

Superliga. 14-tur
26.07.2026
“Bunyodkor” – “Paxtakor” 0:1
Bosh hakam: Asker Najafaliev
Yordamchi hakamlar: Baxtiyorxo'ja Shavkatov, Ruslan Serazitdinov
Zaxira hakami: Jahongir Noraliev
VAR: Firdavs Norsafarov
AVAR: Islom Azimov
Nazoratchi: Aleksandr Popov
Komissar: Yoqubjon Sohibov
Gol: 0:1 – 49, Dostonbek Hamdamov (Bashar Resan)
“Bunyodkor”: 1.Abdumavlon Abduljalilov, 3.Sardor Rahmonov (11.Sardor Abdunabiev, 85), 4.Najmiddin Normurodov (s), 8.Dmitriy Pletnev (14.Shahzod Nematjonov, 72), 10.Amir To'raqulov, 17.Muzaffar Olimjonov (20.Abdulfayz Bobomurodov, 72), 21.Nosirjon Abdusalomov, 27.Islom Anvarov (13.Muhammad Hakimov, 57), 45.Shamsiddin Tursunmahamadov, 66.Azizbek To'lqunbekov, 77.Bilolxon Toshmirzaev
Zaxira: 16.Federiko Botti, 28.Samandar Mavlonqulov, 44.Alijon Bekmurotov, 81.Abdusamir Ilhomov, 88.Mirkamol Annamatov
“Paxtakor”: 35.Sanjar Quvvatov, 4.Zaid Tahsin, 7.Hojiakbar Alijonov (8.Dilshod Saitov, 72), 10.Akmal Mozgovoy, 17.Dostonbek Hamdamov (77.Oybek Bozorov, 72), 21.Bashar Resan (11.Hojimat Erkinov, 72), 27.Sardor Sobirxo'jaev (23.Abdurauf Bo'riev, 82), 34.Sherzod Nasrullaev, 50.Flamarion, 55.Muhammadrasul Abdumajidov, 90.Stefan Chinedu (14.Rustam Turdimurodov, 90+1)
Zaxira: 12.Vladimir Nazarov, 5.Muhammadqodir Hamraliev, 9.Ibrohim Ibragimov, 20.Dilshod Abdullaev.
Ogohlantirishlar: Najmiddin Normurodov (87), Sherzod Nasrullaev (90)
90+4’ – O'yin yakunlandi! Hakamning final xushtagi chalindi!
Toshkent derbisi keskin va murosasiz kurashlarga boy tarzda kechdi! Uchrashuvda vaziyatlar, bekor qilingan gol, to'singa tekgan zarbalar va oxirgi daqiqalardagi sariq kartochkalar guvohi bo'ldik.
90+1’ – “Paxtakor”da taktik o'zgarish va “Bunyodor”ning xavfli hujumi!
Mehmonlar ustozi vaqtni o'tkazish va himoyani yangilash maqsadida navbatdagi almashtirishni amalga oshirmoqda: maydonda ko'p mehnat qilgan hujumchi Stefan Chinedu zaxiraga olindi. Uning o'rniga ustam Turdimurodov maydonga tushirildi.
Shu bilan bir vaqtda, “Bunyodkor” juda qulay nuqtadan jarima zarbasini amalga oshirdi. Ko'pchilik kutganidek, to'p oldiga Bilolxon Toshmirzaev keldi. Uning darvoza tomon yo'llagan zarbasi xavfli chiqdi, ammo to'p darvoza to'sini ustidan o'tib ketdi! Juda omadsiz vaziyat!
“Paxtakor” darvozaboni Sanjar Quvvatov to'pni o'yinga kiritishga shoshilmayapti. Qo'shib berilgan vaqtdan yana bir daqiqa ortda qoldi!
90’ – Asosiy vaqt tugadi! Bosh hakam ikkinchi bo'limga 4 daqiqa qo'shib berdi!
Demak, “Bunyodkor”da hisobni tenglashtirish va mag'lubiyatdan qutulib qalish uchun atigi 4 daqiqa vaqt bor! “Paxtakor” esa ushbu minimal ustunlikni (0:1) saqlab qolish va muhim 3 ochkoni qo'lga kiritish uchun bor kuchi bilan himoyalanmoqda.
Maydonda bosim maksimal darajaga chiqdi! So'nggi daqiqalarda nimalar bo'ladi? Kutamiz!
89’ – Yana bir taktik fol va yana bir sariq kartochka! Maydonda ehtiroslar jo'sh urmaqda!
Bu safar “Bunyodkor” tezkor qarshi hujumga o'tib ketgan edi. 21-raqamli Nosirjon Abdusalomov katta tezlikda raqib yarim maydoni tomon yorib kirayotgan bir vaqtda, “Paxtakor” himoyachisi Sherzod Nasrullaev xavfni sezib, uni atayin yiqitishga majbur bo'ldi.
Darvoza tomon ochilib ketayotgan xavfli hujumni to'xtatgani uchun Asker Najafaliev hech ikkilanmay Sherzod Nasrullaevga ham sariq kartochka ko'rsatdi.
Ikkala jamoa ham so'nggi daqiqalarda xatoga yo'l qo'ymaslik uchun taktik follarni ishga solmoqda! Bahsning asosiy vaqti tugab bormoqda!
87’ – Maydonda juda bahsli va muhim vaziyat! “Bunyodkor” himoyachisidan qo'pol xato!
Mezbonlarning 4-raqamli himoyachisi Najmiddin Normurodov to'pni qabul qilishda juda qo'pol xatoga yo'l qo'ydi. Bundan unumli foydalanib ketmoqchi bo'lgan “Paxtakor” hujumchisi Stefan Chinedu to'pni egallab, yakkama-yakka vaziyatga chiqib ketayotgan edi.
Normurodov ortida faqat darvozabon qolganini anglab, Chineduni atayin yiqitishga majbur bo'ldi! Juda xavfli fol!
Glavnyy referi Asker Najafaliev darhol chaqiruv xushtagini chalib, Najmiddin Normurodovga sariq kartochka ko'rsatdi. “Paxtakor” futbolchilari va zaxira o'rindig'i esa bu "oxirgi umid foli" ekanini aytib, qizil kartochka talab qilishmoqda! Biroq, hakam vaziyatni sinchiklab baholadi - nariroqda, u bilan deyarli bir chiziqda 66-raqamli Azizbek To'lqunbekov harakat qilayotgani uchungina Normurodov maydondan chetlatilshdan qutulib qoldi desak mubolag'a bo'lmaydi.
Jarima maydonchasining yonginasida “Paxtakor” foydasiga juda xavfli standart vaziyat!
85’ – “Bunyodkor” tarkibida navbatdagi o'zgarish!
Mezbonlar ustozi so'nggi daqiqalarda vaziyatni qutqarib qolish uchun hujum chizig'ini yanada kuchaytirmoqda.
3-raqamli himoyachi Sardor Rahmonov maydonni tark etmoqda. Uning o'rniga 11-raqamdagi hujumkor yarim himoyachi Sardor Abdunabiev o'yinga qo'shildi.
“Bunyodkor” himoyachi o'rniga yarim himoyachini maydonga tushirib, bor e'tiborni hujumga qaratmoqda! Vaqt esa tobora kam qolmoqda!
83’ – XAVFLI VAZIYAT! “Paxtakor” ikkinchi golga juda yaqin keldi!
Mehmonlar tomonidan burchakdan uzatilgan to'pga Zaid Tahsin havoda hammadan o'zib ketdi va bosh bilan juda kuchli zarba yo'lladi! Mezbonlar omadi chopib, to'p darvoza ustuniga tegib orqaga qaytdi!
Qaytgan to'pni esa “Bunyodkor” posboni Abdumavlon Abduljalilov katta qiyinchilik bilan egallab oldi va jamoasini ikkinchi goldan saqlab qoldi. Oxirgi daqiqalarda bahs juda qizimoqda!
82’ – “Paxtakor” tarkibida navbatdagi o'zgarish!
Mehmonlar ustozi o'yin suratini ushlab turish va maydon markazini mustahkamlash maqsadida zaxiradan yana bir futbolchini maydonga tushirmoqda.
Jamoa sardori, yarim himoyachi Sardor Sobirxo'jaev maydonni tark etmoqda. Uning o'rniga Abdurauf Bo'riev o'yinga qo'shildi.
Sobirxo'jaev sardorlik bog'ichini sheriklaridan biriga topshirib, maydonni tark etdi. Maydon markazida yangi kuch!
80’ – Yana o'sha Bobomurodov va yana noaniq zarba!
Bilolxon Toshmirzaev jarima zarbasidan to'pni ustalik bilan jarima maydonchasi ichiga uzatib berdi. To'p uchun kurashda yana o'sha yosh o'yinchi Abdulfayz Bobomurodov birinchi bo'lib to'pga yetib keldi va bosh bilan zarba yo'lladi.
Biroq yoshlik va tajribasizlik o'z so'zini aytmoqda shekilli – bu safar ham uning zarbasiga aniqlik yetishmadi, to'p darvoza ustuni yonidan o'tib ketdi. “Bunyodkor” bosimni tobora oshirmoqda!
77’ – “Bunyodkor”dan xavfli, ammo biroz tushunarsiz vaziyat!
Mezbonlar chap qanot orqali yana bir xavfli hujum tashkil etishdi. Jarima maydonchasi ichiga uzatilgan to'pni zaxiradan maydonga tushgan Abdulfayz Bobomurodov qabul qilib oldi. Ammo u bu o'rinda to'pni to'xtatmoqchi bo'ldimi yoki darvozani nishonga oldimi – anglash mushkul. To'p esa xavfli tarzda “Paxtakor” darvozasi ustuni yonginasidan o'tib ketdi!
"Bunyodkor" muvozanatni tiklash uchun barcha imkoniyatlarni ishga solmoqda!
72’ – Maydonda ketma-ket beshta o'zgarish! Murabbiylar tarkibni yangilamoqda!
Dastlab “Bunyodkor” ustozi maydonga yangi kuchlarni tashladi:
17-raqamli Muzaffar Olimjonov o'rniga 20-raqamdagi Abdulfayz Bobomurodov tushdi.
8-raqamli Dmitriy Pletnyov o'zini 14-raqamli Shahzod Nematjonovga bo'shatib berdi.
“Paxtakor” esa bir yo'la uchta almashtirishni amalga oshirdi:
7-raqamli Hojiakbar Alijonov o'rniga 8-raqamdagi Dilshod Saitov maydonga tushdi.
21-raqamli Bashar Resan o'rnini 11-raqamdagi Hojimat Erkinov egalladi.
17-raqamdagi gol muallifi Dostonbek Hamdamov o'rniga 77-raqamli Oybek Bozorov o'yinga qo'shildi.
Murabbiylar taktikani tubdan o'zgartirishmoqda! So'nggi daqiqalarda bahs yanada shiddatli tus olishi aniq.
68’ – Chap qanotdan “Paxtakor” a'zosi Sherzod Nasrullaev uzatma amalga oshirdi. “Bunyodkor” himoyachilari o'z vaqtida to'pni bartaraf etib, jamoani xavfdan xalos qilishdi.
Hozircha maydonda “Paxtakor” 0:1 hisobida oldinda bormoqda. Bahs shiddati davom etadi!
60’ – Ajoyib seyv! “Bunyodkor” muvozanatni tiklashga juda-juda yaqin keldi!
Mezbonlar raqib himoyasidagi bo'shliqdan unumli foydalanib, xavfli hujum uyushtirishdi. Nosirjon Abdusalomov darvozabon bilan birga-bir vaziyatga chiqib bordi va kuchli zarba yo'lladi!
Biroq “Paxtakor” posboni Sanjar Quvvatov mahorat ko'rsatib, oyoqlari bilan to'pni qaytarib yubordi va jamoasini muqarrar goldan saqlab qoldi.
57’ – “Bunyodkor” tarkibida ilk almashtirish!
Mezbonlar ustozi o'yinga yangi qon olib kirishga qaror qildi: 27-raqamli yarim himoyachi Islom Anvarov maydonni tark etmoqda. Uning o'rniga 13-raqamdagi Muhammad Hakimov bahsga qo'shildi.
Ko'raylik-chi, bu o'zgarish “qalqonchilar”ning hujumdagi o'yiniga qanchalik ta’sir o'tkaza olarkin.
51’ – GOOOOL! Yo'q, hakam bayroqchasini ko'tarmoqda, gol bekor qilindi!
Flamarionning ajoyib uzatmasidan so'ng Dostonbek Hamdamov to'pni to'xtatmasdan darvozaga joylab qo'ygan edi. "Paxtakor" futbolchilari va muxlislari dubldan so'ng quvonishayotgan bir paytda, qanot hakami ofsaydni qayd etdi!
Flamarion to'pni qabul qilib olish vaqtida tashqi tomonda – ofsayd poziciyasida bo'lgan ekan. Hisob o'zgarishsiz qolmoqda – 0:1!
49’ – GOOOOL! “Paxtakor” hisobni ochmoqda!
Mehmonlarning chaqqon va aniq hujumi gol bilan yakunlandi! Bashar Resan chap qanotdan jarima maydonchasi ichiga juda qulay va o'lchab uzatmani amalga oshirdi. Dostonbek Hamdamov esa himoyachilarni ortda qoldirib, bosh bilan darvozani aniq nishonga oldi!
“Bunyodkor” posboni zarba qarshisida ojiz qoldi. “Paxtakor” hisobda oldinga chiqib olmoqda – 0:1!
46’ – Hakamning hutagi chalindi va Toshkent derbisining ikkinchi bo'limiga start berildi!
Jamoalar maydonga qaytdi, maydonda yana o'sha shiddat va murosasiz kurash. Ko'raylik-chi, murabbiylar tanaffusda qanday taktik o'zgarishlar tayyorlashgan ekan. To'p o'yinga kiritildi!
45+1’ – Hakam Asker Najafaliev birinchi bo'lim tugaganini bildiruvchi hushtakni chaldi!
Jamoalar tanaffusga yo'l olishmoqda. Mezbonlar “Bunyodkor” va mehmon “Paxtakor” jamoalari o'rtasida kechayotgan shiddatli bahsda hozircha hisob ochilmadi – 0:0.
Biroz dam olamiz va ikkinchi bo'limda yana efirga qaytamiz!
45’ – Birinchi bo'limga qo'shib berilgan vaqtda “Paxtakor”dan yana bir haqiqiy xavfli vaziyat!
Stefan Chinedu raqib jarima maydoniga yorib kirib, chaqqon harakat bilan bir himoyachini ortda qoldirdi va darvoza tomon zarba yo'lladi. To'p to'sin va ustun kesishgan nuqtaning yonginasidan o'tib ketdi! Mezbonlar fojiadan arang qutulib qolishdi.
36’ – “Paxtakor” xavfli nuqtadan jarima zarbasi tepish huquqini qo'lga kiritdi.
Zaid Tahsin to'p yoniga yaqinlashib, to'g'ridan-to'g'ri darvozaga zarba yo'lladi. Biroq, uning ijrosidagi to'p “Bunyodkor” darvozasi to'sini yuqorisidan o'tib ketdi. Mezbonlar to'pni o'yinga kiritishadi.
31’ – “Paxtakor” yarim himoyachisi Akmal Mozgovoy juda qulay vaziyatga chiqib bordi va kuchli zarba yo'lladi!
Biroq, “Bunyodkor” himoyachilari o'z vaqtida to'pga blok qo'yishga erishishdi. To'p himoyachidan maydonni tark etdi – “Paxtakor” burchak zarbasi tepadi.
26’ – “Bunyodkor”dan tezkor qarshi hujum!
Mezbonlar tezlik bilan oldinga o'tib, xavfli vaziyat sodir etishdi. Dmitriy Pletnev jarima maydoni atrofidan kuchli zarba yo'lladi, biroq “Paxtakor” posboni Sanjar Quvvatov to'pni ishonch bilan egallab oldi.
19’ – “Bunyodkor”dan xavfli zarba!
Bilolxon Toshmirzaev olis masofadan kuchli zarba yo'lladi. “Paxtakor” posboni Sanjar Quvvatov mahorat ko'rsatib, to'pni maydon tashqarisiga chiqarib yubordi. Mezbonlar burchak zarbasidan o'yinni davom ettirishadi.
15’ – “Paxtakor” navbatdagi burchak zarbasini amalga oshirdi.
Uzatilgan to'pga Muhammadrasul Abdumajidov bosh bilan zarba yo'lladi, biroq uning ijrosi biroz kuchsiz chiqdi. “Bunyodkor” posboni Abdumavlon Abduljalilov to'pni qiyinchiliksiz egallab oldi.
11’ – “Paxtakor” burchak zarbasidan foydalana olmadi.
Dostonbek Hamdamov tomonidan burchakdan uzatilgan to'pga hech qaysi futbolchi tegina olmadi va u maydonni tark etdi. “Bunyodkor” darvozasidan to'pni o'yinga kiritadi.
9’ – “Paxtakor”dan yana bir xavfli hujum!
Mehmonlar sardori Sardor Sobirxo'jaev chaqqonlik bilan jarima maydonchasi ichiga yorib kirdi va markazga aniq uzatmani amalga oshirdi. Stefan Chineduning bosh bilan yo'llagan kuchli zarbasi yo'liga “Bunyodkor” himoyachisi Sardor Rahmonov g'ov bo'ldi va xavfni bartaraf etdi.
4’ – “Bunyodkor”dan standart vaziyat!
Mezbonlar raqib jarima maydoni atrofida jarima zarbasi tepish huquqini qo'lga kiritishdi. Bilolxon Toshmirzaevning jarima maydonchasi ichiga havolatib uzatgan to'pini “Paxtakor” himoyachilari ishonch bilan qaytarib yuborishdi.
1’ – Xavfli vaziyat!
Autdan to'p olib kirilayotgan mahalda “Bunyodkor”ning 4-raqamli vakili Najmiddin Normurodov himoyada qo'pol xatoga yo'l qo'ydi. Natijada “Paxtakor” hujumchisi Stefan Chinedu to'pni egallab olib, darvozabon bilan birga-bir vaziyatga chiqib bordi. Biroq uning bergan zarbasiga biroz aniqlik yetishmadi – to'p darvoza yonidan o'tib ketdi!
1’ – Uchrashuv boshlandi!
Bosh hakam Asker Najafalievning hushtagi chalindi va to'p o'yinga kiritildi. Markaziy derbiga start berildi!
Jamoalar maydonga tushib kelishdi! Mezbonlar – “Bunyodkor” futbolchilari bugun to'q binafsharang liboslarda harakat qilishsa, mehmonlar – “Paxtakor” a'zolari maydonda to'liq oq rangli sport formalarida to'p tepishadi. Barcha tayyorgarliklar yakunlandi, uchrashuv boshlanishiga bir necha soniyalar qolmoqda!



