

- Mavsumdagi ilk g'alabadan xursandmiz. Yigitlar bugun yaxshi o'yin namoyish qilib berishdi. O'yinni yaxshi boshlagandik. Ilk 35 daqiqa bizning nazoratimiz ostida o'tdi. Bir qator qulay vaziyatlar bo'ldi, bundan foydalana olmadik. Ikkinchi bo'limda esa yigitlar biroz o'yinni tashlab qo'yishdi, keyin yana nazorat qildik. Bu futbol. Jamoam xarakter ko'rsatdi va biz g'alaba qozondik.
- Hamkasbingiz Rashid G'ofurov o'yindan keyingi matbuot anjumanida maydon sifati yomon bo'lganini va o'yini yo'q jamoa g'alaba qozonganini aytdi. Shu fikrga qo'shilasizmi?
- Ikkala jamoa ham shu maydonda futbol o'ynadi. Biz birinchi marta o'z maydonimizda futbol o'ynadik. Agarda mezbon jamoa barcha o'yinlarini bir stadionda qabul qilib, mashg'ulotlarini olib borsa, maydon ustunlik berishi mumkin. Lekin bizning ham chempionatda ushbu stadiondagi birinchi o'yinimiz. Biz ham o'z o'yinimizni yerdan paslar orqali qurmoqchi edik, lekin bizning o'yin uslubimizga ham maydon halaqit qildi. Lekin biz maydonga qarab o'zgarishga qaror qildik va o'yinimizni maydonga moslashtira oldik.
- Bugun jamoa mavsumdagi ilk g'alabasini qo'lga kiritdi. Siz ushbu g'alaba jamoani ruhiy chuqurlikdan olib chiqib ketadi, deb ayta olasizmi?
- Albatta. Bizda ko'plab muammolar bo'ldi va shuncha qiyinchiliklardan o'tib, g'alaba qozonishning o'zi qiyin. Eng muhimi biz ishlashda davom etyapmiz, yigitlar mehnat qilishyapti. Xohish istak bo'lsa, istalgan narsaga erishsa bo'ladi. Futbolga bo'lgan mehr, istak, xohishlarni ushlab qola olsak, keyingi o'yinlarda ham g'alaba qozona olamiz.
- Muxlislarning bugungi o'yinga ishtiyoqi boshqacha edi. G'alaba uchun asosiy sabab deb shuni ko'rsata olasizmi?
- Bu muxlislar shunchaki muxlislar emas. Qaysidir futbolchining akasi, opasi, ukasi... Istaysizmi yo'qmi, biz ularning oldida kuch olamiz. Bugungi g'alabada muxlislarimizning ham hissasi katta deb o'ylayman. Yigitlar charchab qolayotgan bo'lsa-da, yuguryapti, demak, g'alabada muxlislarning ham nechadir foiz hissasi bor.



