

- O'yin haqida fikringiz?
- Yosh jamoaga nisbatan harakat qilgan bo'lsak-da, bosim yuqori bo'ldi. Chiroyli o'yin bo'lishini kutgandik. Birinchi bo'limda ikkita gol urib olganimiz yaxshi bo'ldi. Tanaffusda yigitlarga ikkinchi taymning dastlabki 15 daqiqasida gol o'tkazmasak, hammasi yaxshi yakun topishini aytdik. Baribir bo'shashdik, bu esa darvozamiz tomon golga olib keldi. Hisob 2:1dan keyin ham hujumga o'tdik, chunki bizga uchinchi gol kerak edi, lekin vaziyatdan foydalana olmadik. Shunga qaramay, qo'lga kiritilgan g'alaba bilan "Sho'rtan" muxlislarini tabriklayman.
- Raqib tarkibiga qarasak, 18-19 yoshli futbolchilardan iborat ekan. Yosh jamoaga qarshi kichik hisobli g'alaba qo'lga kiritildi. Bu borada nima deya olasiz?
- Ko'p vaziyatlarda hujumga o'tganimizda raqib o'yinchilari qo'pollik bilan to'xtatib qoldi. Qolaversa hujumga chiqishda o'zimiz ham sekin o'ynadik. Markaziy himoyachilarimiz bilan yarim himoyachilar bosimga ko'p chiday olishmadi. Raqib bosim o'tkazgan payt to'pni duch kelgan tomonga tepgan holatlarimiz bo'ldi. Ruhiy ustunlik raqib tomonida edi, bizda o'tgan turdagi mag'lubiyatdan keyin bosim yuqori bo'ldi. Yakkakurashlarda ustunlik qilishimiz kerak edi, ammo buni ham eplay olmadik. Yosh futbolchilarda ko'proq shijoat ko'rindi.
- To'p duch kelgan tomonga tepib yuborildi deyapsiz. Bu to'pni oldirib qo'yish hadiki bilan bog'liqmi?
- Ko'p bor aytganmiz, birinchi raqamli jamoa bo'lib o'ynash ham oson, ham qiyin. To'g'ri, birinchi raqamli bo'lib o'ynadik, lekin o'z navbatida raqib qarshiligiga duch keldik. Muhimi, bosimni engib o'tish kerak. Katta bosim ostida o'yinlarni o'tkazsak shunday bo'ladi. Hali aksar futbolchilarimiz katta o'yinlarni ko'rmagan, bu ham biz uchun dars bo'lyapti.
- Jamoaga yangi futbolchilarni jalb etish maqsad qilinganmi?
- Bizga kurashuvchan, yuqori tempga dosh beradigan va yaxshi hujum qila oladigan hujumchi kerak. Raqiblar bosimidan qo'rqmaydigan hujumchi axtaryapmiz. Bugun ko'rdik, 18-19 yoshli futbolchilar ham bizga qarshi bemalol bosim uyushtira olishdi. O'z navbatida bizga ham bosimga chidab beradigan o'yinchilar zarur. Bu chiziqqa legioner qidirmayapmiz, mahalliy hujumchi kerak. Proliga tempiga dosh beradigan o'yinchi qidiryapmiz. Hozircha oldimizda aniq variant yo'q, lekin transfer oynasi yopilguncha topishga harakat qilamiz.
- Ikkinchi bo'limda shogirdlaringiz biroz xotirjamlikka berildi.
- Albatta, biz xotirjam o'ynanglar deb aytmaymiz, chunki hushyorlikni umuman yo'qotish kerak emas. Zamonaviy futbol talabi shu. Himoyachilarimiz ko'p hollarda bo'shashishdi, natijada bo'sh hududlar yuzaga keldi. Shundan keyin o'zimizni o'zimiz qiyin ahvolga solib qo'ydik.



