Bobur Abdurahmonov: "Olti nafar futbolchini o'rinbosarlar jamoasiga berdik"

Aslanov Jasurbek
5 may 2026, 20:39
Proliga 7-turdan o'rin olgan "Sho'rtan" – "Paxtakor farm" uchrashuvi 2:0 hisobida yakun topdi.

O'yindan keyin "Paxtakor farm" bosh murabbiyi Bobur Abdurahmonov matbuot anjumanida ishtirok etdi.

- O'yin haqida fikringiz?

- Chiroyli futbol guvohi bo'ldik. Jamoam o'yinidan qoniqdim, baribir tajriba o'z so'zini aytdi.

- Har ikkala o'tkazib yuborilgan gol himoyachilarning sust harakati bilan bog'liqmi?

- Birinchi golni standartdan o'tkazdik. Raqib futbolchisi jarima zarbasini yaxshi ijro etdi. Ikkinchi taym boshida ikkinchi golni o'tkazdik. Menimcha, bu vaziyatda futbolchilarimiz koncentraciyani yo'qotib qo'ydi.

- 7ta o'yinda 14ta gol o'tkazildi. Bu ko'p emasmi?

- Albatta, ko'p. Xatolarni kamaytirish ustida ishlayapmiz. Olti nafar futbolchimizni "Paxtakor" o'rinbosarlar jamoasiga berdik. Hozircha shu tarkib bilan Proligada tur o'yinlarini o'tkazib turamiz. Sekin-asta yoshlar tajriba to'plab boradi.

- Olti nafar futbolchi ketgach, qaysi chiziqlarda kamchiliklar ko'rindi?

- Kamchilik demagan bo'lardim, chunki hamma harakat qilyapti, tajriba kamligi deya qolaylik. To'p bilan jarima maydonchasiga kirib boryapmiz, lekin yakunlashda omad kelmayapti. Bugun ham bir nechta imkoniyatdan foydalana olmadik.

- Jamoangizda yoshlar ko'p. Jamoangizning maqsadi "Paxtakor"ga o'yinchi etkazib berishmi yoki boshqa maqsad ham qo'yilganmi?

- Asosiy maqsadimiz yoshlarni tarbiyalab berish. Olti nafar futbolchini o'rinbosarlar tarkibiga berishni yaxshi ko'rsatkich deb o'ylayman. Buning uchun Proligada futbolchilarni pishitib olamiz. Shu orqali o'yinchilar tajriba to'plab boradi.

- Oxirgi 20 daqiqalikda jamoangizda charchoq ko'rindi. "Paxtakor farm" 90 daqiqaga o'ynashga tayyor deb hisoblaysizmi?

- Hozircha yo'q. "Metallurg" bilan ham 70 daqiqa zo'r o'ynab berdik. Gollarni ham oxirida o'tkazdik. Yana ikki-uch turdan so'ng jismonan to'liq tayyor bo'lamiz. Biz kuchli musobaqada qatnashyapmiz, futbolchilarimiz uchun bu katta futbol sari ilk qadam. Shunga biroz og'ir bo'lyapti.


Aslanov JasurbekMuallif
Manba: championat.asia