Aybek Nurbaev: "Yutmasak bo'lmasdi, chunki ancha orqada qolib ketyapmiz"

1 may 2026, 20:38
Proliga 6-turdan o'rin olgan "Paxtakor farm" – "Jayxun" uchrashuvi 0:3 hisobida yakun topdi.

O'yindan keyin "Jayxun" bosh murabbiyi Aybek Nurbaev matbuot anjumanida ishtirok etdi.

- O'yin haqida fikringiz?
- Bu yil Proligadagi o'yinlar biz uchun qiyin kechyapti. Oxirgi besh turdan beri gol ura olmagandik, bugun 3:0 hisobida zafar quchishga muvaffaq bo'ldik. Shunday bo'lyaptiki, har doim ham o'zimizga bo'lgan ishonch ko'rinmayapti. Har o'yindan keyin futbolchilar bilan gaplashyapmiz. Uchrashuvlar orasi qisqa bo'lyapti, shunga qaramay yaxshi natija ko'rsatishga harakat qilyapmiz. Bugun yutmasak bo'lmasdi, chunki ancha orqada qolib ketyapmiz. "Paxtakor farm"ni yaxshilab o'rganib chiqqanimiz va o'z xato-kamchiliklarimiz ustida ish olib borganimiz foyda berdi. G'alaba uchun barcha futbolchilarga rahmat aytaman.

- O'tgan uchrashuv bilan solishtirganda tarkibda o'zgarishlarni ko'rdik. Bugungi g'alaba rotaciya sabab qo'lga kiritildimi yoki raqib tarkibida yoshlar to'p tepgani uchunmi?
- To'g'ri savol berdingiz. Aytib o'tganimdek, o'yinlar orasi qisqa. Nukusdan Toshkentga bir sutkada yetib keldik. Rotaciya qilmasak bo'lmayapti, bunday vaziyatda faqat bir tarkibga suyanib qolish to'g'ri emas deb o'ylayman. Bitta tarkib bilan ko'pga bormaymiz. Proligada 14ta jamoa kurash olib boryapti va hamma bilan o'ynab chiqamiz. Undan keyin Kubok musobaqasi bor. 5 may kuni yana o'yinimiz bor. Ertaga yo'lga chiqsak, indinga yetib boramiz, keyin bir kun mashg'ulot o'tkazib yana maydonga tushamiz. Shu bois rotaciyaga majburmiz. Mening maqsadim barcha futbolchilarga imkon berish va yaxshi o'yinchilarni kuchli klublarga etkazib berish.

- Shunday bo'ldiki, mavsum avvalidagi bazi o'yinlarda jamoani o'zingiz boshqara olmadingiz. Bu esa natijalarga ta’sir qildi.
- Bizni kuzatib kelayotganingiz uchun rahmat. Otam vafot etgani sababli bitta o'yinda ishtirok eta olmadim. Undan oldin ham bazi muammolar bo'ldi, lekin jamoani o'zim maydonga olib chiqishga va mashg'ulotlarni ham o'zim o'tkazishga harakat qildim. Oxirgi bir oy men uchun juda murakkab kechdi. Hozir ham ruhiy, ham jismoniy tomondan qiyin ahvolga tushganman. Hayotda otamni yo'qotdim, futbolda ketma-ket o'yinlarni boy berdik. Lekin sabr qilib bugun ham maydonga tushdik va chiroyli g'alabani qo'lga kiritdik.


Manba: championat.asia