“Bunyodkor” maydoni to'liq tayyor emas. Derbi “Paxtakor” stadionida o'tkaziladi - PFL

Sherzod Nurmatov
23 iyul 2026, 17:50
Superliga 12-turidan o'rin olgan “Bunyodkor” - “Nasaf” uchrashuvi respublikadagi hozircha eng katta stadion chimi o'zini tiklab olmaganidan kelib chiqib, “Olimpiya” stadionida o'tkazildi.

“Avval ham aytilganidek, yoz chillasi va undan chiqish davomida O'zbekistondagi ko'plab futbol maydonlarida muammolar kuzatiladi. Iqlimning keskin isib ketishi oqibatlarini bartaraf etish ustida agronomlar tinmay mehnat qiladi. Xuddi shuningdek, Bunyodkor stadioni maysasini mavsumning ikkinchi qismiga tayyorlash ishlari ham davom etmoqda. Biroq holat hozirgi vaqtga qadar to'liq o'nglanmadi.

5.jpg

Sir emaski, avvalroq Termiz va Buxoro shaharlaridagi stadionlar parvarishi bilan bog'liq loqaydliklar, buning oqibatida maysa holatidagi salbiy o'zgarishlar sabab Liga ayrim uchrashuvlarni boshqa shaharlarga ko'chirish yuzasidan majburiy qarorlar qabul qilgandi. Garchi Bunyodkor stadionida ish nisbatan to'g'ri yo'lga qo'yilgan bo'lsa-da, Liga ishchi guruhi maydonning ayni holatdagi chimini Superliga uchrashuvi uchun tayyor emas deb baholadi. Talab barcha uchun bir ekanligidan kelib chiqib, “Bunyodkor”ga kamida yana bitta tur uchrashuvini o'z maydonida o'tkazish uchun ruxsat berilmaydi.

6.jpg7.jpg

Shundan kelib chiqib, Superliga 14-turidan o'rin olgan “Bunyodkor” – “Paxtakor” uchrashuvi raqib jamoa maydoniga ko'chirildi. Bu nafaqat maydonda ijobiy o'zgarishlar qilish uchun fursat beradi, balki tayyor bo'lmagan chim ustida rasmiy uchrashuv o'tkazish orqali, maydonni yanada uzoqroq muddatga ishdan chiqarish ehtimolini kamaytiradi”, – deyiladi xabarda.

O'xshash yangiliklar


Sherzod NurmatovMuallif
Manba: pfl.uz