Ammo tan olish kerak, bugungi "qaldirg'ochlar"ning ahvoli havas qilgudek emas. Futbolchilarda kayfiyat ko'rinayotgani yo'q. Jamoa so'nggi ikki o'yinda maydonda go'yoki ko'rinmadi. Klub ichidagi muammolar, legionerlarning ketma-ket ketishi va transfer taqiqi, moliyaviy muammolar kabi omillar futbolchilarning ruhiyatiga jiddiy zarba bergan. "Bunyodkor" jar yoqasida turgani va "Paxtakor"ning tarkib jihatdan yaqqol ustunligi fonida, bu derbi "sherlar" uchun osongina 3 ochko ishlab olish va kayfiyatni ko'tarish vositasiga aylanishi mumkin.

Vodiy derbisi: "Istiqlol"dagi qaynoq oqshom. Farg'onada esa butunlay boshqa manzara. "Neftchi" azaliy raqib "Navbahor"ga qarshi vodiy derbisiga tayyorgarlik ko'rmoqda. Bu o'yinning ahamiyati har ikki tomon uchun 200 foizlik qiymatga ega. Timur Kapadze boshchiligidagi "Navbahor" ketma-ket 5 ta o'yindan buyon g'alaba nimaligini bilmay kelmoqda. Namanganlik talabchan muxlislar uchun bu o'ta katta va kechirilmas muddat. Bundan tashqari, "lochinlar" so'nggi 3 ta vodiy derbisidan buyon "Neftchi" maydonidan g'alabasiz qaytmoqda. "Navbahor" uchun bu o'yin "hayot-mamot" masalasi bo'lsa, "Neftchi" uchun chempionlik marshini davom ettirish yo'lidagi eng muhim qadamdir.

photo_2026-07-25_16-43-41.jpg



Olovli avgust. "Paxtakor" bir oyda 7 ta o'yinda maydonga tushadi

Mavsumning eng hal qiluvchi pallasiga qadam qo'yar ekanmiz, jamoalarning avgust oyidagi taqvimi katta ahamiyat kasb etadi. Quyida ikki jamoaning ushbu oydagi o'yinlari bilan tanishing:

"Paxtakor"ning avgust taqvimi (7 ta o'yin):
1 avgust: "Andijon" (Superliga, safarda)
6 avgust: "Buxoro" (Superliga, uyda)
11 avgust: "Al Husseyn" (Elit OCHL, uyda)
16 avgust: "Nasaf" (Superliga, safarda)
21 avgust: "Surxon" (Superliga, uyda)
26 avgust: "Dinamo" (Superliga, safarda)
29 avgust: "Neftchi" (O'zbekiston Kubogi, safarda)

"Neftchi"ning avgust taqvimi (6 ta o'yin):
3 avgust: "Dinamo" (Superliga, safarda)
8 avgust: "Qizilqum" (Superliga, uyda)
13 avgust: "Andijon" (Superliga, safarda)
18 avgust: "Buxoro" (Superliga, safarda)
23 avgust: "So'g'diyona" (Superliga, uyda)
29 avgust: "Paxtakor" (O'zbekiston Kubogi, uyda)

Ko'rinib turganidek, "Paxtakor" bu oyda raqibiga nisbatan bitta ko'p o'yin o'tkazadi. Eng asosiysi, Toshkent klubini xalqaro maydon - Elit OCHL pley-off doirasidagi murakkab bahs ham kutib turibdi. 29 avgust kuni O'zbekiston Kubogi doirasidagi "Farg'onadagi finalga teng to'qnashuv" esa har ikki klub uchun oyning mantiqiy va eng yuqori nuqtasi bo'ladi.

photo_2026-07-25_16-44-59.jpg



Chempionlikni nima hal qiladi?

Aynan avgust va sentyabr oylari joriy mavsumda qaysi jamoaning boshiga toj kiydirilishini belgilab beradigan hal qiluvchi palladir. Bunday tig'iz va keskin grafikda quyidagi uchta omil birinchi planga chiqadi:

Jismoniy tayyorgarlik va tiklanish: O'yindan-o'yingacha bo'lgan qisqa fursatda futbolchilarning kuchini to'g'ri taqsimlash.

Zaxira o'rindig'ining uzunligi (Rotaciya): Ikkala jamoada ham charchoq yoki jarohatlar paytida asosiy tarkibni munosib almashtira oladigan ijrochilarning mavjudligi. "Neftchi"da zaxira o'rindig'i biroz yaxshiroq.

Tibbiy shtabning ishi: Jarohatlarning oldini olish va futbolchilarni tez oyoqqa turg'azish.
"Neftchi" taqvim va ruhiyat jihatdan biroz ustunlikka ega bo'lib tursa-da, "Paxtakor"ning chempionlik tajribasini aslo unutib bo'lmaydi. Olovli avgust bizga haqiqiy futbol spektaklini vada qilmoqda!

O'xshash yangiliklar


Iskandarov AbdulazizMuallif
Manba: Championat.asia