

56 yoshli shveytsariyalik mutaxassis bugun Xalqaro futbol federatsiyasi Kengashi a'zolariga va tashkilotga a'zo bo'lgan barcha 211 ta milliy assotsiatsiya prezidentlariga xat yubordi.
Infantino avvalroq kechiktirilgan, Jahon chempionati ulushlarini xususiy investorlarga sotishni nazarda tutgan FIFA Forward Enterprise (FFE) loyihasi masalasiga to'xtalib o'tdi va FIFA Kengashining 15 oktyabrga mo'ljallangan yig'ilishi oldidan ikkita alohida islohot rejasini taqdim etdi.
"Birinchidan, men Kengashdan FIFAda amalda bo'lgan yirik strategik tashabbuslarni boshqarish tizimini mustaqil tashqi baholashni boshlashga va uni takomillashtirish bo'yicha tavsiyalar ishlab chiqishga tayyormi-yo'qligini so'rayman.
Ikkinchidan, men Kengashga FIFAda qaror qabul qilish tizimini yanada mustahkamlash masalalari bo'yicha konfederatsiyalar, milliy assotsiatsiyalar va boshqa manfaatdor tomonlar bilan to'g'ridan-to'g'ri, tizimlashtirilgan va muddati cheklangan maslahatlashuvlar jarayonini tashkil etishni taklif qilaman.
Maslahatlashuvlar doirasida FIFA institutlarini ertaroq jalb qilish, prezident, Byuro, Kengash va Kongress o'rtasida vakolatlarni taqsimlash, shuningdek, yirik strategik tashabbuslarni amalga oshirishda shaffoflikni oshirish, manfaatdor tomonlarning ishtirokini taminlash va hisobdorlikni kuchaytirish bo'yicha aniq takliflarni yig'ish rejalashtirilmoqda.
FIFAning demokratik jarayonlari, mustaqilligi va sport nufuzi hech qachon savdo mavzusi bo'lmagan. Ular sotilmaydi va hech qachon sotilmaydi.
FIFA Forward Enterprise’ga kelsak, taklif FIFAning nazoratdan yoki sport qarorlarini qabul qilish vakolatlaridan voz kechishini nazarda tutmagan edi. Ushbu taklif FIFA reglamentida nazarda tutilgan tartib-omillar yakunlanmasdan, Kengash va a'zo milliy assotsiatsiyalarga to'liq hajmda taqdim etilishidan oldin jamoatchilikka oshkor bo'ldi. To'liq kontekstning yo'qligi xavotir uyg'otganini va qarorlar allaqachon qabul qilingandek taassurot qoldirganini tushunaman. Aslida bunday emas edi.
Bu qabul qilingan qaror emas, shunchaki taklif edi va har qanday holatda ham Kengash hamda a'zo milliy assotsiatsiyalar tomonidan maqullanishini talab qilar edi. Endi bu taklif qaytarib olindi va amalga oshirilmaydi.
Bu tajriba oddiy bir haqiqatni tasdiqladi: munosib maqsad ishonch uyg'otadigan jarayon bilan mustahkamlanishi kerak. Yirik g'oyalarni ishonchli va obro'li institutlar orqali ishlab chiqish, tekshirish va ilgari surish zarur. Men bu mas'uliyatga juda jiddiy qarayman.
FFE taklifidan voz kechish FIFA muvaffaqiyatlari tufayli olingan ko'proq mablag'larni futbolga qayta yo'naltirish borasidagi ambiciyalarimiz va mas'uliyatimizni kamaytirmaydi. Tashkilot FIFA resurslarini ko'paytirishning barqaror yo'llarini izlashda davom etadi.
Ambiciyali maqsadning o'zi emas, balki yirik tashabbuslar bo'yicha qarorlar ishlab chiqiladigan, tekshiriladigan va qabul qilinadigan jarayonning ishonchliligi o'zgarmoqda", - deyiladi xatda.
Hozirda Infantino 2027 yilning mart oyida bo'lib o'tadigan prezidentlik saylovlarida yagona nomzod bo'lib qolmoqda. Boshqa da'vogarlarning nomzodini ko'rsatish muddati 18 noyabrda tugaydi.



