Azamat Sharipov: "Jamoam ko'rsatgan o'yindan qoniqdim"

Aslanov Jasurbek
11 may 2026, 22:28
O'zbekiston Kubogi 1-turdan o'rin olgan "BuxDU" - "Buxoro" uchrashuvi 1:2 hisobida yakun topdi.

O'yindan keyingi matbuot anjumanida "BuxDU" jamoasi bosh murabbiyi Azamat Sharipov matbuot anjumanida ishtirok etdi.

- O'yin haqida fikringiz?
- Avvalo "Buxoro" jamoasini g'alaba bilan tabriklayman. Bugungi bahs bayramona kayfiyatda o'tdi deb o'ylayman. Negaki viloyatimizning ikki jamoasi o'zaro bahs olib bordi. Muxlislar maza qilib ko'radigan o'yin bo'ldi. Futbolchilarimizga o'yin uchun rahmat aytaman. Biz "Buxoro"ga yaxshi qarshilik ko'rsata oldik. Tengma-teng kurash olib borganimiz uchun ham yigitlarga rahmat aytib qolaman.

- Bilamizki, "BuxDU" o'tgan mavsumni Birinchi Ligada o'tkazdi. Bu yil Proligada o'ynayapti. Jamoangiz bu orada qanchalik o'sishga erishdi?
- To'g'ri, o'tgan yil Birinchi ligada ishtirok etib ikkinchi o'rin bilan Proligaga chiqdik. Har ikki Liga o'rtasidagi farq bor, o'yin darajasi ancha yuqori deb o'ylayman. Birinchi ligada to'pni qabul qilib bemalol harakat qilsangiz bo'ladi, lekin Proligada bunga imkon berishmaydi. Ko'p kuch talab qiladi. Nasib qilsa, o'yinchilarimiz sekin-asta Proliga talabiga moslashib boryapti.

- Proligada tanaffus yuzaga kelib Kubok bahslariga start berildi.
- Proligada tanaffus berilgani bizga ham qo'l keldi. Bir oy ichida 7ta turni o'tkazdik. Rivojlanishimiz uchun Kubok bahslari ayni muddao deb o'ylayman. Klubimizda selekciya ishlari ketyapti. Ikki-uchta chiziqqa yangi futbolchilar kerak. Ikkinchi davra oldidan "Buxoro" U-21 jamoasidan o'yinchilarni qo'shib olamiz.

- Bugun jamoangiz oxirigacha kurashdi.
- Bugungi o'yin o'ziga xos derbi bo'lgani uchun ham futbolchilarimiz oxirigacha kurashishdi va shu orqali "Buxoro" klubiga o'zlarini ko'rsatishga harakat qilishdi. Buni tabiiy hol deb o'ylayman. Doim aytib kelyapman: maqsadimiz - futbolchilarni Superligaga tayyorlab berish. "Kattaqo'rg'on" bilan bahsda o'z o'yinimizni ko'rsata oldik. Qishki yig'inni juda kech boshladik, shu bois Proliganing dastlabki 6ta turida hech narsa qila olmadik. Lekin oxirgi ikki turdagi o'yinimiz menga yoqdi.

- Bugun futbolchilarga tinmay ko'rsatma berib turdingiz.
- Maqsadimiz futbolchilarni rivojlantirish. O'yinchi to'p bilan ekan men unga gapirmayman. Ko'pincha to'psiz futbolchilarga ko'rsatma beramiz, shunda ular bizni eshitadi.


Aslanov JasurbekMuallif
Manba: championat.asia