

- O'yin haqida fikringiz?
- Qiyin o'yindan keyin kerakli so'zni topish qiyin. Shuni aytishim mumkin, futbolchilarga bugungi uchrashuv nihoyatda muhim ekanini ko'p bor aytdik. Tanaffusdan keyingi restart biz uchun yaxshi kechmadi. Ketma-ket uchta mag'lubiyatga uchradik, bugun to'rtinchisi ro'y berdi. Ko'p imkoniyatlar, lekin gol yo'q... Birinchi taymdagi 0:0dan keyin tanaffus payti kerakli ko'rsatmalarni berdik. Lekin maydonga chiqqach, xatolar o'sha-o'sha. Buni esa tushunmayapman. Ikkinchi bo'limda kamida ikkita to'p kiritishimiz uchun keraklicha vaziyat yaratdik, zaxiradan o'yinchilar tushdi, lekin hech nima o'zgarmadi. "Mashal" va "Dinamo" bilan yaxshi o'ynab yuta olmagandik, bugun ham shu holat takrorlandi. Men har bir futbolchining miyasiga kira olmayman. Yigitlardan shunchaki natija uchun o'ynashimiz kerakligini so'radim. Bizga natija juda zarur edi. Afsus, oxirgi to'rtta o'yinda mag'lub bo'ldik va klub rahbariyati bilan bu haqda gaplashib iste'fo so'radim. Bunaqa davom etishi kerak emas. Nimanidir o'zgartirish kerak.
- Jamoa qachonki gol o'tkazganidan so'ng yaxshi o'yin namoyish etdi. Nega golgacha shunday o'ynay olmadi?
- Birinchidan, raqibga nisbatan bir kun kam dam oldik. Ikkinchidan, bugun tezkor o'yin namoyish etishimizga maydon xalaqit berdi. Birinchi taymda ikki bor yaxshi chiqdik. Negadir omad bizdan yuz o'giryapti, nima uchun shunday bo'layotganini tushunmayapman. To'g'ri aytdingiz, gol o'tkazgandan so'ng turbo rejimini yoqyapmiz. Birgina Sohibjonov o'z zarbasi bilan masalani hal qilishi mumkin edi.
- Nimeli yaxshi o'ynab turgandi, ammo uni almashtirib Tabatadzeni tushirdingiz. Toma esa o'yinni kuchaytira olmadi.
- Nimeli haqida oldin ham aytganman: u tizzasidagi og'riq sabab mashg'ulotlardan chetda qoldi. U 14 kun biz bilan bo'lmadi, faqat oxirgi to'rt kun mashg'ulot olib bordi. 14 kun shug'ullanmagan futbolchidan nimadir kutish qiyin. Javohir Sidiqov qatorasiga uchta o'yinni to'liq o'tkazdi, lekin bugun bu maydonda o'zini ko'rsata olmadi. Biz qo'ldan kelgancha jamoani tiklayapmiz. Shohruh Gadoev, Muhammadanas Hasanov zaxiradan tushib o'yinni kuchaytirishga harakat qilishdi. Qanotlardan tezkorlikni oshiramiz dedik. Bir nechta burchak to'plari tepdik. Mehmonlar darvozaboni bo'ydor emasdi, bundan foydalanishimiz kerak edi. Bizdan shunchaki omad yuz o'giryapti. Har bir o'yinga jiddiy hozirlik ko'ryapmiz, mashg'ulotlar ham yaxshi ketyapti.
- Restartdan keyin qatorasiga to'rtta mag'lubiyat. Oraliq tanaffusdagi tayyorgarlikni qanday baholaysiz?
- Biz to'liq tarkib bilan hech yig'ila olmadik. Javohir bilan Nimeli davolandi. Kimdir kechikib keldi, kimdir yana boshqa sabab bilan vaqtida kela olmadi. Biz faqat "Mashal" bilan o'yindan oldin to'liq yig'ildik. Men doim futbolchilarga bir kunni o'tkazib yuborsang, uch kun shug'ullanishga to'g'ri keladi deyman. Futbolda mayda narsalar bo'lmaydi. Bu bilan o'zimni aybsiz demoqchi emasman, lekin biz bitta qayiqda ekanmiz eshkakni hamma birgalikda tortishi kerak. Ko'rpani hamma o'z tomoniga tortsa ish o'xshamaydi. Bugun hech him zaxira so'ramadi, hech kim jarohat olmadi, futbol o'ynashimiz kerak edi. Hisob hatto 0:0 payti ham hujumchini tushirdik. Toshkentda yig'in o'tkazib, o'rtoqlik uchrashuvlari o'tkazdik. Hammasi yaxshi bo'lishiga umid qilgandik.



