Ilgiz Tantashev: "Jahon chempionatida ishtirok etish - eng katta orzularimdan birining ushalishidir"

Iskandarov Abdulaziz
23 iyun 2026, 13:40
Bu yilgi Jahon chempionati nafaqat futbol terma jamoamiz balki hakamlar jamoamiz faoliyatida ham yangi sahifa ochmoqda.

Ilgiz Tantashev faoliyatida birinchi marotaba mundialda ishlash baxtiga muyassar bo'ldi. O'zbekistonlik FIFA referisi ikkinchi turda Marokash - Shotlandiya bellashuvida faoliyat olib bordi. Ilgiz Tantashev O'FA matbuot xizmatiga bergan intervyusida ilk qadamlari va Jahon chempionatigacha bosib o'tilgan yo'l haqida so'zlab berdi.

Futboldan hakamlikkacha bo'lgan yo'l
"1984 yili Buxoroda tug'ilganman. Etti yoshimdan beri futbol ichidaman, ammo o'zimni yuqori darajadagi futbolchi deb hisoblamaganim uchun asosiy jamoagacha yetib bora olmadim. Istiqbolli faoliyatimni 15–16 yoshgacha davom ettirib, so'ng oliygohga hujjat topshirdim va u yerda ham talabalar jamoasida to'p tepdim.
O'sha kezlarda mashhur hakam Noil Lutfullin men tahsil olgan maktabda faoliyat yuritardi. Kunlarning birida Noil Reshatovich menda hakamlik qobiliyati borligini payqab, o'zimni shu sohada sinab ko'rishni taklif qildi. Men rozi bo'ldim. Dastlab har yakshanba kuni bolalar o'rtasidagi bahslarni boshqardim. Sekin-asta tajribam ortib, Ikkinchi liga va Respublika chempionatlariga yordamchi hakam sifatida jalb etila boshladim. 2010 yilga kelib, faoliyatimda jiddiy tanlov qarshisida qoldim: yo bosh hakam, yoki yordamchi hakam bo'lishim kerak edi. Yakunda asosiy hakamlik yo'lini tanladim va 2013 yilda FIFA hakami maqomiga erishdim.

photo_2026-06-23_13-27-22.jpg


Til to'sig'i va eng qiyin imtihon
Istalgan futbolchi yoki hakam maydonga mukammal tayyorgarlik bilan tushishi shart. Faoliyatimdagi eng murakkab uchrashuv o'tgan yili Klublar o'rtasidagi Jahon chempionati doirasidagi "Boka Xuniors" - "Inter" bahsi bo'ldi. Argentina jamoasi futbolchilari faqat ispan tilida gaplashishardi, men esa bu tilni bilmasdim. Til to'sig'i o'yinni boshqarishni ancha qiyinlashtirgan.


O'zbekiston hakamlik maktabi haqida
O'zbek hakamlarini dunyoda eng kuchlisi deb ayta olmasam-da, ular bemalol raqobatga kirisha olishiga ishonaman. Ko'plab Osiyolik hamkasblarimni kuzatganman va ayta olamanki, Timur To'xtasinov, Shavkat Nasibullaev kabi hakamlarimiz yuqori saviyali hamda sifatli kadrlardir.


Jahon chempionati - ushalgan orzu
Bu yilgi Jahon chempionatida ishtirok etish - eng katta orzularimdan birining ushalishidir. Albatta, bunday nufuzli turnirga loyiq ko'rilishning o'z talablari bor. Hakam o'z mamlakatida yuqori darajali musobaqalarni barqaror boshqarishi, tinimsiz jismoniy mashg'ulotlar bilan shug'ullanishi va eng muhimi - maydonda futbolchilarni tushunishi lozim. Inson borki, xato qiladi, biroq bizning vazifamiz ushbu xatolarni maksimal darajada kamaytirishdir.
Ruhiy bosim bilan o'yindan oldin kurashish lozim. Maydonga tushdingizmi, faqat o'z bilimingiz va ko'rganingizga ishonishingiz shart. VAR (VAR) tizimi futbolga faqat ijobiy yangilik olib kirdi, deb hisoblayman. Ilgari hakamda yo'l qo'ygan xatosini to'g'rilash imkoni yo'q edi. O'yindan keyin nohaq penalti qo'yganini bilgan hakam nimalarni his qilishini tasavvur qiling - bunday his-tuyg'u bilan yashash juda og'ir. VAR esa bizga ikkinchi imkoniyatni taqdim etadi, o'yinga adolat va shaffoflik olib kiradi".

O'xshash yangiliklar


Iskandarov AbdulazizMuallif
Manba: ЎФА матбуот хизмати