

- O'yin haqida fikringiz?
- G'alaba bilan jamoamiz va muxlislarni tabriklayman. Anchadan beri yuta olmayotgandik, sentyabr oyi-ku umuman omadsiz o'tdi. Shu bois bugungi g'alaba juda yoqimli bo'ldi. To'g'risi, qanday qilib zafar quchganimizni haligacha tushunmayapman. Chunki hisob 0:2 edi va hammasi biz uchun salbiy tugashi mumkin edi. Yigitlarga rahmat, xarakter ko'rsata olishdi. Biz to'xtab qolmadik va oxirigacha kurashdik. O'yin oxirgi hushtakkacha kechdi. Birinchi taymni juda yomon o'tkazdik. Keraksiz golni o'tkazib yubordik. Ikkinchi golda ham xatoga yo'l qo'ydik. G'alaba o'z yo'liga, ammo biz hali ko'p ishlashimiz kerak. Xatolarni to'g'rilash lozim.
- Bugungi almashtirishlar o'yin borishiga ta’sir qildimi?
- 0:2dan chiqib ketganimizni hisobga olib aytadigan bo'lsak, o'yinga ta’sir qildi. Birinchi taymda hujumda ishlarimiz yurishmadi. Asosan orqada harakat qildik. Lekin ikkinchi bo'limda o'zimizga kelib oldik. Bugun zaxiradan tushgan o'yinchilarimiz gol urishdi, assist berishdi, demak o'z ishlarini yaxshi bajarishdi. Hozirgi futbolda zaxiradan tushganlar ishni hal qilib ketyapti.
- Filipovich, Ro'ziev va Xayrullaevni keyingi tur asosiy tarkibda ko'ramizmi?
- Vaziyatga qaraymiz, odatda har o'yinda ikki nafar futbolchimizni yo'qotyapmiz. Umumiy hisobda 10 nafar futbolchimiz jarohat oldi. Tarkibdagi bor o'yinchilardan foydalanamiz.
- O'tkazib yuborilgan ikkinchi goldan so'ng ham muxlislar stadionni tark etmadi. Ularga aytar so'zingiz bormi?
- Albatta, bor. Muxlislarga katta rahmat. Chunki biz ular uchun o'ynaymiz. Buxorolik muxlislar jamoani juda chiroyli tarzda qo'llab kelishyapti. Biz ularning ko'magiga doim muhtojmiz va o'z navbatida g'alabalar bilan xursand qilishga harakat qilamiz.



