

Xorazmda qo'lga kiritilgan g'alabadan so'ng jamoa tanaffusga ko'tarinki kayfiyatda yo'l oldi. Biz bu borada "Andijon" himoyachisi Odil Abdumajidovning fikrlari bilan qiziqdik.
"Andijon" futbolchisi bilan eksklyuziv suhbat: "Erkin fikrlash o'yinimiz o'zgarishiga sabab bo'ldi"
- "Xorazm" jamoasi bilan bo'lib o'tgan o'yin haqida fikrlaringiz qanday?
- O'yin ancha mazmunli o'tdi. Har bir bahs kabi bu uchrashuvning ham o'z qiyinchiliklari bo'ldi, ammo oldimizga qo'yilgan vazifani bajarish uchun bor kuchimizni ishga soldik. Oldin sun'iy maydonda o'ynamagan edik, bu qiyinchilik tug'dirgani rost.
- "Andijon"da natijalar ijobiy tomonga o'zgarganini ko'ryapmiz. Bu muvaffaqiyatlar nimaning hisobiga qo'lga kiritilmoqda?
- Avvalambor, jamoamizning sobiq ustozi Samvel Babayanga o'z minnatdorchiligimni bildiraman. U kishi qo'ldan kelgancha harakat qildi, biroq futbolda hamma vaqt ham rejalar amalga oshavermas ekan. Islom aka jamoa boshqaruviga kelgach, futbolchilarga ko'proq erkinlik berdi. Maydonda va mashg'ulotlarda erkinroq fikrlashimiz uchun imkoniyat yaratildi. Nazarimda, o'yinimizdagi ijobiy o'zgarishlarning asosiy sababi mana shunda. Chunki tarkibimizda yuqori saviyali, mahoratli ijrochilar juda ko'p.
- Mavsum boshiga qaraganda jamoa ancha ishonchli harakat qilmoqda. Buni murabbiylar shtabining faktori deb hisoblash mumkinmi?
- Albatta. Murabbiylar tomonidan berilgan ruhiy va taktik erkinlik futbolchilarning o'z imkoniyatlarini to'laqonli namoyish etishiga zamin yaratdi. Yuqorida takidlaganimdek, fikrlash erkinligi va o'yinga bo'lgan yondashuvning o'zgargani natijalarda o'z aksini topmoqda.
- Hozirda jamoada ichki muhit qanday?
- Jamoadagi muhit a'lo darajada. Futbolchilar o'rtasidagi o'zaro tushunish, ahillik va g'alabaga bo'lgan ishtiyoq juda yuqori. Bu esa maydondagi natijalarimizga ham bevosita ta’sir qilyapti.
- Siz "Andijon" tarkibidagi oxirgi 4 ta o'yinda to'liq 90 daqiqa harakat qildingiz va bu uchrashuvlarda jamoa mag'lubiyatga uchramadi. Shaxsan sizda motivaciya va o'z kuchingizga bo'lgan ishonch qay darajada?
- Shubhasiz, ishonchim yanada ortdi. Har qanday futbolchi agar 2-3 ta o'yinni zaxira o'rindig'ida o'tkazib yuborsa, unda ruhiy pasayish va ishonch yo'qolishi kuzatiladi. Zaxiradan o'yinni kuzatish bilan maydonda harakat qilishning farqi katta. Allohga shukur, menga imkoniyat berildi. Hozirda bor e'tiborim jamoaga maksimal darajada foyda keltirish va muxlislarimizni g'alabalar bilan xushnud etishga qaratilgan.



